Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saflan! Tekislan! Olg‘a bos!

Saflan! Tekislan! Olg‘a bos!

Bilagingiz baquvvat, ko‘zingiz o‘tkir bo‘lsin!

Foto: O‘zA

Armiya nima o‘zi?

Bor-yo‘g‘i chorak asr muqaddam Armiya degani qanaqa edi? O‘zbek farzandlari harbiy xizmatni qayerda o‘tar edi-yu, nima uchun ko‘ksini o‘qqa tutar edi?

Mustaqillik farzandlarining baxti shunda-ki, ular hur Vatanda tug‘ilib, tinch davlatda, osuda mamlakatda voyaga yetdilar. Mustaqil bo‘lgan kunlarimizda tug‘ilgan bolalar ham yigirma oltiga kirdilar. Voyaga yetgan bolalar Mustaqil Vatanda harbiy xizmatni ham o‘tadilar.

Mustaqillik farzandlari biz, kattalar ko‘rgan Armiyani ko‘rmadi, Xudoga shukur!

Armiya deganiga kuzatish bir ma’raka, askarni kutib olish bir marosim bo‘lardi. Armiyadan kelgan askarning oyog‘i ostiga qo‘y so‘yilardi. Olib kelgan taksi haydovchisi ham bir qo‘ylik bo‘lardi, askar kelganini birinchi aytgan odamga berilgan suyunchi ham bir qo‘y bo‘lardi.

Nega? Chunki sobiq Sho‘ro zamonida bolang Armiyadan tirik kelganinining o‘zi katta baxt bo‘lsa, bolang qaytganining xabari dunyodagi eng quvonchli xushxabar bo‘lardi.

Sho‘ro zamonida o‘zbek bolalari asosan, Rossiyaning sovuq o‘lkalariga xizmatga olinar, ular juda kamsitilar, haqiqiy jangovar qismlarga olinmas, ko‘pincha “Stroybat” deb mashhur bo‘lgan qurilish qismlarida ezilib xizmat qilardi. O‘zbekistondan borgan sanoqligina yigitlar harbiy kemalarda, raketa qismlarida, tankchilar qismlarida xizmat qilishar, harbiy desantchilikni orzu qilgan o‘zbek yigitlari bu qismlarga yaqin yo‘latilmasdi.

Avvaliga uch yil bo‘lgan harbiy xizmat keyinchalik ikki yillik bo‘lgan edi. Yiliga ikki marta armiyaga chaqirilar edi. Ikki yil davomida bir qismda to‘rt marta tarkib almashishi natijasida harbiy qismlarda “Dedovshina” degan yaramas illat shu qadar tomir otib ketgan edi-ki, buni, ya’ni yangi kelganlar “molodoy” bo‘lishi, oldingilar “ded” bo‘lishini zobitlar ham yaxshi bilishar, qismlardagi ichki intizomni zobitlar emas, aslida o‘sha, eski “ded”lar boshqarar edi. Zobitlarga ham bu ma’qul edi va “ded”lardan barakali foydalanishar edi.

“Ded”likdan tashqari ayrim hududlarda ayrim millatlarning hukmronligi “o‘rnatilgan” bo‘lardi. Bir qismni chechenlar “qo‘lga olgan” bo‘lsa, boshqasini armanlar, birini ozarboyjonlar “egallagan” bo‘lsa, yana birini gruzinlar “boshqarardi”. Tabiiyki, hammasida ruslar nufuzga ega bo‘lardi, chunki, markaziy boshqarish Moskvadan, ruslar tarafidan bo‘lardi.

“Ded”larning tahqirlashidan bezor bo‘lgan, borganidan kelganigacha hojatxonalarni tish cho‘tkasi bilan yuvgan o‘zbek bolalarining ayrimlari kamsitishga chiday olmay, o‘sha “ded”larni yoki uni tahqirlagan, ba’zan oriyatiga tegadigan ishni qilgan ayrim boshqa millatga mansub zo‘ravonlarni otib ham qo‘yar, uzoq muddatga qamalib ham ketar edi. Ayrimlari o‘z joniga qasd qilardi.

O‘zbek bolalarini kamsitish, azob berish shu darajaga yetgan edi-ki, saksoninchi yillarning oxirida har kuni samolyotlarda, poyezdlarda o‘nlab o‘zbek bolalarning jasadlari solingan temir tobutlar kelardi. Bolasidan ayrilgan onalarning faryodiga chidab bo‘lmasdi. Otalar O‘zbekiston Oliy Sovetiga, Respublikaning birinchi rahbariga uchrashib, bolalarini topib berishini so‘rashar, “Farzandlarimiz o‘zimizning O‘zbekistonimizda xizmat qilsin!” deb yolvorishardi. Afsuski, O‘zbekistonda ruslar, beloruslar, ukrainlar, latishlar, estonlar, ... xizmat qilishardi.

O‘sha yillari Karim Bahriyevning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida chiqqan bir betlik “Oy borib, omon qaytmagan bolam” nomli maqolasi momaqaldiroqdek gumburlagan edi...

Vatan buyurdi – ketdik!

Shunday bo‘ldi, biz o‘sha buyruqni Vatan buyurdi, dedik va Afg‘onistonga ketdik! Necha-necha minglab o‘zbek o‘g‘lonlari Afg‘on tuprog‘ida qolib ketdi. Nechalab mingi mayib-majruh bo‘lib qaytib keldi. Tani sog‘larining ham ongi, ruhi majruh bo‘ldi.

Bugun Afg‘on urushi bemaqsad urush deb baholanmoqda, Sovet davlati rahbarlarining ahmoqona buyrug‘i bilan bo‘lgan telbalik deb atalmoqda. Ammo bu urush o‘n yil davom etdi. Bu urush chetlab o‘tmagan xonadon O‘zbekistonda kam qoldi. Men shunday ukalarimni bilaman-ki, ular ota-onasining yolg‘iz farzandlari, ko‘zlarining oqu-qorasi edilar. Afsuski, ularning ota-onalari o‘sha yolg‘iz farzandlarining jasadini ham ko‘rmadilar. Ko‘p yigitlarning temir tobutini zobitlar olib kelib, tobutini ochirmasdan ko‘mdirdilar. Tobutlarning esa, hammasining ham ichida jasad bo‘lmasdi...

Afg‘onda minalardan, bombalardan portlab ketganlar ko‘p edi. Jang payti yo‘qolib qolgan askarlar ko‘p edi. Asirlikka tushib qolganlar ko‘p edi. Uyidagilar janozasini o‘qib yuborib, olti-yetti yildan keyin asirlikdan qutulib, uylariga kirib kelganlar ham bo‘ldi.

Bugun Sovet davlati rahbarlarining ahmoqona buyruqlari bilan Chexoslovakiyadagi, Polshadagi, Efiopiya, hatto Kubadagi harbiy mojarolarda boshqalar qatori o‘zbek o‘g‘lonlari qatnashgani, ko‘plari halok bo‘lgani gapirilmaydi ham, buni o‘sha janglarda qatnashgan askarlardan boshqa odamlar bilishmaydi ham.

Ana shunaqa edi Mustaqillikdan oldingi Armiya!

Mustaqil yurt armiyasi

Kechayu-kunduz tinmasdan shukrona aytsak ham oz-ki, ona O‘zbekistonimiz Mustaqil bo‘ldi. Mustaqillik bizga bergan behisob ne’matlardan biri shuki, prezidentning 1992 yil 14 yanvarda qabul qilgan qaroriga muvofiq, mamlakatimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga o‘tkazildi. O‘sha kundan e’tiboran milliy armiyamizga asos solindi. Ana shu tarixiy kun – 14 yanvar mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni bo‘lib qoldi.

O‘zbek o‘g‘lonlari endi ona O‘zbekistonimizda harbiy xizmatni o‘taydigan, o‘z Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlaydigan bo‘lishdi.

Milliy armiyamiz tuzilgan ilk kunlardanoq sobiq ittifoq davridagi boshqaruv usullaridan voz kechib, harbiy qismlarda pok muhit shakllantirishga harakat qilindi. Eng avval qismlarni o‘zimizning milliy zobitlar bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratildi. Harbiy xizmatga eng munosib o‘g‘lonlarni jalb qilish maqsadida harbiy xizmatga tanlov asosida chaqirish yo‘lga qo‘yildi. Zobitlarga, askarlarga shunday sharoitlar yaratib berildi-ki, bugun bizning armiyamiz havas qilsa arzigulik armiyaga aylandi.

Eng muhimi, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safiga bir marta chaqiriladigan bo‘ldi va birga borib, birga qaytadigan tengdoshlar orasida ahillik, hamjihatlik tuyg‘ulari shakllandi. Sovet davrida bo‘lgan “Ded”lik illati tag-tomiri bilan yo‘qotildi.

Chorak asr muqaddam nima qilib bo‘lsa ham bolasini harbiy xizmatdan olib qolish payida bo‘lgan ota-onalar o‘zlari farzandlarini chiniqtirib, bilimlarini boyitib, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari saflariga olib bormoqdalar. Bugun Vatan himoyasiga otlanish, harbiy xizmatga borish har bir o‘zbek yigiti uchun shon-sharafga aylandi. “Men harbiy bo‘laman!” deyotgan yoshlar ko‘paydi.

Bir g‘urur tuydim...

Mening o‘g‘lim ham ko‘p harakat qilib, oxirida harbiy haydovchilik o‘qishini bitirib, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida xizmat qilish sharafigi ega bo‘ldi. Men uning Harbiy Qasamyod qabul qilish marosimiga bordim. “Shagom marsh”, “Raz, dva, leviy”, “Shire shag”, “Zapevay” degan buyruqlarni eshitsam kerak, deb o‘ylagandim. Hammasi boshqacha bo‘libdi, hammasi o‘zbekona.

Zobitlarning “Saflan!” “Tekislan!” “Olg‘a bos!” degan buyruqlarini eshitib, ochig‘i, badanim jimirlab ketdi. Farzandlarimiz o‘zbekcha saf qo‘shiqlarini kuylab, yonimizdan o‘tib borishar ekan, ko‘zlarim yoshlandi.

Bu sevinch yoshlari, quvonch yoshlari edi. Axir biz bu kunlarni orzu qilar edik. Mana shunday bo‘larmikan, deb xayol qilar edik.

O‘g‘lim safning oldiga chiqib, qurolini bag‘riga mahkam bosgancha “Ona Vatanimga xizmat qilishga, uni ko‘zim qorachig‘iday asrashga qasamyod qilaman!” deganida men osmonlarda uchdim!

Ana shunda men o‘zimning Vatanimdan faxrlandim!

Ana shunda men Vatanim Qurolli Kuchlari bilan g‘ururlandim!

Ana shunda men o‘zbekona Milliy armiyamiz borligidan kerildim!

Ana shunda men bunday armiyamiz bor ekan, yurtimiz tinch bo‘ladi, osmonimiz bexavotir bo‘ladi, hayotimiz osoyishta bo‘ladi, baxtimiz tugal bo‘ladi, deya ishondim!

Tilak

Aziz Vatanimizning asl o‘g‘lonlari!

Barchangizni Vatan himoyachilari kuni muborak bo‘lsin!

Bilagingiz baquvvat, ko‘zingiz o‘tkir bo‘lsin!

Qadamingizdan o‘t chaqnasin!

Baxtimizga omon bo‘ling!

Yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin!

To‘ra Murod

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring