Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘ztibloyiha» MChJga turkiyalik mutaxassis direktor etib tayinlandi

«O‘ztibloyiha» MChJga turkiyalik mutaxassis direktor etib tayinlandi

SSVning sog‘liqni saqlash muassasalarini loyihalash bo‘yicha bosh tashkiloti bo‘lgan «O‘ztibloyiha» MChJga turkiyalik tajribali mutaxassis Guray Kaymak direktor etib tayinlandi.

48 yoshli tajribali me’mor sanoat arxitekturasi mutaxassisligi bo‘yicha Turkiyada bakalavr, Makedoniyada magistratura darajasini olgan.

G. Kaymak 1993 yilda ish faoliyatini «MNG HOLDING» kompaniyasida boshlagan. Ma’lumot uchun, mazkur nufuzli shirkat mashhur Istanbul xalqaro aeroportini qurishda qatnashgan.

Mutaxassis keyinchalik Ruminiyada qator bank binolari, Turkiyada «Bayindir tib merkezi» tomonidan quriladigan tibbiyot muassasalarini loyihalashtirishda ishtirok etgan.

U poytaxtimizdagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasi binocini loyihalashtirishda ham faollik ko‘rsatgan.

Uning so‘nggi yillardagi loyihalaridan biri 2020 yilda foydalanishga topshirilgan Namangandagi zamonaviy kutubxona binosi bo‘ldi.

«O‘ztibloyiha» boshqaruviga kelgan yangi rahbar zimmasiga tibbiyot yo‘nalishiga oid qurilish ob’yektlarini eng ilg‘or andazalardan foydalanib loyihalashtirish yuklatildi.

Shuningdek, u ilmiy-texnik konstruktorlik loyihalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hamda bu borada texnik yordam ko‘rsatish, innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnik yangiliklar va nou-xaularni ishlab chiqish kabi vazifalarni bajarishga ham boshchilik qiladi.

Bundan tashqari, endilikda hududlarda mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlanayotgan har bir tibbiyot muassasasi loyihasi G. Kaymak boshchiligidagi «O‘ztibloyiha» tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring