Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqanddagi Qur’on musobaqasidan fotoreportaj

Samarqanddagi Qur’on musobaqasidan fotoreportaj

Foto: «Xabar.uz»

Ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazrat bashorat qilgan kunlar keldi. Shahru qishloqlarimizni azon ovozlari tutdi. Kattayu kichik masjidlarga erkin borib, ibodat qilmoqda. Masjidlar qoshida Qur’on tilini o‘rgatadigan kurslar ochildi.

Bu yil O‘zbekiston tarixida ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan respublika bo‘yicha ham erkaklar, ham xotin-qizlar o‘rtasida Qur’on musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Bugun, 19-fevral kuni Samarqand shahridagi «Xoja Is’hoqi Vali» nomidagi yangidan qad ko‘targan zamonaviy masjidda Qur’on musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi hududlararo o‘tkazilgan tanlovlarning g‘oliblari ishtirok etdilar.

Qur’on musobaqasi «Samarqand bulbuli» nomini olgan Qamariddin qori Bahriyevning tilovati bilan boshlandi. Ustozlar, viloyat rahbarlari tabrigidan so‘ng Qur’on musobaqasiga avval 18 yoshdan 25 yoshgacha, so‘ngra 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan murattab qorilar, keyin shu yoshdagi mujavvid qorilar taklif qilindi.

Aytish lozimki, Qur’on musobaqasining viloyat bosqichiga yetib kelgan har bir ishtirokchi allaqachon g‘olib bo‘ldi, ular ustozlar e’tiboriga, el nazariga tushdilar. Ammo baribir musobaqa bo‘lgach, g‘oliblarni aniqlash, Respublika bosqichiga boradigan yaxshi qorilarning ichidan ham eng yaxshilarini saralab olish kerak edi. O‘zbekiston musulmonlari idorasidan tashrif buyurgan Abdulhakim qori va shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratning shogirdi Hasan Yahyo qori boshchiligidagi yetuk qorilar, olimlar sinchkovlik bilan bu ishni ado qildilar. Ularga viloyatdagi ko‘zga ko‘ringan imomlar yordamchi bo‘lishdi.

Nihoyat, g‘oliblarning nomlari e’lon qilindi.

Hifz yo‘nalishi

18-25 yosh
1. G‘aybullayev Abdujabbor
2. Temirov Hamzaxon
3. Xushvaqtov Ahmadjon

26-40 yosh
1. Hoshimxonov Avazxon
2. G‘aniyev Muhammadjon
3. Tursunov Asqar

Tilovat yo‘nalishi

18-25 yosh
1. Boboxonov Boboxon
2. Ochilov Mehrojiddin
3. Quvondiqov Ismoil

26-40 yosh
1. Hamdamov Firdavs
2. Fayziyev G‘olib
3. Bahodirov Doniyor

G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom va sovg‘alar taqdim etildi.

Qur’on musobaqasi el-yurt haqiga, mana shunday farahli kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tib ketgan ustozlar haqiga va shunday sharafli kunlarga sababchi bo‘lib turgan yurt rahbari haqiga duolar bilan yakun topdi.

Karimberdi To‘ramurod

Samarqand shahridan «Xabar.uz» uchun

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring