Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qahramonlariga qo‘yilgan ma’naviy yodgorlik...

Qahramonlariga qo‘yilgan ma’naviy yodgorlik...

Kuni kecha akademik va taniqli olim Akmal Saidovning «G‘alaba bog‘i falsafasi» nomli kitobi «Tasvir nashriyot uyi» va «KolorPak» nashriyotida o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etildi.

6-fasldan iborat asarda Ikkinchi jahon urushida O‘zbekiston va jafokash xalqimiz qo‘shgan beqiyos hissa, bugungi kunda davlatimiz rahbarining faxriylar va front ortida mehnat qilganlar shaxslarga ko‘rsatayotgan ulkan g‘amxo‘rligi va alohida e’tibori haqida batafsil to‘xtab o‘tiladi.

Muallifning yangi barpo etilgan «G‘alaba bog‘i» majmuasi atrofidagi falsafiy yondashuvlari bosqichma-bosqich o‘sa borib, Ikkinchi jahon urushining vayronkor ko‘lami, insoniyat fojiasi, tinchlikning qadriga kabi umumbashariy va global tahlil silsilasiga ko‘chadi.

Kitobda keltirilgan raqamlar va faktlar albatta, juda muhim va yangi ekani bilan ahamiyatlidir. Unda yurtimizdan 1 951 ming kishi urushga qatnashgani, 538 ming nafari halok bo‘lgani, 158 ming kishi bedarak yo‘qolgan haqidagi yangi aniqlangan ma’lumotlar bu qonli urushda O‘zbekiston ishtirokini haqli ravishda kengaytirib yuboradi.

Vaholanki, biz shu vaqtga qadar bu raqamlarni, bilmagan holda kamroq holda qo‘llab kelar edik. Ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi farqlar kitobda jadval ko‘rinishida aks ettirilgani juda ma’qul va oson bo‘lgan

Mazkur kitob so‘nggi yillarda ayrim davlatlarning chop etilayotgan ko‘plab harbiy badiiy va hujjatli asarlarida, filmlarida, maqolalarida va boshqa materiallarida fashistlar ustidan qozonilgan buyuk g‘alabada asosan bitta buyuk davlatning hissasi hal qiluvchi bo‘lgani haqidagi cho‘pchaku iddaolarga ham munosib javob bo‘ladi deyish mumkin.

Istiqlol yillarida nedir sabablarga ko‘ra, tarixiy xotira va ma’naviyat sohasidagi ayrim harakatlar, nomi ko‘p yillar qahramonlik timsoli bo‘lgan shaxslarning kutilmaganda tilga olinmay qo‘yilgani kabi xatolar natijasida aholining ayrim e’tirozlariga so‘nggi yillarda adolatli yechimlar topilgani bayon etiladi.

Xususan, beg‘rikeng va olijanob Shoahmad Shomahmudovning oilasiga qo‘yilgan haykalning avvalgi joyiga qaytarilishi, turli tamg‘alar yopishtirilgan general Sobir Rahimov nomining tiklanishi va boshqa ko‘plab ibratli faktlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning chindan ham tarixiy adolatni qaytarganliklariga yorqin misoldir.

Akmal Saidov dunyoda me’moriy yechimi bo‘yicha tenggi va muqobili yo‘q bo‘lgan ko‘rkam «G‘alaba bog‘i» g‘oyasi va falsafasi, ramzlar ifodasi va mazmunini atroflicha ochib berar ekan, «Shon-sharaf» muzeyidan tortib, bu yerdagi har bir yodgorlik va qurilgan inshootlarning rasmlarigacha yuqori sifatda, zamonaviy dizaynerlik uslubida berishi mavzuni tugal-chuqur ochib berishga va asarning yanada qiziqarliroq bo‘lishiga xizmat qilgan.

E’tiborli tomoni, kitobda Ikkinchi jahon urushi yillarida Yevropadagi real vaziyat va g‘alabaga erishishda o‘zbek millatining ishtiroki haqida yangidan yangi tarixiy dalillar va mutlaqo yangicha qarashlar aks etgan.

O‘zbekiston zaminiga keltirilgan yuz minglab yetim bolalar, beva qolgan ayollar, olimu ziyolilarga vatandoshlarimiz xonadonlari, xalqimizning dil tafti issiq qo‘nalg‘a, ishonchli bosh-pana bo‘ldi. Urushning 800 kunini Toshkentda o‘tkazgan betakror ijodkor Anna Axmatova olijanob insonlarimizga chuqur hurmat ila shunday yozadi:

Yosh va dilbar sochli onalar,

Shirin kulchalar tutgan bolalar,

Shu jajji qo‘lchalar, qo‘llarga rahmat!

Sakkiz yuz kunim – mo‘’jizaviy sas,

Shu moviy rang cheksiz osmon ostida,

Shu lojuvard tubsiz ummon ostida

Biz birga yashadik yorqin, o‘t nafas,

Ey, otashin bog‘...

Sobiq Ittifoq tarkibidagi Ukraina, Belarus, Boltiq bo‘yi mamlakatlaridan tashqari, Yevropaning Finlyandiya, Polsha, Chexoslovakiya, Avstriya, Vengriya, Bolgariya, Rumaniya, Yugoslaviya, Germaniya, Fransiya, Italiya kabi mamlakatlarida ozodlik harakatlarida fashistlarga qarshi mardonavor kurashgan ota-bobolarimiz beqiyos jasorati, yovqurligi, kuch-qudrati, har qanday murakkab vaziyatga qaramasdan Vataniga sadoqati tarannum etiladi.

Bir o‘qishda o‘zbeklar sharqiy va markaziy Yevropani ozod etishdagi qahramonligi ulkan ijobiy taassurot berib, yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini jo‘sh urdiradi, qahramon ajdodlarimizga nisbatan chuqur ehtirom-hurmat uyg‘otadi.

Men shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushi va undan keyin ham bir-ikkita o‘zbekistonlik generallar bo‘lsa kerak, deb o‘ylab yurar ekanman. Chunki bu haqda tayin-tuzuk ma’lumotlar har doim ham uchrayvermaydi.

Kitobda yurtimizdan yetishib chiqqan o‘nlab generallar haqida to‘liq va qiziqarli ma’lumotlar berilgani o‘quvchini hayratga soladi. 

A.Saidovning urushning eng oldingi chiziqlarida va front ortidagi zalvorli hayotda, harbiy, siyosiy-iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim, diniy va madaniy, qurilish-bunyodkorlik sohalarida xotin-qizlarimizning, o‘smir bolalar va keksalarimizning ishtirokini ularning mashaqqat-iztiroblari, qadoq va beminnat mehnati prizmasidan o‘tkazib yoritishi albatta o‘ziga xos yangilikdir.

Besh farzandni urushga yo‘llab, barchasidan ajralib qolgan Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlangan qismi ayniqsa ta’sirli, beixtiyor ko‘zga yosh qalqitadi. Afsonaviy nolegal razvedkasi Bahrom Ibrohimov haqidagi qiziqarli faktlar, yurtdoshimizning Janubiy Osiyodagi murakkab hayot yo‘li va metin irodasi, Gitlerning Uchinchi frontni ochish rejasi chippakka chiqqani haqidagi tarixiy dalillar esa asarning ahamiyatini keskin oshiradi.

Yapon militaristlariga qarshi Uzoq Sharq va Xitoy hududlarida olib borilgan harbiy amaliyotlarda o‘zbekistonlik askarlarning shonli g‘alabalari aniq faktlar bilan ochib beriladi.

Aslida xotira bo‘lmasa, millat ham va davlat ham bo‘lmaydi. Toki har bir davlat o‘zining kuchli mafkurasi, unutilmas tarixi, o‘tmishi va tinchlikka hissa qo‘shayotgan shaxslari bilan doimo tirikdir.

Asarda yovuz g‘oya – fashizm balosi keskin tanqid qilinadi, achchiq tarixiy saboqlar chiqariladi, millatlar birdamligi, xalqlar hamjihatligi va ahilligi bebaho ne’mat, deya ulug‘lanadi.

Muallif o‘z mulohazalari orqali so‘nggi yillarda Yevropaning u yer-bu yerida qayta bosh ko‘tarayotgan, «tarixiy haqiqatni qaytadan taftish qilish» yorlig‘ida chinni yolg‘on deb atash siyosiy tus olayotgan sharoitda o‘sib kelayotgan avlodlarni ogohlik va hushyorlikni yo‘qotmaslikka chorlaydi.

Muallif ikki yil davomida asarni qoralar ekan, urush dahshati ichida yashagan, motam va anduhdan peshonasini ajin bosgan, daxldorlik hissi bilan yashagan va umrguzaronlik qilayotgan, yurtning shon-shavkati uchun ko‘ksini o‘qqa tutgan yuzlab shaxslar haqida ibratli va ravon tilli maqolalarga o‘rin ajratgan.

Kitob noshirlik jihatidan nihoyatda zamonaviy va o‘ziga xos uslubda tayyorlangan bo‘lib, har sahifa chetida alohida rukn shaklida Prezidentimizning ibratli fikrlari va iqtiboslari, mavzuga oid turfa shoirlarimizning ta’sirchan she’rlari berilishi, rangli suratlar, xaritalar, jadvallar, arxiv materiallari berib borilgani o‘quvchini aslo zeriktirmaydi.

Qolaversa, har bir tarixiy shaxslar haqida gap ketganda havola shaklida uning tarjimai holi alohida berilishi ham ma’lumotdorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Kitobni barcha yurtdoshlarimiz, tarix fani ustozlari, olimlar, o‘quvchi va talabalar uchun nihoyatda qimmatli qo‘llanma, noyob bilimlar xazinasi bo‘lgan deyish mumkin. Ta’bir joiz bo‘lsa, u urush qahramonlarimiz xotirasiga qo‘yilgan muhtasham ma’naviy yodgorlikdir, mukammal fundamental va qomusiy nashrdir.

L. Rahmatov, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring