Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qozog‘istondagi fojia. Odamlar nega avtobusdan chiqib keta olishmagan?

Qozog‘istondagi fojia. Odamlar nega avtobusdan chiqib keta olishmagan?

Foto: «AiF»

Kecha, 18-yanvar kuni Oqto‘ba viloyatining Irgiz tumanida ro‘y bergan fojiadan barchaning xabari bor. «Ikarus» rusumli avtobusda kelib chiqqan yong‘in oqibatida 52 yo‘lovchi tiriklay yonib ketdi. Shu kunlarda barchaning tilida bir savol: nima uchun yo‘lovchilar avtobusdan chiqib keta olishmagan? Biz quyida ana shu savolga xorij OAVlariga tayanib, javob izlab ko‘ramiz.

Foto: «AiF»

Voqea Toshkent vaqti bilan 10:30 da, Samara-Chimkent trassasining 1068-kilometrida ro‘y berdi. Hozir voqea joyida O‘zbekiston hukumati tomonidan tuzilgan maxsus komissiya jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlab, ularni Vatanga qaytarish choralarini ko‘rmoqda.

Bugun tongda fojia qurbonlarining dastlabki ro‘yxati e’lon qilindi. Ularning barchasi Namangan viloyatidan ekani ma’lum bo‘ldi.

Avtobusda kimlar bor edi?

Bugunga kelib, avtobusda 55 yo‘lovchi va ikki haydovchi bo‘lgani, yo‘lovchilarning deyarli barchasi O‘zbekistondan, haydovchilar esa Qozog‘iston fuqarolari ekani ma’lum bo‘ldi. Yonayotgan avtobusdan faqatgina 5 kishi — ikki haydovchi hamda uch yo‘lovchi chiqa olgan, xolos. Avtobus O‘zbekistondan Rossiyaga yo‘l olgan va unda boshqa davlat fuqarolari bo‘lmagan.

Jarohat olganlarning ahvoli qanday?

Foto:«AiF»

Falokatdan omon qolganlarga barcha kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Oqto‘balik shifokorlarning aytishicha, ular shifoxonaga yotishmagan — bunga ehtiyoj bo‘lmagan. Uch kishida hech qanday jarohat yo‘q, ikki kishi esa yengil kuyish jarohatini olgan.

Avtobusda yong‘in nimadan kelib chiqdi?

Favqulodda vaziyatlar xizmati xabar berishicha, dastlabki taxminlarga ko‘ra yong‘inga elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, «Interfaks» xabariga ko‘ra, avtobusda belgilanganidan ko‘proq yo‘lovchi bo‘lgan.

Ommaviy axborot vositalarida ro‘y bergan voqea sabablari haqida turli taxminlar ilgari surilmoqda. «360» telekanalining mahalliy jurnalistlarga tayanib xabar berishicha, yong‘in mashinani isitish uchun qo‘llangan kavsharlash lampasi tufayli kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.  «Yana bir variant — kavsharlash lampasi. Ular kechki sovuqdan so‘ng avtobusni isitmoqchi bo‘lishgan. Bu shunday muammoli yo‘l uchastkasi hisoblanadi. Balki avtobus shu sababli yonib ketgan bo‘lishi mumkin», — dedi mahalliy jurnalist Aktar Aktileu.

Foto:«AiF»

«Izvestiya» nashri esa yana bir taxminni o‘rtaga tashladi. Avtobus bilan yonma-yon ketayotgan yo‘lovchi mashina haydovchisining aytishiga qaraganda, yo‘lovchilar salonni kavsharlash lampasi yordamida isitmoqchi bo‘lgan va o‘rtada janjal kelib chiqqan. «Avtobusda ular kavsharlash lampasi yordamida isinayotgan edi. Ular o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqib, kimdir ichida benzin bo‘lgan idish(baklashka)ni tepib yubordi. Idish lampaga tegib, birdan yong‘in chiqdi», — deya guvohlik bergan haydovchi.

Shuningdek, OAVda yana turlicha taxminlar o‘rtaga tashlanmoqda.

Nima uchun buncha kam odam qutulib chiqqan?

Favqulodda vaziyatlar xizmati matbuot xizmatining aytishicha, voqea paytida avtobusning yon eshiklari qulflanib qolgan. «Avtobus to‘xtadi, hamma haydovchilar undan qochib chiqdi. Odamlar ham eshikka qarab intildi, ammo eshik yopiq edi», — deyiladi «Sputnik» nashri xabarida.

«RIA Novosti»da berilgan xabarga ko‘ra, eshikning qulflanib qolishiga  odamlarning sarosimaga tushib qolgani sabab bo‘lgan. «Bu qanday sarosima ekanini tasavvur qilayapsizmi? Ellik odam vahimaga tushib, eshikni qulfga tushirgan. Ammo oynani  sindirish hech kimning xayoliga kelmagan», — deydi Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimi.

Foto: «AiF»

«Sputnik Qozog‘iston» taxminiga ko‘ra, avtobusga yoqilg‘i ortilgan bo‘lishi ham mumkin va shu sababli yong‘in tez tarqalgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring