Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident tanqididan so‘ng soliq organlarining faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqildi

Prezident tanqididan so‘ng soliq organlarining faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqildi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha Davlat budjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor o‘tkazgandi. Prezident budjet daromadlari prognozini bajarmagan Toshkent shahrining yettita tumani inspeksiyalari rahbarlari ishini keskin tanqid qilgan edi.

Davlat soliq qo‘mitasida videoselektorda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda DSQ markaziy apparati shaxsiy tarkibi va poytaxtimizdagi tuman inspeksiyalari rahbarlari, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari va tuman hokimlari o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, soliq to‘lovchilar Toshkent shahar soliq organlarining ishi va xatti-harakatlaridagi ijobiy o‘zgarishlarni hali sezmayapti. Soliq qonunchiligiga rioya etish bo‘yicha profilaktik tadbirlar va tushuntirish ishlarini amalga oshirish o‘rniga, ayrim xodimlar qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarga soliq to‘lovlarini to‘lamaslikning aylanma yo‘llarini taklif qilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan faoliyati tanqid qilingan Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Sergeli, Yunusobod, Bektemir va Shayxontohur tumanlari inspeksiyalari boshliqlarining o‘z lavozimidan ozod etilgani to‘g‘risidagi Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘i e’lon qilindi.

Yig‘ilishda Toshkent shahri davlat soliq xizmati organlarining xodimlar tarkibini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqish, ularning lavozimiga layoqatliligi darajasini baholash, xizmat vakolatidan chetga chiqqan holatlar aniqlangan taqdirda, mehnat shartnomasini bekor qilish zarurligi qayd etildi.

Aynan bu yo‘nalishda ish olib borish uchun maxsus ishchi komissiyasi tuzilib, tizimga zamonaviy dunyoqarashga ega, o‘z ishiga mas’uliyatli yosh mutaxassislarni jalb qilish vazifa qilib qo‘yildi. Soliq organlariga oshkora tanlov asosida ishga qabul qilish va ular uchun kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga maxsus dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda kameral nazorati, xronometraj ko‘zdan kechirish, pasportlashtirish, ekspress-o‘rganish kabi soliq nazorati usullarini samarasiz foydalanilayotganligi, jumladan, kunlik naqd pul tushumiga ega avtoturargohlar, transport xizmati ko‘rsatish muassasalari, yirik savdo komplekslarini ijaraga berib, daromad olayotgan mulk egalarining daromadi soliqqa tortilmayotganligiga jiddiy e’tiroz bildirilib, bu sohalarda soliqlarni yig‘uvchanligini oshirish vazifalari belgilab berildi.

Soliq organlarida korrupsiyani bartaraf etish uchun imkon qadar inson omilidan voz kechish, hujjatlarni qog‘oz shaklidan elektron ko‘rinishga o‘tkazish va bu o‘z navbatida tadbirkorlarning vaqti hamda sarf-xarajatlarini kamaytirishga olib kelishi ta’kidlandi.

Eng muhimi, yangi soliq islohotlarini joriy etilishi asnosida tadbirkorlar tomonidan hisobotlarni to‘ldirishda ayrim xatoliklarning uchrashi tabiiyligi va bunday holatda, ularning javobgarliklarini belgilashdan oldin yetakchi xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, xatosini to‘g‘irlash imkoniyatini berish amaliyotidan foydalaniladigan bo‘ldi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring