Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Abdurahmonovdan kashfiyot yoki shaffoflikning «g‘irt anjancha» usuli

Shuhrat Abdurahmonovdan kashfiyot yoki shaffoflikning «g‘irt anjancha» usuli

Foto: «Xabar.uz»

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov rahbarlar bilan ishlashning o‘ziga xos usulini kashf etibdi go‘yo... Ya’nikim, har dushanba kuni o‘tkaziladigan «hokimlik soati» yakunida katta-kichik rahbarlar ko‘krak nishoni bilan siylanadi. Bunday siylov yaxshi ishlagan rahbarga ham, yomon ishlagan rahbarga ham birday nasib etishi mumkin. Farqi shundaki, yaxshi ishlagani ko‘k rangli «Mas’uliyatli rahbar» nishoniga, yomon ishlagani qizil rangli «Mas’uliyatsiz rahbar» nishoniga munosib ko‘riladi.

Foto: «auz.uz»

Bu hali hammasi emas. Nishondorlar majlisdan chiqishi bilan mahalliy jurnalistlarga ro‘para qilinadi va... U yog‘ini tasavvur qilayotgan bo‘lsangiz kerak.

Mahalliy «auz.uz» sayti birovning yetti uxlab tushiga kirmaydigan bu «kashfiyot»ni viloyat rahbarining «...oshkoralik, shaffoflik masalasida yana bir xalqchil tashabbusi» sifatida talqin qiladi. «...Oshkoralikmi? Oshkoralik! Hokimiyatning birdan bir manbaasi xalq bo‘lgandan keyin uning oldida hisobdorlikni shunday usulda ham qo‘llash mumkin», deya ta’kid etgan sayt ko‘k rangli nishonga munosib ko‘rilgan mahalliy rahbarning mamnun, qizil rangli nishon nasib etganining mahzun suratlarini o‘z xabariga ilova qiladi. Yana ta’kid etiladiki, uch hafta davomida qatorasiga qizil nishonga loyiq ko‘rilgan rahbar masalasi alohida ko‘rib chiqilar ekan.

Foto: «auz.uz»

Qo‘l ostidagilarga nisbatan talabchan bo‘lish, faoliyatda shaffoflikka intilish yaxshi, albatta. Biroq talabchanlik, shaffoflikka intilishning boshqa usullari ham ko‘p. Illo, bu — kurak tugul, tuvakda turmaydigan shaklda amalga oshirilmaydi. Hokimning «kashfiyoti» inson sha’ni, qadr-qimmatini toptashdan boshqa narsa emas! Bunday g‘oya Shuhrat Abdurahmonovning xayoliga qanday va qaysi payt kelgan... balki birorta aqli g‘ovlaganning taklifidir. Nima bo‘lgan taqdirdayam inson sha’ni har qanday holatda hurmat qilinishi shart!

Nahot, necha yillik rahbar va senator inson huquqlarining alifbosi bo‘lgan shu tamoyilni bilmasa?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring