Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qachon kitobxon millatga aylanamiz? «Xabar.uz» muallifi dolzarb mavzuda kitob yozdi

Qachon kitobxon millatga aylanamiz? «Xabar.uz» muallifi dolzarb mavzuda kitob yozdi

Foto: «Xabar.uz»

Jurnalist va O‘zbekistondagi eng yirik elektron kutubxona asoschisi Davronbek Tojialiyevning kitob va kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan yangi to‘plami chop etildi. «Kitob haqida kitob» deya ramziy nomlangan to‘plamni «mutolaa qomusi» deb atash mumkin.

«Akademnashr» nashriyoti chop etgan kitob to‘rt bo‘limdan iborat bo‘lib, unda muallifning kitobxonlik va mutolaa madaniyatiga doir maqolalari, suhbat, so‘rovnoma va tahliliy-surishtiruv materiallari jamlangan.

Kitoblar soni shiddat bilan o‘sib borayotgan bugungi axborot asrida muhim va foydali asarlarni tanlab-saralab o‘qish ham jiddiy masalaga aylandi. «Kitob haqida kitob» bu borada zamonaviy o‘quvchiga o‘ziga xos yo‘lko‘rsatkich vazifasini o‘tasa ajab emas. Xususan, «Guardian: barcha davrlarning eng yaxshi 100 kitobi», «BBC: barcha davrlarning eng yaxshi 200 kitobi» kabi qiziqarli ma’lumotlar mushtariyda aynan kitob tanlash malakasini shakllantirishga ko‘mak beradi.

Fikr ahli, ziyolilar yoshlarning kitobxonlikdan tobora yiroqlashib borayotganidan xavotirda ekani sir emas. Yangi to‘plamdan o‘rin olgan maqolalarda ham ana shu og‘riqli masala teran tahlil etilgan.

«Axborotlashayotgan dunyoda texnologiyalar ma’lum ma’noda insonni dangasa qilib qo‘yayotir. Shundanmi, ota-bobolarimiz erishgan ilmiy-ma’rifiy yutuqlarga yetishish bugun ertakdek tuyuladi. Ilm-ma’rifatning oramizdan ko‘tarilishi dahshat emasmi? Nega yoshlar orasida kuchli tafakkur egalari kam? Navoiylar, Ulug‘beklar bizning yoshimizda erishgan ilm cho‘qqilarining o‘ndan biriga yetdikmi? Nima uchun o‘n yoshgacha Qur’oni karimni yodlab mukammal bilgan, ming-ming misra she’rni yoddan aytgan, yosh bo‘laturib ulkan kashfiyotlarni amalga oshirgan, juda ko‘p tillarni mukammal bilgan, ijodda katta rutbalarga erishgan ajdodlarimizga munosib bo‘lish uchun yetarli harakat qilmayapmiz? Nega uyimizda kutubxonalarimiz yo‘q? Nega ilm, kitob talash emas? Nima uchun kutubxonalarimiz bozorlarimizdek gavjum emas?» – deya mushohada yuritadi D.Tojialiyev.

Muallifga ko‘ra, jamiyatimizda kitobxonlikning yuksalishiga to‘sqinlik qiluvchi bir qancha sabablar mavjud: kitob mahsulotlarining nisbatan qimmatligi (rivojlangan davlatlarda oylik daromad miqdoriga nisbatan kitobga sarflanadigan mablag‘ foizi kam); har tomonlama professional nashriyot va matbaa korxonalarining kamligi (qog‘oz va matbaa mahsulotlari va texnikasini erkin import qilish, o‘zaro raqobatning o‘sishi kitoblarning narxi va sifatiga ijobiy ta’sir etadi); imlo bilan bog‘liq muammolar (kirill va lotin alifbosida o‘qiydigan avlodlar orasida tafovutning paydo bo‘lgani).

Kitobdan dunyoning eng kitobxon millatlaridan biriga aylanmog‘imiz uchun kerakli tavsiyalar ham berilgan.

Eslatib o‘tamiz, jurnalist, bloger va www.ziyouz.com portali asoschisi Davronbek Tojialiyevning «Xabar.uz»da ham ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy mavzularda maqolalari chop etilgan.

U tashkil etgan portal 2012-2014-yillarda UZ milliy domeni Internet festivalining «Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt» yo‘nalishida birinchi o‘rinni egallagan, 2013-yili o‘tkazilgan «Milliy internet tanlovi» – MIT.uzda ham g‘olib bo‘lgan. D.Tojialiyev 2017-yili Qozog‘iston Respublikasining «Kutubxona ishining ustasi», 2018-yilda esa O‘zbekiston Respublikasining «Shuhrat» medallari bilan taqdirlangan. U tashkil qilgan virtual kutubxonada minglab elektron, mobil va audiokitoblar, darslik-qo‘llanmalar, qomus hamda lug‘atlar, shuningdek, vaqtli matbuot nashrlarining elektron nusxalari jamlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring