Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning yangi farmoni: kartoshka va shakar qimmat bo‘lmaydi

Prezidentning yangi farmoni: kartoshka va shakar qimmat bo‘lmaydi

Foto: «Darakchi.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 16-yanvar kuni «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolangani haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra, 2018-yil 1-fevraldan boshlab iste’mol tovarlarini respublika tovar-xom ashyo birjalarida sotish (sotib olish)ga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi. Shakar ishlab chiqaruvchilar 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatga import xom ashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar qismiga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, iste’mol tovarlarini tovar-xom ashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida sotish (sotib olish) uchun ulgurji savdoni amalga oshirishga litsenziya mavjudligi talab etilmaydi. Ulgurji savdoga litsenziya olishda eng kam ish haqining 3500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda, shundan pul mablag‘lari eng kam ish haqining 1200 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantirilgan ustav fondi mavjudligi haqidagi talab bekor qilinadi.

Bundan tashqari, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari turlarini Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan import qilish istisno hollarda va faqat tovar-xom ashyo birjalari, jumladan, xorijiy birjalarning ochiq elektron savdolari tizimi orqali amalga oshiriladi.

Eng muhimi, oziq-ovqat mahsulotlarining rejalashtirilayotgan xaridi, Jamg‘arma mablag‘lari tushumi va xarajatlari to‘g‘risidagi batafsil axborot har oy O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida e’lon qilib boriladi.

Qolaversa, birja brokerlari tijorat banklariga mijoz — norezident nomidan tovar-xom ashyo birjasining ochiq elektron savdolarida mahsulotlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisobidan xorijiy valyutani sotib olish (sotish)ga talabnoma berish, norezident — yuridik shaxslar esa O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida hisob raqamlari ochish va tovar-xom ashyo birjasining ochiq elektron savdolarida mahsulotlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisobidan xorijiy valyutani sotib olish (sotish)ni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Ushbu hujjat bilan ishlab chiqaruvchilar va tovar-xom ashyo birjalariga ancha yengillik yaratilganini ko‘rish mumkin. O‘tgan yilgi kartoshka va piyoz narxining keskin ortib ketishi ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Bu yil mazkur holatlarning oldi olinmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring