Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Bu yerda bir yilda uch marta hosil olish mumkin»

Shavkat Mirziyoyev: «Bu yerda bir yilda uch marta hosil olish mumkin»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahridagi Guliston mahallasida bo‘ldi. Bu haqda davlatimiz rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda.

So‘nggi yillarda bu yerda yangi uylar, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, bolalar o‘yingohlari barpo qilindi. Hovlilarda yashovchilar yerdan unumli foydalanib, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik bilan shug‘ullanadi.

Davlatimiz rahbari shu yerlik Saydulla Mirzayev xonadoniga kirib, oilaning yashash sharoitlari bilan tanishdi.

Oila boshlig‘i uzoq yillar cho‘ponlik qilgan. Turmush o‘rtog‘i Hosiyat aya bilan 6 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Xonadon obod. Tomorqadagi issiqxonada limon ko‘chatlari ekilgan.

«Surxondaryo — Xudo bergan zamin. Bu yerda qishloq xo‘jaligidan bir yilda uch marta hosil olish mumkin. Shundan foydalanib, rivojlangan davlatlardan texnologiya olib kelib, mahsulotlarga bozor topishimiz kerak. Bu ham qo‘shimcha daromad, yangi ish o‘rinlari bo‘ladi», — dedi Prezident.

Saydulla ota bugungi kunda o‘g‘li tadbirkor, kelini shifokor bo‘lib ishlayotgani, nevaralari yaxshi ta’lim olayotgani, turmushiga shukr qilishini aytdi.

«Shukronalik — eng ezgu qadriyat, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Hozir yashash uchun ham, o‘qish, ishlash uchun ham hamma sharoit bor. Eng avvalo, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik bo‘lishi kerak».

Davlatimiz rahbari Termiz shahrining Manguzar mahallasida qurilgan zamonaviy ko‘p qavatli uylarni ham ko‘zdan kechirdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi. Davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring