Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qalovini topsa... Namanganda matbuotni qanday qutqarishmoqda?

Qalovini topsa... Namanganda matbuotni qanday qutqarishmoqda?

Foto: «Xabar.uz»

Tinib-tinchimas Ahadxon Abduhamidov yana bir xayrli ishga qo‘l ursami?! O‘zi ta’sischi bo‘lgan Kosonsoydagi «Zakovat» nashriyot uyiga lizing shartnomasi asosida 313 ming 800 AQSh dollariga teng bosmaxona va qadoqlash jihozlari olib kelib o‘rnatdi. Shunday qilib, Namangan viloyatidagi bosma nashrlar tahririyatlarining boshqa mintaqalarga borishiga ehtiyoj qolmadi.

Ahadxon Abduhamidov serqirra mutaxassis: agroximik-tuproqshunos, jurnalist-iqtisodchi. Jurnalistikada ham non, ham nom topishni allaqchon isbotlab qo‘ygan: «Zakovat», «Kino plyus TV», «Interfutbol», «Intersport» gazetalarini tashkil etgani ko‘plarga ma’lum. Bosmaxona va qog‘oz xarajatlari belini bukib qo‘ymasligi uchun bosmaxona asbob-uskunalarini sotib oldi. 2007-yildan tumandagi qurilish uchastkasi binosida ijara asosida faoliyat yuritdi. Keyinroq — 2016-yilda tugatilayotgan eski binoni 0,50 gektar yeri bilan sotib oldi. Bosmaxona anjomlarini o‘rnatdi. O‘zi tashkil etgan gazetalarni chop etib keldi. Bu orada iqtisodiy jihatdan tuman «Kosonsoynoma» gazetasiga ham besh yil rahbarlik qildi.

Faoliyat kengaytirish ustida izlanib, ikki marta Hindistonga bordi. Xitoy va Koreyada bo‘ldi. Bosish, qadoqlash dastgohlarining samarasi va narxini obdon o‘rgandi. Hozirgacha ishlab kelayotgan 35 nafar ishchi yoniga yana shuncha qo‘shilishi uning orzusi edi. Mana, orzu ushaldi: 313 800 AQSh dollariga teng 11 turdagi Hindiston va Xitoy jihozlarini keltirdi. Uning atigi bittasi — gazeta bosish mashinasi yangi yil arafasida — 31-dekabr kuni ishga tushirildi. To‘rt bo‘yoqlik zamonaviy bosish dastgohi bir soatda 60 ming nusxa gazeta bosa oladi. O‘rnatilgan yana bir yangi dastgoh bosma mashinalariga forma tayyorlab beradi. Keyingisida esa keng hajmdagi — 12 metrli bannerlar tayyorlash mumkin.

Namangan viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Rahimjon Irisovning xursandligini ayting: «Bugun o‘quvchilarga tez va sifatli axborot kerak. Noqulay ob-havo sharoitida gazetalarning boshqa viloyatlarda chop etib keltirilishi oqibatida obunachilarga vaqtida yetib bormas edi. «Zakovat»chilar o‘zlari chop etgan gazetalarni tahririyatlarga yetkazib berishni ham zimmaga olgan. Bu bosma nashrlar jamoasiga ham bir muncha qulayliklar yaratadi».

Sanjarbek Hamidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring