Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Poraxo‘r qarindoshingizdan voz keching!

Poraxo‘r qarindoshingizdan voz keching!

Foto: Kinodan lavha

Singapur davlatining sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu poraxo‘rlik bilan qanday kurashgan? U shunday yozadi: «Agar korrupsiyani yo‘q qilmoqchi bo‘lsangiz dastlab o‘zingizning eng yaqin uch nafar do‘stingizni fosh qiling. Siz nimaga shunday qilayotganingizni aniq bilasiz, ular ham xuddi shunday — nimaga fosh qilinganini aniq bilishadi».

Singapur davlati 1965-yilda mustaqillikka erishgach, qisqa muddatda eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishiga shubha qilganlar ko‘p bo‘lgan. Ammo Singapurning sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu o‘zining «From Third World to First» kitobida davlatning rivojlanishiga oid juda ko‘p qimmatli fikrlarini o‘rtoqlashgan. Vazirlik lavozimiga kelganida, dastlab ish boshlaganida shunday yozadi: «Menda ikkita yo‘l bor edi: birinchisi yurtni talash, qarindosh-urug‘larimni atrofimga yig‘ish, ularga mansab berish, ularni «Forbes» (dunyoning eng boy odamlari ro‘yxati e’lon qilinadigan jurnal) ro‘yxatiga kiritish, buning evaziga xalqni hech narsasiz qoldirish. Ikkinchi yo‘l: o‘z xalqimga xizmat qilish va mamlakatni jahondagi 10 ta eng rivojlangan davlatlar safiga qo‘shish. Men ikkinchi yo‘lni tanladim». Li Kuan Yu o‘zi o‘ylaganidek, Singapurni eng rivojlangan davlatlar safiga qo‘sha oldi...

«Biz qaroqchi bilan kurashishimiz kerak!», «Biz oddiy yashamaydigan odamlar bilan, masalan, o‘rganilmagan daromad bilan shafqatsiz kurashamiz!», «Sizlarning uyingiz qamoqxona!», «Ha, ha seni qamashadi — va sen o‘g‘irlik qilmaysan!», «Qanday qilib oylikka dang‘illama uy va dacha qurish mumkin»... Rus rejisseri Eldar Ryazanov olgan «Avtomobildan saqlaning» kinosidagi qaynota Semyon Vasilevich kuyov Dima Seminsev poraxo‘rligiga shama qiladi va ochiqchasiga ham ayta oladi. Aslida kinoning maqsadi o‘g‘irlikdan kelgan boylikni fosh qilishi, poraxo‘rlikni qoralash... Xo‘sh bizning oramizda mana shunday Semyon Vasilevichga o‘xshagan qaynota-qarindoshlarimiz bormi?  

Qo‘shningiz bog‘cha mudirasi yoki uzoq qarindoshingiz. Uyiga kirganingizda yoki borganingizda yeb o‘tirgan, oldingizga qo‘ygan taomlar bog‘chadan keltirilganini aniq bilgansiz. Hatto aytaylik oziq-ovqat mahsulotlarini sotishining ham guvohi bo‘lgansiz, ya’ni bolalar haqini o‘marayotganini aniq bilgansiz, ammo indamagansiz.

Birorta ayolni ko‘rdingizmi eri poraxo‘rlik qilayotganini bilib turib men siz bilan yashamayman yo meni deng yo porani deng deganini, erini ustidan ichki ishlarga shikoyat yozishini tasavvur qila olasizmi?  Yoki biror farzandni ko‘rdingizmi «ota men sizning poraxo‘rligingizdan or qilaman, o‘rtoqlarim oldida uyalaman, bizni pora bilan boqayotganingiz uchun» deganini.

Nega poraxo‘rdan qochmaymiz. Masalan, ishi yurishmayotgan, oilasida biror ishkal chiqqan odamni to‘ylarimizga aytmasligimiz, davramizga qo‘shmasligimiz mumkin, lekin poraxo‘rning poraxo‘rligini bilib shunday qila olasizmi? Aksincha, uyimizning to‘ri ularniki.

To‘yimizga kelsa, mehmondorchilikka kelsa sarpolarning zo‘ri ularniki, kambag‘al odamga kiyib bo‘lmaydigan arzon sarpo qo‘yishimiz mumkin, ammo poraxo‘r, aytaylik, poraxo‘r rahbarga kiyimning asilini qo‘yamiz. Chunki u har narsaniyam nazariga ilmasligi mumkin. Aslida, u sizning o‘sha kiyimingizga zormi? Puli, boyligi ko‘p, istaganini olishi mumkin. Ammo biz yana o‘sha poraxo‘rga beraveramiz.

Poraxo‘rni uyimizning to‘riga o‘tqazamiz. Uyi, joyi yo‘q, ijarama-ijara sarson yurgan beva, xokisor ayolning joyi albatta poygada bo‘ladi, ammo qulog‘iyu barmog‘i qo‘sha-qo‘sha uzuk taqqan mudira to‘rda o‘tiradi, ayollar unga havas bilan qaraydi, biladi, bog‘chani kemirib «semirib» yotganini, lekin undan hazar qilmaydi.

Ayollar erlari pul topmasa ajrashishi, shikoyat qilishi, nolishi mumkin, ammo toparmon-tutarmon, pora bilan pul topib kelayotgan erdan ayolning shikoyat qilganini, poraxo‘rligidan noroziligini ko‘rganmisiz. Yoki biror otaning o‘g‘li katta ishda ishlab darrovgina mashinalik bo‘lganida mashinanin qaysi pulga sotib olding, bu mashinangdan hazar qilaman deb aytganini eshitganmisiz?

Oilada jamoatchilik nazorati o‘rnatilmas ekan, poraxo‘rlik hech qachon tugamaydi. Farzandingiz ishdan ko‘tarib kelgan narsangizga shubha bilan «qayerdan oldingiz, nega olib keldingiz, buni qayerdan oldingiz» deb so‘ramasa, xotiningiz  «menga pora bilan olib bergan tilla taqinchoqlaringiz kerak emas, men mashina minmasam ham mayli hech kimni o‘qishga kiritmang» deb aytmasa, otangiz «o‘g‘lim menga pora orqali to‘plagan pulingga hajga jo‘natishing kerak emas», demasa poraxo‘rlik hech qachon tugamaydi.

Kambag‘al bechoradan voz kechgan qarindoshlar ko‘pdir, lekin mansabda o‘tirgan aynan poraxo‘r qarindoshdan birorta odamning kechganini eshitmadim. Aslida poraxo‘rlardan hazar qilmaganimiz, ochiqchasiga aytmaganimiz, ulardan voz kechmaganimiz ularga rag‘bat. Ularning mansabidan foydalanib, ishimizni bitqazganimiz korrupsiya uchun, poraxo‘rlikni rivojlantirish uchun motivatsiya. Ha, ha... ularga biz oddiy xalq motivatsiya beramiz!

Nega ba’zida adolat qaror topmaydi. Chunki jinoyatchi — o‘g‘ri, fohisha, odam o‘ldirganning otasi, onasi yoki qarindoshi sudyaga, advokatga, ichki ishlar xodimlariga pul, ya’ni pora taklif qiladi — jinoyatchi farzandini qamoqdan qutqarib qolish uchun. Nimaga o‘sha payti ota yoki ona fohisha qizini «qamalib ketaversin» demaydi, kallakesar, o‘g‘ri, muttaham farzandini «mening bunday farzandim yo‘q, qamoqda chirib ketsin» demaydi. Pora taklif qilib, qanday bo‘lsa-da jamiyatga ziyoni tegayotgan yaqinini qutqargisi keladi. Ayting-chi, jinoyatchidan nafratlanish, qamoqqa ketishini oqlash o‘rniga uni olib qolish, xaspo‘shlashga uringan yaqinlarining poraxo‘rdan qayeri kam? Farzandining bilimsizligini bila turib, pora bilan bo‘lsa-da o‘qishga kirishini xohlagan ota-onaning poraxo‘rdan qayeri kam?

Siz yashayotgan dang‘illama uy, boylik, mashina, qator-qator uchastkalar, dachalar, tilla taqinchoqlar, farzandingizning katta pulli o‘qishlarda o‘qishi nimaning hisobiga kelgan? Agar peshona teringiz bilan topgan pulingizga kelgan bo‘lsa, tadbirkor bo‘lsangiz, halol  topgan bo‘lsangiz qandingizni uring... Lekin, masalan, rektorning oyligiga dachalar qurish mumkinmi? Prokurorning oyligiga ozgina fursat ichida dang‘illama uylar qurib, dang‘illama to‘ylar qilish mumkinmi? Poraxo‘rlardan noliymiz, korrupsiyaga qarshi kurashmoqchi bo‘lamiz, ammo qanday qilib?

O‘sha poraxo‘rlikda, siz noliyotgan o‘sha korrupsiyada sizning, mening, bizning hissamiz bor. Chunki ular sizning, mening, bizning yaqinlarimiz, qarindoshlarimiz, do‘stlarimiz, qo‘shnimiz. Biz ulardan hazar qilmayapmizmi, biz ulardan voz kechmayapmizmi, biz ularning qing‘ir ishlaridan istihola qilmay ko‘z yumayapmizmi, demak korrupsiya hech qachon yo‘qolmaydi...

Yana o‘sha Singapur davlatining sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu poraxo‘rlikka qanday barham berganini eslaymiz: «Agar korrupsiyani yo‘q qilmoqchi bo‘lsangiz, dastlab o‘zingizning eng yaqin uch nafar do‘stingizni fosh qiling». Mayli, fosh qilishni, qamashni, qo‘lga olishni tegishli organlarga qo‘yib beraylik, agar siz korrupsiyani yengmoqchisizmi loaqal bitta mansabdor, poraxo‘r qarindoshingizdan keching, hazar qiling... Loaqal, loaqal poraxo‘r farzandingiz olib kelayotgan luqmadan yuz o‘giring.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring