Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-iyul kuni nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish orqali qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini yaxshilash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yurtimizda 1 ming 687 ta nasos stansiyasi bor. Shundan 299 tasi eskirgan bo‘lib, ular bilan sug‘oriladigan yerlarning 80 ming gektari foydalanishdan chiqib ketgan, 607 ming gektarida suv ta’minoti yomonlashgan. Ushbu nasos stansiyalarini yangilashga jami 700 million yevro mablag‘ talab etiladi.

146 million yevro xorijiy kredit evaziga birinchi navbatda Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi jami 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda shu borada bajariladigan ishlar belgilandi.

Suv xo‘jaligi vazirligiga yil yakuniga qadar uskunalar xaridi bo‘yicha tenderlarni yakunlab, qurilishni boshlash yuzasidan topshiriq berildi.

Modernizatsiya uchun zarur bo‘lgan 86 turdagi nasosdan 15 tasi, 80 turdagi elektr dvigatelidan 20 tasi mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilmoqda. Davlatimiz rahbari uskunalar xarid qilishda bundan keng foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Loyiha doirasida 40 ming gektar yerni foydalanishga qaytarish va 315 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash maqsad qilingan. Xususan, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 3 tadan tumanda, Qashqadaryoda 5 ta, Samarqandda 6 ta va Surxondaryo viloyatida 11 ta, jami 28 ta tumanda sug‘orish imkoniyati oshadi.

Bosh vazir o‘rinbosari va viloyat hokimlariga suv ta’minoti yaxshilanadigan maydonlarda yuqori daromadli mahsulotlar ekish va shu asosda 80 ming nafar aholining doimiy bandligini ta’minlash bo‘yicha dastur qabul qilish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz loyiha bilan qamrab olinadigan yerlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etib, suv sarfini 40 foizga qisqartirish va qo‘shimcha 20 ming gektar yerni foydalanishga kiritish mumkinligini ta’kidladi.

Nasos stansiyalariga texnik xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislarning malakasini oshirish, o‘quv kurslari va amaliy seminarlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi yaqinda yangilangan “Do‘stlik” nasos stansiyasi bu borada yaxshi namuna bo‘ladi. Uning modernizatsiya qilinishi natijasida 11 ming gektar yerning suv ta’minoti yaxshilangan, ekspluatatsiya xarajatlari 300 million so‘mdan 100 million so‘mgacha kamaygan, yiliga 8 million kilovatt elektr iqtisod qilinmoqda.

Mutasaddilarga loyiha ustidan tizimli nazorat o‘rnatish, mablag‘larning natijadorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Yangilanadigan har bir nasos stansiyasini klasterlarga bog‘lab, loyihalarning boshidan oxirigacha ularning ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mutasaddi vazirlar va viloyat hokimlari bajariladigan ishlar hamda erishiladigan natijalar yuzasidan axborot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring