Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov: «Umidchilar nega hafsalasi pir bo‘lib davlat ishlarini tashlab ketishgan edi?»

Sherzod Shermatov: «Umidchilar nega hafsalasi pir bo‘lib davlat ishlarini tashlab ketishgan edi?»

Sherzod Shermatov.

Foto: XKP

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov «Facebook»dagi sahifasida davlat xizmatiga malakali mutaxassislarni jalb etish va ularni chet elga ketib qolishlarini (utechka mozgov) oldini olish uchun nima qilish kerak?, degan savolga izoh berdi.

«Umid» fondi bo‘yicha intervyu berishni so‘rashgan edi, intervyu sababli ushbu Fond orqali chet elda o‘qib qaytgan umidchilar bilan ishlashda yo‘l qo‘yilgan xatolarni eslashga to‘g‘ri keldi», — deydi vazir o‘rinbosari.

Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, chet elda ta’lim olgan ko‘pchilik yoshlar O‘zbekistonga qaytib kelgandan keyin turli xil sabablar tufayli davlat ishini tashlab, hatto chet elga qaytib ketib qolgan edilar. Albatta, ularning orasida chet eldagi yaxshi imkoniyatlardan mahliyo bo‘lib qolib ketganlari ham bo‘lgan, lekin aksariyati o‘qishni bitirib, yaxshi niyat bilan O‘zbekistonning rivojiga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida qaytgan.

Xo‘sh, nega ular davlat ishiga kirgandan keyin, ko‘pchiligining xafsalasi pir bo‘lib, bu ishni tashlab ketgan?

Vazir o‘rinbosari buning asosiy sabablarini sanab o‘tadi:

1) Umidchilar o‘qishni bitirib kelgach, aksariyat hollarda ularni mutaxassisligi va xohishiga qarab emas, balki komissiyaning qaroriga qarab ish joylariga taqsimlangan. Masalan, Fond bozorida derivativlarni boshqarishni o‘qib kelgan mutaxassis viloyat hokimiyatiga jo‘natilgan. Derivativlar esa hatto hozirgi kungacha Toshkentdagi Fond birjasida ham joriy etilmaganligini inobatga olsak, bu taqsimotni qanchalik xato ekanini tushunsa bo‘ladi.

2) Umidchi borgan ishxonasida oylik maosh pastligi, sharoit yo‘qligi esa oilani halol boqish uchun boshqa ishni izlashga undagan. Bundan tashqari uni mutaxassis sifatida qabul qilmasdan, balki o‘ziga xavf sifatida ko‘radigan rahbarlarga duch kelgani esa eng katta salbiy holatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Bunday holatda uning rahbari imkoni boricha bu mutaxassisga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lib, uni boshqa xodimlar orasida kamsitib, topshiriqlarni muddatida bajarilishiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmasdan «podstavka» qilish darajasigacha borgan. Shuning uchun ham, bu kabi mas’uliyatsiz, ig‘vogar va yolg‘onchi «rahbar»lar tufayli boshida juda katta niyatlar bilan O‘zbekistonga qaytib kelib, mamlakatimiz rivojiga chin dildan o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan ko‘pchilik umidchilarning umidi puchga chiqqan.

Hozirgi kunda davlat ishida faoliyat yuritib kelayotgan va yuqori lavozimlarga ko‘tarilgan umidchilarning aksariyatini omadi aynan u ishlayotgan joyida uni mutaxassis sifatida qadrlaydigan rahbarga uchragani tufaylidir. Bunday rahbarlar ularga qo‘shimcha sharoit ham yaratib bergan va imkoni boricha qo‘llab kelgan.

Prezidentimiz tomonidan bugungi kunga kelib, malakali mutaxassislarning nafaqat chet elga chiqib ketishlarini oldini olish, balki chet elda yurgan hamyurtlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha vazifa belgilangan va bu yo‘nalishda qator davlat tashkilotlari ishlayotganini inobatga olib, ular aynan ushbu xatolarni qaytarmaslik choralarini ko‘rishlari zarur.

Bu yerda yana bir muhim omilni e’tiborga olish kerak bo‘ladi. Avvalgi «umidchilar» endigina bitirib kelgan va chet davlatda bor yo‘g‘i o‘qishi davomida yashagan yoshlar bo‘lsa, bugun biz chet davlatlardan qaytishini istayotgan yurtdoshlarimiz xorijda nufuzli tashkilotlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, uzoq yillar mobaynida yaxshi shart-sharoitlarda yashab, ishlab va yana katta daromad topayotgan tayyor kadrlardir. Tabiiyki, ularga nisbatan muomala va e’tibor ham u ishlab kelgan davlatnikiga sal bo‘lsa-da mosroq bo‘lishi lozim.

Jumladan:

  1. Malakali mutaxassislarni lavozimga tayinlayotganda uning qobiliyati va tajribasidan kelib chiqib ish tutish va unga tegishli sharoit yaratish.
  2. Ishxonadagi rahbarlarining axloqiy to‘g‘riligi hamda qanchalik bu mutaxassis ushbu rahbar qo‘l ostida yaratilgan muhitga mos kelishini oldindan tahlil qilish. Axloqsiz, eskicha fikrlaydigan rahbar qo‘l ostiga zamonaviy dunyoqarashga ega mutaxassis tayinlab qo‘yilsa, aksariyat holatda u bunday degradatsiyani istamay, ishini tashlab ketishga majbur bo‘ladi.
  3. Lavozimga tayinlanganidan keyin ham ularning ushbu muhitga qanday moslashayotgani, ularning takliflari qanchalik hayotga joriy etilayotganini tizimli ravishda monitoring qilib borish. Agarda ushbu idorada uning rahbari qo‘l ostidagi yangi mutaxassislarga «qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, chet elda o‘qidi yoki ishladi degani aqlli degani emas», «ya nachalnik, ti durak» qabilida o‘zini tutadigan bo‘lsa, unday rahbarga tegishli choralar ko‘rish yoki darhol chet eldan kelgan mutaxassisni unday nosog‘lom muhitdan ajratib, jamiyatga kattaroq foydasi tegadigan joyga o‘tkazish zarur bo‘ladi.

Aks holda, Prezidentimiz tashabbusi bilan qanday mashaqqatlar bilan xorijdan taklif qilingan hamyurtlarimiz O‘zbekistonga kelganidan pushaymon bo‘lib, yana chet elga qaytib ketadigan bo‘lsa, ushbu siyosatning imidjiga juda salbiy ta’sir qilishi turgan gap. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tuzilgan «Umid» jamg‘armasidan ham umidlar katta edi, lekin joylardagi ijrochi «rahbarcha»larning mas’uliyatsizligi va ba’zi holatlarda haqiqiy zararkunandaligi tufayli, shuncha sarmoyalar evaziga shakllangan tayyor yuqori malakali kadrlar davlat xizmatini tashlab ketishlariga sabab bo‘lgan.

Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda, davlat va jamiyat boshqaruvida innovatsiyalarni joriy etish uchun eng asosiy omil aynan yuqori malakali kadrlarni jalb etish hisoblanadi. O‘zini hurmat qilgan yuqori malakali kadr esa o‘z qadrini bilgani tufayli tushunmaydigan rahbar bilan uzoq muddat birga ishlay olmaydi. Natijada ushbu kadrni tayyorlash (yoki qaytarish) uchun sarflangan qanchadan-qancha sarmoya bekorga sarf bo‘lgan bo‘ladi.

— Nima chet elda o‘qigan bo‘lsa «shoxi bormi?», nega ularga alohida e’tibor qaratish kerak ekan deyilishi ham mumkin, — deya postskriptum qoldirgan vazir o‘rinbosari. — Lekin hozirgi globallashuv davrida chet el diplomiga va ish tajribasiga ega odam istalgan davlatda yuqori maoshli yaxshi lavozimlarda ishlash imkoniyatiga ega va shuning uchun u kabi mutaxassisga alohida e’tibor qaratishga majburmiz. Yetarli malakasiz hamda faqat «xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin» yoki «ikki karra ikki siz aytgan son bo‘ladi» deb, o‘zining fikriga ega bo‘lmagan «mutaxassis»lar bilan mamlakatimiz rivoji bo‘yicha qo‘yilayotgan yuqori marralarga erishishning imkoni yo‘q.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring