Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qorin och qolsa ham miya och qolmasin...»

«Qorin och qolsa ham miya och qolmasin...»

Bundan uch-to‘rt kun oldin, chet davlatlardan birida yashovchi badavlat bir odamning butun bir qishloq odamlari uchun bir jurnalning yillik to‘lovini qilib berganini, «Odamlarimiz ma’rifiy nashrlarni o‘qishi shart. Bunga imkoni bo‘lmaganlarga imkoni borlar yordam berishimiz kerak, bu burchimiz. Insonning qorni och qolsa ham, miyasi och qolmasin», deganini o‘qib, rosti, bu haqida hammaga aytgim kelgandi. Keyin istihola qildim: birov to‘g‘ri tushunadi, ibratlanadi; kimlardir «o‘zi gazetachi bo‘lgani uchun yozyapti yoki sha’ma qilyapti» deyishi mumkin... Lekin ich-ichimdan bizda ham shunday — tom ma’nodagi badavlatlar ko‘payishini istadim.

Kecha tahririyatga bir ziyoli yurtdoshimiz kirib keldilar.

— «Ma’rifat saodati»ga besh kishining yillik to‘lovini qilib bersam, zarurati bor, lekin obuna bo‘lolmaganlarga o‘zlaringiz yetkazib bersangizlar, — dedilar. Havasning ijobatini qarang!

Men u kishiga uch-to‘rt kun oldin xabardor bo‘lganim o‘sha voqeani aytdim.

— Bundan hech xabarim yo‘q. Mana shu gapingiz uchunam, ana, yana ikki kishini qo‘shamiz obunaga, — deb, yetti kishi uchun yillik to‘lov qildilar u do‘stimiz. Ketar oldidan bu xayrli ishni davom ettirishga harakat qilishlarini ham aytdilar.

...Biz u gazetalarni onkologiya shifoxonasiga olib borib, shifokorlardan kasallik tufayli ruhan tushkunlikka tushib qolgan bemorlarga tarqatib berishlarini so‘radik. Hozirgina bir qo‘ng‘iroq bo‘ldi:

— Men onkologiya shifoxonasida davolanayotgan bemorman. Ismim Falonchi. Kechqurun menga gazetangizning birinchi sonini o‘qish uchun olib kelib berishdi. Bittayam maqolani qoldirmay o‘qib chiqdim. Tonggacha ko‘zimga uyqu kelmadi... — go‘shakdan yig‘i ovozi keldi. — O‘zimga katta taskin oldim. Ibrat oldim. Ko‘nglim ko‘tarildi... Kasalligim tufayli dunyo ko‘zimga qorong‘i edi. Yuragim yorishdi... Tomirlarimga jon kirganday bo‘ldi!.. Rahmat!..

Ehtimol, ana shu xasta ovoz bilan aytilgan birgina «rahmat»ning salmog‘i hamma narsadan og‘ir kelar muqarrar Kunda...  

Dilfuza Komil,
«Ma’rifat saodati»
gazetasi bosh muharriri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring