Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Podshohlar piyoda boradigan joy»ga nega bizda e’tibor yo‘q?

«Podshohlar piyoda boradigan joy»ga nega bizda e’tibor yo‘q?

Foto: «Xabar.uz»

Aholining sog‘lom turmush tarzi uchun sharoit yaratishga qaratilgan Prezident qarori loyihasi tayyorlanib, muhokamaga qo‘yilgani tahsinga loyiq. Biroq loyihaga arzimasdek tuyuladigan, ammo aslida juda jiddiy masala ham kiritilishi kerak...

«Tajriba»

Dunyoni sarosimaga solib qo‘ygan noming o‘chgur vaboga qarshi kurashishga tanamizni tayyorlash, chiniqtirish maqsadida biz ham bir necha oydan beri harakatdamiz. Jumladan, keyingi paytda Toshkent shahridagi Anhor arig‘i bo‘ylab piyodalar yurishi uchun yaratilgan yo‘lakda «Nurafshon» ko‘chasidan Navoiy ko‘chasigacha (6000 qadamdan oriqroq) piyoda yuryapmiz. Buning uchun esa bir soatga yaqin vaqt ketadi. Uydan kelib-ketishimiz ham bir soat (TTZ mavzesidan kelamiz) vaqt oladi.

Yashirishning hojati yo‘q, dorilarning ta’siridanmi, hojatga ehtiyoj tug‘ilib, uyga zo‘rg‘a yetib olamiz. Chunki salkam 4 chaqirimlik piyodalar yurish yo‘lagida ham, uygacha yo‘limizda ham birorta jamoat hojatxonasi yo‘q. Shunday «tajriba»dan kelib chiqadigan bo‘lsak, Qarorda ko‘zda tutilayotan 10 ming qadamni yurish uchun fuqarolar 3-4 soatlab ko‘chada bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, ular orasida keksalar, kasallar, bolalar ham  bo‘lishini inobatga olsak, hojatxonaga ehtiyoj yanada ortadi.

Qolaversa, biz yuradigan yo‘lakning ta’mir tufayli chirog‘i olib qo‘yilgan qorong‘u qismlari hidlanib ketgani hozirning o‘zida ham hojatxonaga ehtiyojmand faqat biz emasligimizni ko‘rsatib turibdi.

Xorijlik oldidagi hijolatpazlik...

Kimgadir bu tanqid o‘rinsiz, arzimasdek tuyular, ammo, butun dunyoda, ayniqsa sayyohlar jalb qilinayotgan maskanlar qurilishi loyihasida hojatxona masalasi birlamchi ahamiyat kasb etadi.  Afsuski, bizda, hatto Samarqanddek dunyoga ko‘z-ko‘z qilgimiz keladigan shaharlarimizda ham bu masala katta muammo. Shu tufayli bir xorijlik mehmon oldida uyatga qolganimiz hech yoddan chiqmaydi...

Katta siyosiy tadbirga kuzatuvchi bo‘lib kelgan mehmon vaqtdan yutish uchun tunda Registon maydonini aylanar ekan, kutilmaganda hojatxona so‘rab qoldi... Tipirchilashimizni ko‘rsangiz edi?! Oxiri mahalliy mas’ullarga aytib, ularning yordami bilan shu atrofdagi bir oliygohning hojatxonasiga (bu hojatxonaning ahvolini talaba bo‘lib ko‘rganlar yaxshi biladi) olib kirgandik bir amallab...

O‘sha achchiq tarixdan xulosa qilgan holda hozir ham Anhor bo‘ylab mehmon olib yurmaslikni tavsiya qilaman...

Izlansa imkon ko‘p...

Aslida masalaga kamxarajat yechimlar ham bor! Zero, Anhor bo‘ylab bir qancha oshxona, kafe va restoranlar joylashgan. Hatto kattagina istirohat bog‘i ham mavjud. Xalq orasida «Oq machit» nomini olgan, mahalliy sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan masjid ham bor. Agar mas’ullar ozgina sa’y-harakat qilishsa, shularning hisobidan ham hojatxonalar tashkil qilib qo‘yish, hech bo‘lmaganda ularning hojatxonalariga boshlovchi yo‘lko‘rsatkich qo‘yib, barcha bemalol foydalanishiga sharoit yaratish mumkin...

Hozir esa ba’zi oshxonalarning hojatxonalariga yo‘lakdan yo‘l yo‘q, ba’zilariga xo‘randalarni oralab o‘tish kerak, ba’zilari hatto qulflab qo‘yilganki, kalitini egalaridan so‘rashingizga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga, oshxonalarning aksariyati hozirgi sharoitda kechga borib faoliyatini to‘xtatayapti. «Anhor Lokomotiv» istirohat bog‘ining hojatxonasi esa bog‘ning narigi, yo‘lakka eng uzoq bo‘lgan chekkasida. Masjid tahoratxonasi kunduzi 10.00 gacha va kechki payt 20.00 dan keyin yopib qo‘yiladi. Qolaversa, kunduzi ham ayollarga ruxsat yo‘q. Agar shu masjid tahoratxonasining bir burchagidan erkak va ayollar uchun kechayu kunduz ishlaydigan joy ajratilib, alohida eshik ochib qo‘yilsa, olam guliston! Bu ishlar uchun bu muassasalarga biron imtiyoz berilsa-ku, ish yanayam osonroq bitadi.

Yana bir gap, kimning ko‘zi tushgan bo‘lsa «Turkiston» san’at saroyining biqinida yer ostida qurilgan «mahobatli» hojatxona mavjud va Navoiy ko‘chasidanoq unga tomon yo‘lko‘rsatkich qo‘yilgan. Ammo u qachon qarasang qulf turadi. Harholda, yaqin yillarda uning ishlaganini hech ko‘rmaganman. Nahotki shuni ishlatib qo‘yishning imkoni bo‘lmasa? Yaqinidagi oshxonaga biriktirib berilsa ham yo‘q deyishmasa kerak...

Chala qurilishlar muammosi

Mazkur yo‘lakda yana bir katta «chipqon» ko‘zga tashlanadi — chala qurilishlar muammosi. Bu ham qurilish sohamizning eng chirik kasalligi. Ya’ni bizda qurilish boshlangan joy xarobazorga aylanadi — hamma tomon chang-to‘zon (yog‘ingarchilik bo‘lsa — loy), palapartishlik. Natijada atrofdagi yangi qurilgan inshootlar ham rasvo bo‘ladi, zarar ko‘radi (bu borada xorijda yo‘lga qo‘yilgan tartib-intizomga guvoh bo‘lganlar oramizda ko‘p bo‘lsa kerak). Men tilga olgan piyodalar yurish yo‘lagida ham hozir xuddi shu holat — «Anhor Lokomotiv» istirohat bog‘i to‘g‘risida Anhor ustidan bir yillar muqaddam ko‘prik qurilishi boshlangan edi. Pandemiya tufaylimi, yo boshqa sababdanmi,  qurilish anchadan beri to‘xtagan hisob. Ammo Anhorning har ikkala tomonidagi yo‘lakning shu qismida kovlab tashlangan joy qaytib to‘g‘irab qo‘yilmagan (nari-beri shag‘al to‘kilganini inobatga olmasa). Natijada bu joyning changi odamlar oyog‘iga ilashib chiqib, yo‘lak bo‘ylab 20-30 metrgacha yoyilib bo‘lgan. Erta-indin yog‘in-sochin boshlansa, loy yanayam uzoqqa ketadi. Oqibatda, birinchidan, qancha mablag‘ sarflab qurilgan yo‘lakchaning katta qismi rasvo bo‘ladi, qolaversa, salomatligini tiklayman deb yurayotgan odamlar ancha masofagacha changdan nafas olishga majbur bo‘ladi...

Taklif berildi

Xullas, shularni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasiga qo‘yilgan «Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasining 36-bandiga quyidagicha taklif bildirdim:

«36-bandda «aholi yurishi uchun mo‘ljallangan yo‘laklarda» so‘zlaridan keyin «uzluksiz ishlaydigan hojatxona, dam olish o‘rindiqlari, qo‘l yuvish joylari, spirtsiz va dorivor ichimliklar (imkon qadar avtomat) do‘konlari kabi zaruriy ehtiyoj sanaladigan inshoot va qurilmalar ham bo‘lishi, yo‘laklaring ravonligi va yorug‘ligi ta’minlanishi shartligiga; yo‘laklarda» degan jumlalarni qo‘shishni, «shuningdek, ularni yorug‘, uzluksiz va ravon qurilishiga» so‘zlarini olib tashlashni, bandning oxirgi xatboshisidagi «qurilish-montaj ishlari va normalarini sifatli bajarilishi» so‘zlaridan keyin «aholi yurishi uchun mo‘ljallangan yo‘laklar bilan kesishadigan boshqa qurilishlarni amalga oshirishda yurishga xalaqit bermaslik choralari ko‘rilishi» so‘zlari qo‘shilishini, alohida xatboshida «aholi yurishi uchun mo‘ljallangan yo‘laklarda zaruriy inshootlar va qurilmalar tashkil etishda yaqin atrofdagi oshxona, kafe va boshqa muassasalar imkoniyatlaridan ham foydalanish uchun ularga imtiyozlar berish borasida takliflar kiritsin», degan jumlalar qo‘shilishini taklif qilaman».

Bu taklifimizga Sizlar ham havola orqali o‘tib o‘z munosabatlaringizni bildirsalaringiz yoki qo‘llab-quvvatlasalaringiz, zora, inobatga olib qolinsa... Zero, bir qarashda kulgili ko‘ringan hojatxona masalasi aslida jiddiy: uni bejiz «podshohlar piyoda boradigan joy» deyilmaydi...

 Nurbek Toshniyoz, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring