Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shoshiling, aksiya tugashiga atigi uch oy qoldi!

Shoshiling, aksiya tugashiga atigi uch oy qoldi!

Aziz yurtdoshlar! Sizga respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan 2 ta muhim aksiya tugashiga oz muddat qolganini eslatib o‘tmoqchimiz.

Aksiyalardan biri — o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarni qonuniylashtirish.

Davlat idoralari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat vakolatli organlarning beparvoligi sababli, uy-joyga ega bo‘lish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lishiga qaramasdan, minglab fuqarolar ko‘p yillar davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida uy-joylarni noqonuniy barpo etishgan.

Hozirgi kunda bu masala butun respublika bo‘yicha ommaviy tus olib, uy-joy uchun zarur hujjatlarning mavjud emasligi tufayli aholi o‘rtasida boshqa ijtimoiy muammolarni kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, haqiqatdan ham yashab turgan joyida ro‘yxatdan o‘tish, mulk huquqiga ega bo‘lish va uni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligiga olib keldi.

Ularning yechimini topish maqsadida, yurtboshimiz farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori imzolangan. Unga ko‘ra, 2019-yil 1-mayga qadar fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki tegishli ruxsatsiz qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilindi.

Joriy yilning 1-fevraliga qadar 75 242 nafar yurtdoshlarimiz o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini qo‘lga kiritdi.

Biz esa eslatib o‘tamiz, aksiya 2019-yil 1-mayga qadar davom etadi. Shoshiling, bor yo‘g‘i 3 oy qoldi!

Kenglik doirasi bo‘yicha ikkinchi, ammo muhimligi yuqorida aytib o‘tganimizdan kam bo‘lmagan ijtimoiy aksiya — tug‘ilish, o‘lim, nikoh va boshqa fuqarolik holatlarini qayd etishga qaratilgan. Belgilangan muddatda qayd etilmagan hujjatlarning 90 foiziga yaqini  tug‘ilish va nikoh haqidagi guvohnomalarga to‘g‘ri keldi.

FHDYo organlarining tizimli tekshiruvi mamlakatimiz demokrafik statistikasida katta xatolar borligini ko‘rsatdi. Huquqiy savodxonligi yetarli darajada bo‘lmaganligi tufayli, odatda tuman markazlaridan chetda joylashgan aholi punktlarida, turli sabablarga ko‘ra,  ota-onalar tug‘ilgan chaqaloqlarini ro‘yxatdan  o‘tkazmagani, shuningdek, nikoh rishtalarining tegishli tartibda rasmiylashtirilmagani kuzatilmoqda.

Ammo yuridik nuqtai nazardan, mazkur hujjatlarning mavjud emasligi fuqarolarni qonuniy huquq va erkinliklaridan mahrum qiladi. Masalan, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma bo‘lmasa — umuman inson ham yo‘q deb hisoblasa bo‘ladi. Bolani bog‘chaga rasmiylashtirib bo‘lmaydi, u maktabda ta’lim ola olmaydi. Uyma-uy yurish natijasida Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYo organlari xodimlari tomonidan mamlakatimizda 9 988 nafar ana shunday bolalar aniqlandi.

Ularning 7 712 nafari hozirda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Respublikasining to‘laqonli fuqarosiga aylandi. Qolgan arizalar ko‘rib chiqish jarayonida.

Shunga o‘xshash vaziyat uzoq muddatda rasmiy nikohsiz yashab kelgan oilalar bilan ham bog‘liq. Ko‘p fuqarolarimiz xaligacha nikoh rishtalarini qonuniylashtirishning muhimligi va majburiyatlarini his etmaganliklari natijasida, bugungi kunda 10 024 ta shunday oila aniqlandi.

Uchrashuvlar va mahallalarda uyma-uy xatlov o‘tkazilganda Davlat xizmatlari markazlari xodimlari aholining huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, rasmiy nikohning huquqiy maqomini tushuntirishmoqda. Hayotiy misollarda — birga 20 yil yashab turib, o‘rtada o‘zaro farzandlar bo‘lsa-da, yuridik nuqtai nazardan bu fuqarolar bir biriga begona bo‘lishlarini, nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma bilan birgalikda, turli hayotiy holatlarda, kishida turmush o‘rtog‘ining hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq tegishli qaror qabul qilish, sud jarayonida unga qarshi guvohlik qilmaslik, shuningdek, avtomatik tarzda meros va otalikni tan olish huquqlari berilishi muntazam ravishda tushuntirilmoqda.

Keng qamrovli tadbirlar natijasida, qariyb 6 500 ga yaqin oila ushbu masalaga munosabatini o‘zgartirib, nikohni qonuniylashtirdi.

Davlat xizmatlari agentligi yurtboshimizning «Birorta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas» va «Tug‘ilganlikning qayd etilishi — bola huquqlari ro‘yobga chiqarilishining va fuqarolik bo‘lmasligining oldini olishning huquqiy asosidir» degan ezgu g‘oyalarga amal qiladi. Shu bois, agar Siz, yaqinlaringiz yoki tanishlaringiz bu kabi vaziyatga duch kelsangiz, Agentlikning 1148 ishonch telefoniga murojaat etishingizni iltimos qilamiz.

Fuqarolik holatlari dalolatnomalari o‘z vaqtida qayd etilmaganligini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan inventarizatsiya 2019-yil 1-iyulga qadar davom etadi.

Davlat xizmatlari agentligi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring