Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shaxsiy fikri uchun deputat iste’foga chiqmasligi kerak

Shaxsiy fikri uchun deputat iste’foga chiqmasligi kerak

Kabul Dusov.

Foto: facebook.com/kobul.dusov.9

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Xalq deputatlari kengashi deputati K.Dusovning «Feysbuk»da bildirgan ayollar va yoshlar masalasidagi shaxsiy fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Deputatning bir gapi uchun uning iste’fosini talab qilganlar ham chiqdi.

AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, Veynart ishbilarmonlik markazi tadqiqotchisi, iqtisodchi-ekspert Behzod Hoshimov ushbu holatda deputat iste’foga chiqmasligi kerak deb hisoblaydi:

— Men albatta bunga qarshiman, — deb yozadi u. — Bunga bir qator sabablarim bor, eng muhimi, bizda endi paydo bo‘layotgan demokratiyamizga bu yomon ta’sir o‘tkazadi. Qarang, normal demokratik mamlakatda har bir inson, va ayniqsa saylangan millat vakili, ixtiyoriy fikr bildirishga haqli. Qaytaraman, ixtiyoriy, hech qanday mustasno bo‘lishi mumkin emas. Deputatning fikri men uchun shaxsan ahmoqona ko‘rindi, menga juda yoqmadi, lekin bu bilan o‘sha deputat bunday gapirmasin deb, uni ishdan olinishini talab qilish ikkiyuzlamachilik bo‘ladi.

Uning aytgan gaplari qonunga zid emas, qonunchiligimizda so‘z erkinligi kafolatlanadi. Buning ustiga, deputatlar aslida xalq tomonidan saylangan vakillar, ularni fikri tufayli iste’foga chiqarish mutlaq xato va o‘ta xavfli. Masalan, hozir partiya uni ishdan olib tashlasa juda g‘alati  bo‘ladi.

To‘g‘ri, Toshkentning rusiyzabon vakillari ichidagi insonlar bu ahmoqona gapdan qattiq ta’sirlanib deputatga chora ko‘rilishini talab qilishligi qandaydir ma’noda tushunarli, lekin o‘ta xavfli narsa. Xavfliligi shundaki, agar bir inson qonuni buzmasdan fikr bildirsa, unga choralar ko‘rilishi aslida noqonuniy. Tasavvur qiling, ertaga qaysidir deputat bir gapni aytsa, va uni shu gapi yoqmaganligi uchun iste’foga chiqarishsa, juda yomon ish-ku! Axir uni saylovchisi bordir. Balki siz uni saylagan inson bilan qo‘l berib ko‘rishishga jirkanarsiz, lekin uni istalgan odamini saylash huquqidan judo qilishingizga hech qanday haqqingiz yo‘q.

So‘z erkinligi bu — siz 100 foiz qo‘shiladigan fikrni kimdir ayta olishi emas, aslo, bu siz umuman eshita olmaydigan, televizorda chiqsa ko‘ra olmaydigan inson ham ixtiyoriy fikr va mulohaza qilishga haqli deganidir. Eng achinarlisi, bunday fikr asosan bloger va jurnalistlardan chiqyapti. Tasavvur qiling, jurnalistsiz, sizning ham fikringiz kimgadir yoqmasa va sizga shuni ustidan chora ko‘rishsa? Bu deputatning holati bilan maqolasi tufayli ishidan haydalgan jurnalistning farqi yo‘q. Shunchaki kimnidir fikri sizga yaqinroq xolos.

Qonuniy nuqtai nazardan ham juda g‘alati ish bo‘ladi, chunki deputatlarni hech kim aslida ishdan ololmasligi kerak. Ya’ni deputatning ishiga hech qanday to‘siqlar qilish mumkin emas, bejizga ularga qonuniy «immunitet» berilmagan. Deputat — hukumat a’zosi emas, deputatni boshlig‘i yo‘q. Uning boshlig‘i, uning saylovchisi. Balki, Do‘sovning saylovchilariga uning gapi maqbuldir?

Xullas, biz xalq sifatida bir birimizning so‘z erkinligimizni muhofaza qilishimiz kerak, shu qatorda biz yomon ko‘rgan, biz eshitishni xohlamagan, fikrlari aslo mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan insonlarning fikrini ham muhofaza qilishimiz kerak. Men ularni eshiting demayapman, eshitmang, lekin gapira olishiga to‘sqinlik qilmang.

Deputat yoqmayaptimi? Keyingi saylovda unga qarshi agitatsiya qiling va qonuniy yo‘l bilan uni yutib chiqing. Yoki kimdir yutib chiqishiga hissa qo‘shing. Asosiysi, uning iste’fosini hukumatdan talab qilmaslik kerak. Deputatni aytgan gapi uchun ishdan olinishi erkinlikka va demokratiyaga nisbatan zarba bo‘ladi.

Oruelning «1984»ida fikr politsiyasi bor edi, yomon fikrlovchilarga qarshi chora ko‘radigan. Fikrlarga chora ko‘rilmasligi kerak, faqat noqonuniy harakatlarga chora ko‘riladi.

Oxirida, ko‘pchilik progressiv blogerlar «agar g‘arbda shunday desa, allaqachon ishdan haydalar edi» deyishyapti. Bu aslo xato. Masalan, hozir AQSh kongresida Stiv King degan irqchi deputat bor. U Respublikachi. Irqchiligi hammaga ayon, berkitmaydi ham, mana Nyu York Tayms u haqida yozgan. Respublikachilar ham uni hayday olishmaydi — axir uni xalq saylagan. Yevropani-ku gapirmasa ham bo‘ladi, aksariyat mamlakatlarda g‘irt irqchi partiyalar parlamentlarda kamida 1/10 joyni egallab olishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring