Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qur’oni karimning 10 ming nusxasi sotuvga chiqdi

Qur’oni karimning 10 ming nusxasi sotuvga chiqdi

Bugun 17-avgust kuni «Hilol-nashr» nashriyot-matbaasi tomonidan Qur’oni karimning navbatdagi 10 000 nusxasi sotuvga chiqarildi. Bu haqda «Xalq so‘zi» yozmoqda. 

Qur’oni Karimning bugun sotuvga chiqarilgan nusxasi avvalgilaridan bir qator jihatlari bilan farq qiladi. Gap shundaki, o‘tgan yili G‘avsoniy noshirlik uyi hamda «Hilol-nashr» matbaa-nashriyot majmuasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Mazkur shartnomaga muvofiq, G‘avsoniy noshirlik uyi «Hilol-nashr» nashriyotiga Mushafi sharifni O‘zbekistonda chop etish huquqini berdi. Shartnomaning yana bir muhim jihati shundan iboratki, unga ko‘ra «Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti yangi Mushafni Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiyaga tarqatish huquqini ham qo‘lga kiritgan.

Yangi Mushaf nusxasining o‘ziga xos jihatlari shundaki, uning xati butun dunyo musulmon xalqlari o‘rgangan qadimiy Madina Mushafi nusxasiga, sahifa va qatorlariga to‘liq mos keladi. «Hilol-nashr» nashriyoti ham mazkur nusxa asosida o‘zining maxsus nusxasini tayyorladi. Yozuvlar G‘avsoniy noshirlik uyidan olingan nusxaga to‘liq mos bo‘lgan holda oyat raqamlarining gardishlari hamda har bir sahifaning atrofidagi naqsh va boshqa bezaklar o‘zbek milliy naqshlari bilan almashtirildi. Mushafning dastlabki nusxasi tayyor bo‘lgach, G‘avsoniy noshirlik uyi tomonidan yangi nusxaning badiiy saviyasini, naqshlarini o‘rganib chiqildi va yuqori baholandi. Shundan so‘ng, yangi Mushaf nusxasi bir yarim oy davomida maxsus nazorat guruhi tomonidan sinchiklab, harfma-harf, so‘zma-so‘z tekshirib chiqildi. Tekshiruvda hech qanday sahv-xatolar yo‘qligi tasdiqlangach, «Hilol-nashr» matbaasiga ushbu yangi nusxani chop etishga ruxsat berildi.

Nashriyot do‘konlari, shuningdek, hududlardagi hamkor kitob do‘konlariga ham belgilangan yagona narx – 32 ming so‘mdan sotish sharti bilan tarqatilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring