Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Prezidentga rahmat», degan gaplar menga yoqmaydi — Shavkat Mirziyoyev jurnalistlar bilan suhbatda bo‘ldi

«Prezidentga rahmat», degan gaplar menga yoqmaydi — Shavkat Mirziyoyev jurnalistlar bilan suhbatda bo‘ldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent viloyatida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishmoqda. Davlat rahbari tashrif davomida jurnalistlar bilan muloqotda bo‘ldi va bir qator masalalarga e’tibor qaratishni so‘radi.

Muammolar haqida

— Muammolarimizni yoritishda, bajarilayotgan ishlarni xalqqa yetkazishda matbuotning o‘rni juda katta. Siz bilan ikki kun davomida birga yuramiz, mana hozir ham Chirchiq shahridagi og‘ir joylarni borib ko‘ramiz. Muammolarni yoritish, bajarilayotgan ishlarni xalqqa yetkazib berish sizning zimmangizdagi vazifa. Toshkent viloyatida muammolar yetarli, ularni hal qilish uchun ko‘p ishlarni rejalashtirib qo‘yganmiz. Viloyat hokimi 1048 ta mahallaning dardi bilan yashashi kerak.

Toshkent viloyati bu borada eksperimental hudud bo‘ladi. Har bitta mahallaning o‘z o‘sish nuqtasi, drayveri bo‘ladi. Uni topish va tashabbus ko‘rsatib chiqish mahalla raisining ham zimmasida. Biz esa kerakli mablag‘ bilan ta’minlaymiz.

Xalq bilan hamkorlik haqida

— Shu o‘rinda xalqimizdan bir narsani so‘ragan bo‘lardim — qars ikki qo‘ldan chiqadi. Odamlarimiz yaxshi yashashga haqli. Buning uchun hokimiyat vakillari bilan teng harakat qilish kerak. Axir o‘z uyini chiroyli qilib o‘tirish bizning burchimiz emasmi? «Bo‘laveradi», deb yashaydigan vaqt o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Matbuot haqida

— Tashabbuslarimizni xalqqa yetkazadigan matbuotdir. Men avval ham aytgandim, sizning ortingizda Prezident turibdi. Muammolarni ko‘rsatishda hech narsadan qo‘rqmay, dadil harakat qiling. Islohotlarga hamohang bo‘la olmayotgan mutasaddilarni ko‘rsatib bering. Shu bilan birga aholi orasida ham targ‘ibot ishlarini olib borsangiz yaxshi bo‘lardi.

Obodonchilik haqida

— Biz ham yosh bo‘lganmiz, tong saharda turib tomorqada ishlardik, bobo-buvimizga yordam berardik. Hovlida kaftdek bo‘sh joy bo‘lmasdi.

Mana shu qishloqni obod qilish uchun uch oy yetarli bo‘ldi. Qarang, atrofga, qilsa bo‘lar ekanmi? Bo‘ladi, albatta! Eng muhimi, o‘z uyimizni o‘zimiz chiroyli qilib o‘tirishni o‘rganishimiz kerak. Tomorqadan foydalanish kerak.

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshiryapmiz. Agar siz o‘z hovlingizga ishlov berib, o‘zingiz uchun mahsulot yetishtirsangiz, bizga katta yordam bergan bo‘lardingiz. Jurnalistlar aynan shu narsani chiroyli qilib, hech kimning hamiyatiga tegmasdan tushuntirishi kerak. Xalq sizga ishonadi, suyanadi.

Elektroenergiya va ishlab chiqarish

Bu yil elektroenergiya masalasida muammolar bo‘ldi. Buni tan olamiz. Shu o‘rinda bir narsaga e’tiboringizni qaratmoqchiman, ilgari tumanlarda ishlab chiqarish korxonalari qancha bo‘lardi? Hozir qanaqa? Yigirma yil oldinni oling, ikki yil avvalgi holat va hozirgini solishtiring. Har bir viloyat, tuman va qishloqlarda ishga tushirilayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini hisoblab chiqing. Biz bu yo‘lda davom etishimiz, imkon qadar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratishni ko‘zlayapmiz.

Bitta misol keltiraman, mana biz hozir Chinoz tumanida turibmiz. Shu siz ko‘rib turgan tekstil korxonasida bir yilda 100 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Ilgari chinozlik ayollar kostyum-shim tikib, chetga sotishi mumkinligini o‘ylab ko‘rganmidingiz?

Biz ishsizlik masalasini hal qilishimiz kerak. Mana Chinozning o‘zida 6700 nafar ishsiz bor, deb ma’lumot berishdi. Ammo men bu raqamga ishonmayman, aslida ishsizlar soni 10 mingdan ortiq bo‘lishi kerak. Ularni ish bilan ta’minlashimiz kerak. Bu bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Tadbirkorlarga imtiyozlar beramiz, kreditlari muddatini surib beramiz, ish o‘rni yaratishsa bo‘lgani. Elektroenergiya masalasida ham yaxshi yangiliklar bo‘ladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Biz katta davlatga aylanamiz!

Xudoga shukr, bizda aholi o‘sish surati yuqori. Har yili 700 ming atrofida aholi soni oshishi kuzatilyapti. Hozir 35 million kishidan oshdik. Yana o‘n yildan keyin nima bo‘lishini o‘ylang — 40 milliondan oshib ketamiz. Biz katta davlatga aylanamiz!

Shunga yarasha ishlab chiqarishni tashkil etishimiz kerak. Buning uchun infratuzilmani yaxshilashda davom etamiz. Hozirda muqobil energetikani o‘stirish bo‘yicha ish olib borilyapti — Qoraqalpog‘iston, Navoiy va Zarafshonda quyosh hamda shamol elektrostansiyalari qurilyapti. Yana Sirdaryoda issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Uch yil oldin gaz va svet bo‘lmagan joylarda hozir qancha korxonalar qurilyapti. Tabiiyki energiya bo‘yicha iste’mol oshadi.

Investitsiya haqida

Investitsiya masalasida shu vaqtga qadar misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar bo‘ladi. 2021-2023 yillarda 1 700ga yaqin ishlab chiqarish korxonalari quriladi va buning uchun 11 milliard dollarlik investitsiya jalb etiladi. Metallurgiya, elektroenergiya, sanoat — ko‘p sohada ishlab chiqarish joriy etiladi. Bu raqamlarni tasavvur qilyapsizmi? Hammasi shaffof amalga oshirilishi, investitsiyani halol-pok o‘zlashtirishimiz shart.

Bir yilda 54 ming fuqaroga ipoteka krediti berishni rejalashtirganmiz. Tarixda hali bunaqasi bo‘lmagan. Yil davomida 100 mingta uy-joy qurish maqsad qilingan.

Eng katta muammomiz haqida

Bizning eng katta muammomiz — hamma amaldorlar ham quyiga tushib, xalqning ichiga kirishni uddalay olmayapti. Yurish kerak, xalqning dardini eshitish kerak. Shu masalada jurnalistlarga ham iltimosim bor — siz hamma joyda yurasiz. Mening qadamim yetmagan joyda ham siz albatta bo‘lasiz. Xalq bilan ko‘proq suhbatlashing, ularning dardini eshiting.

«Prezidentga rahmat», degan gaplar menga yoqmaydi. Bu ishlarning barchasini Prezident qilmayapti, balki xalqimiz bilan birgalikda amalga oshiryapmiz.

Biz kerakli natijaga erishamiz. Og‘ir bo‘ladi, qiyin bo‘ladi, ammo nasib qilsa natijaga erishamiz.

Zafar Qosimov, «Xabar.uz» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring