Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Fayziyev: «Butun dunyoga sharmanda bo‘lmoqchi emasmiz»

Shuhrat Fayziyev: «Butun dunyoga sharmanda bo‘lmoqchi emasmiz»

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

2019-yil 24-oktyabr kuni Adliya vazirligi tomonidan «Taraqqiyot strategiyasi» markazida qonun hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish maqsadida «Qonunchilikda yangiliklar» brifingi va matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, siyosiy partiyalar, OAV vakillari qatnashdi. Anjuman yaqinlashib kelayotgan saylov jarayonlarining huquqiy asoslari va tashkiliy masalalarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlandi.

Bu yilgi saylovlarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, ayniqsa, saylov kuzatuvchilari masalasiga alohida urg‘u berildi. 

Joriy yildagi saylovlarda elektron ro‘yxatni 1-noyabrgacha shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.

Bu safar ham saylov jarayonini kuzatish maqsadida chet davlatlardan mutaxassislar taklif qilinayotgani aytib o‘tildi.

Saylovchilarga yetarli shart-sharoitlarni yaratib berish, imkoniyati cheklangan shaxslarni ham saylov jarayonlariga faol tarzda jalb etish, shaffoflikni ta’minlash ustuvor masalalar ekanligi alohida ta’kidlandi.

Saylovlar haqida gapirar ekan Markaziy saylov komissiyasi o‘quv markazi direktori Shuhrat Fayziyev shunday dedi: «Biz saylov jarayonlariga qattiq tayyorlanmoqdamiz. Saylovlar yaxshi o‘tishiga jon-jahdimizni beramiz, chunki butun dunyoga sharmanda bo‘lmoqchi emasmiz».

Chet mamlakatlarda 53 ta saylov uchastkalari tashkil qilingani haqida ham ma’lumot berilib, konsullik ro‘yxatidan o‘tmagan fuqarolarimiz ham saylovlarda ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratilishi ma’lum qilindi.

Anjuman jurnalist va mutaxassislarning savol-javoblari bilan yakunlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring