Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonliklar ilm-fan taqdiriga befarq emas

O‘zbekistonliklar ilm-fan taqdiriga befarq emas

Foto: «Uza.uz»

O‘zbekiston Respublikasining «Fan to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi regulation.gov.uz saytida muhokamaga qo‘yilgach, fuqarolar tomonidan juda katta qiziqish bildirildi va u 2210 ta izoh qoldirilgan normativ hujjat sifatida yetakchi o‘rinni egalladi.

Jahon ilm-fani va innovatsiya yutuqlaridan keng foydalanish, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini jadal va barqaror rivojlantirish mamlakatimiz uchun munosib kelajakni yaratishning muhim omilidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan «ilmiy va innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari va qo‘llab-quvvatlash shakllarini, shuningdek, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish»ni belgilovchi O‘zbekiston Respublikasining «Fan to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Bugungi kunda fan sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga solish, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, istiqbolli ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish bo‘yicha huquqiy hujjat mavjud emas. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari (AQSh, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Singapur, Yaponiya) va MDH davlatlarida esa bunday qonunlar ilm-fan, iqtisodiyot va jamiyat rivojining huquqiy asosiga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasining «Fan to‘g‘risida»gi qonuni loyihasining asosiy maqsadi:

  • fan va ilmiy, ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, ilmiy-tadqiqot ishlarini, jumladan, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ilmiy jihatdan rivojlantirish, ularning istiqbolini ta’minlaydigan me’yoriy-huquqiy bazani shakllantirish uchun investitsiyalarni keng jalb etish va qo‘llab-quvvatlash;
  • ilmiy faoliyatni tartibga solishda davlat boshqaruvi tamoyillari hamda ushbu faoliyatni qo‘llab-quvvatlash shakllari, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar natijalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Qonun loyihasining asosiy vazifalari:

  • ilm-fan taraqqiyotini ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar sifati va samaradorligini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish;
  • mamlakat ilmiy salohiyatidan keng va oqilona foydalanish;
  • ilm-fan va texnologiyalarning milliy iqtisodiyot rivojidagi salmog‘ini oshirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash;
  • ilmiy faoliyatni moliyalashtirish manbalarini kengaytirishni rag‘batlantirish maqsadida budjet va budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etishdan iborat.

Qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida:

  • ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasini tartibga solish va boshqarishning yagona, izchil mexanizmi yaratiladi;
  • ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasidagi qonun hujjatlari normalarining boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan hamohangligi ta’minlanadi va optimallashtiriladi;
  • ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasidagi munosabatlarda mavjud kamchiliklar, qarama-qarshiliklar va bo‘shliqlar bartaraf etiladi;
  • moliyalashtirish tizimining yangi shakl va uslublari (to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalash, kreditlash, jamg‘armalar orqali va qonunga zid bo‘lmagan boshqa shakl va uslublar) orqali ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat yanada takomillashtiriladi;
  • ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarining huquqiy muhofazasi ta’minlanadi;
  • ilmiy faoliyat sub’yektlari sifatida ish yurituvchilar o‘rtasidagi hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasida davlatlararo munosabatlar tartibga solinadi;
  • tadqiqotchilar, ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar, hukumat a’zolarining o‘zaro hamkorligi, ilm-fan boshqaruvining faol, shaffof, texnologik tizimi yaratiladi.

Qonun loyihasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va uning huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlari, vazirlik va idoralar, Yuqori texnologiyalar markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va oliy ta’lim muassasalarida 100 dan ortiq muhokamalar tashkil qilindi, manfaatdor vazirlik va idoralarning taklif va e’tirozlari inobatga olinib, tegishli tuzatishlar kiritgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring