Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Plastik kartalar egalari ogohlikka chaqirildi

Plastik kartalar egalari ogohlikka chaqirildi

Mobil telefonga kelgan bir martalik SMS-kod, mobil ilovalar, veb-ilovalarga kirish huquqini beruvchi login va parollar bank xodimlari tomonidan so‘ralmasligi, shu bois hech kimga bunday ma’lumotlarni bermaslik zarurligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlar, televideniye, rasmiy manbalar orqali doimiy ogohlantirishlar berib borilmoqda. Shunga qaramay, fuqarolar orasida firibgarlarning psixologik ta’siriga tushib, aldanib qolish holatlari uchramoqda.

Qo‘l telefoningizga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Markaziy bank, tijorat banki, to‘lov tashkiloti yoki to‘lov tizimi operatorining nomidan xavfsizlik, plastik karta, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash yoki boshqa bo‘lim xodimi deb tanishtirib, mobil ilovangiz buzilgani, bank kartangiz blok holatiga tushgani, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va shu kabi turli uydirmalarni keltirgan holda darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilishi haqida aytib, firibgarlar tomonidan ijtimoiy injeneringni qo‘llagan holda turli psixologik bosim o‘tkazishga urinish holatlari shular jumlasidandir.

Markaziy bank turli firibgarlik yo‘li bilan bank kartalaridagi pul mablag‘lari yechilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fuqarolarimizni ogohlantiradi.

Hech qachon telefoningizga kelgan bank kartalari bilan bog‘liq bir martalik yuborilgan SMS-kodni, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirish huquqini beruvchi login va parollarni hech qanday shaxslarga aytmang. Ular sizdan olgan ma’lumotlar (SMS kod, login va porol va h.k) orqali bank kartangizdagi pul mablag‘larini ko‘chirib olish yoki sizning ruxsatingizsiz boshqarish imkonini qo‘lga kiritadi.

Firibgarlarning bu kabi hiylalariga aldanib qolmang.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring