Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonlik minomyotchilar xalqaro tanlovda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik minomyotchilar xalqaro tanlovda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

13-avgust kuni Qozog‘istonning «Otar» bazasi poligonida minomyotchilar hisobi o‘rtasida o‘tkazilgan «Artilleriya olovi ustalari» xalqaro tanlovining yakuniy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi. 

Eng yaxshi natijani Qozog‘iston jamoasi ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Rossiyaga nasib etdi.

Tanlov bosqichlari: «Individual poyga», «Tungi sprint» va «Estafeta». Texnikalar: 120 millimetrli 2B11 minomyot, ko‘p maqsadli yengil tyagach va zirhlangan MT-LB mashinasi.

Tanlovda Armanston, Belarus, Venesuela, Ozarbayjon, Zimbabve, Eron, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Suriya, Tojikiston va O‘zbekiston jamoalari birinchilik uchun o‘zaro kurashdi.

O‘zbekistonlik minomyotchilar 1- va 2-bosqichlardagi natijalariga ko‘ra, Ozarbayjon va Belarus jamoalari bilan bir qatorda umumjamoa hisobida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

So‘nggi «Estafeta» bosqichida esa Qozog‘iston va Rossiya jamoalari birinchi va ikkinchi o‘rinda bo‘lib oldi. O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar esa kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Shuningdek, kecha, 13-avgust kuni Moskva viloyatidagi «Alabino» poligonida O‘zbekiston jamoasi «Tank biatloni» musobaqasining ikkinchi divizionidagi yarim final bahslarida ajoyib natija ko‘rsatib, finalga yo‘l oldi. O‘zbekistonlik tankchilar 24 ta imkoniyatdan 10 ta nishonni yakson qildi.

Joriy yilda ilk bor ishtirok etgan o‘zbekistonlik tankchilar ikkinchi divizionning 15-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan final bahslarida birinchilik uchun kurashadi. Birinchi divizion g‘oliblari esa 17-avgust «ArMI—2019» xalqaro armiya o‘yinlarining yopilish kunida aniqlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring