Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paxta terimiga borishga majburlayotgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilmoqda

Paxta terimiga borishga majburlayotgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilmoqda

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, so‘nggi bir hafta ichida majburiy mehnatga jalb qilish holati bo‘yicha vazirlik ishonch tarmoqlariga fuqarolardan 110 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

Bugungi kunda mazkur murojaatlar Davlat mehnat huquq inspektorlari tomonidan o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. 

Xususan, Namangan shahar Obodonlashtirish boshqarmasi Davlatobod bo‘limi boshlig‘i Habibullo Zokirovning bo‘lim xodimlaridan paxta yig‘im-terimiga borish yuzasidan rozilik xatlarini majburiy tarzda yozdirib olgani aniqlangan va shunga muvofiq, H.Zokirov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga ko‘ra eng kam oylik ish haqining 1 barobari, ya’ni 184 300 so‘m miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Xuddi shunga o‘xshash holat Toshkent viloyatida ham kuzatildi. Qibray tumani DSENM rahbari Abdusamat Qurbanov majburiy tarzda Qibray tumanida joylashgan 53 ta xususiy korxonadan paxta yig‘im-terimiga terimchi topib berishni talab etgan. Shu haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining @mehnathuquqbot telegram tarmog‘iga anonim yo‘llangan murojaatga asosan tekshirish ishlari o‘tkazilgan va A.Qurbonovga nisbatan eng kam oylik ish haqining 1 barobari miqdorida jarima puli tayinlangan. 

Navoiy viloyati Navbahor tumani “Jambul” nasos stansiyasi bo‘lim boshlig‘i Marat Azimov bo‘lim xodimlaridan birini majburiy mehnatga jalb qilgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning  51-moddasiga muvofiq ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Paxtakor tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ergashev A. ham yakka tartibdagi tadbirkorlarni paxta terishga majburlaganligi aniqlangan. Shuningdek, o‘rganish jarayonida murojaatchining bergan tushuntirish xatida paxta terimiga soliq organi mansabdor shaxslari tomonidan majburlanganligi ko‘rsatilgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p murojaatlar Toshkent (22 ta murojaat), Farg‘ona (19), Qoraqalpog‘iston (16), Andijon (16), Samarqand (16) viloyatlaridan yuborilgan.

Ta’kidlanishicha, murojaatlarning 20 dan ortig‘ida majburiy mehnatga jalb qilish holati aniqlanmagan. Qolgan murojaatlar bo‘yicha joylarda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududida har qanday shakldagi majburiy mehnat taqiqlangan. Agar majburiy mehnatga jalb qilish holatiga duch kelsangiz, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining @mehnathuquqbot telegram tarmog‘i yoki +99871 200-06-01 ishonch telefon raqamlariga murojaat qiling.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring