Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘g‘diyona obod bo‘ladi!

So‘g‘diyona obod bo‘ladi!

Foto: «Xabar.uz»

Samarqand viloyati hokimi va tegishli soha rahbarlari ishtirokida Samarqand shahridagi tibbiyot kollejida shahardagi So‘g‘diyona massivini obod qilish rejasi haqida aholiga tushuntirish berildi.

Viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 18-martdagi qarori bilan tashkil etilgan «Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi»ga 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilganini, bu mablag‘ning salkam 80 foizi Samarqand shahrini obod qilishga sarflanishini aytdi.

− Bu mablag‘ butun viloyat farovonligini oshirish uchun ajratilgan edi, ammo o‘rganib chiqib, shunga amin bo‘ldikki, eng ko‘p muammo Samarqand shahrida ekan. Shuning uchun Prezident viloyatga ajratgan mablag‘ning asosiy qismini Samarqand shahrini obod etishga sarflashga qaror qildik, − dedi Turobjon Jo‘rayev. – Haqiqatan ham Prezident qaysi davlatga borsa, shahrimizga ko‘proq sayyohlar kelishi haqida qayg‘uradi. Mana, kecha Xitoyda o‘tgan anjumanda sayyohlar albatta borishi shart bo‘lgan o‘nta shaharning nomi e’lon qilindi, ularning ichida Samarqandimiz ham borligidan har qancha faxrlansak arziydi. Ammo insof bilan aytsak, shahar markazidagi ikkita asosiy ko‘chadan boshqa qaysi ko‘chaga sayyohlarni olib bora olamiz? Ichki ko‘chalarimizda sayyohlar kechasi yurishga qo‘rqishadi-ku? Shuning uchun eng avvalo shaharning barcha yo‘llarini kapital ta’mirlashga ahd qildik. Ishchi guruhi qattiq ishlab, shahardagi to‘rtta mikrotuman bu yilgi obodonlashtirish dasturiga kiritildi. Bular ichida siz yashaydigan So‘g‘diyona massivi ham bor.

Viloyat hokimi ajratilgan mablag‘ hisobidan So‘g‘diyona massivini to‘rt tarafdan o‘rab turgan asosiy ko‘chalarning hammasi kapital ta’mirlanib, bu massiv ko‘chalari ostidagi sovuq suv, issiq suv, oqava suvlar, gaz quvurlari batamom yangilanishini aytdi. Shuningdek, besh kilometrdan ortiq ichki yo‘llar ham ta’mirlanib, barcha ko‘chalar kechalari yoritiladigan bo‘ladi.

− Ko‘p qavatli uylarning barcha qavatlariga issiq suv, sovuq suvlarni yetkazib beradigan quvurlarni, oqava suv quvurlarini butunlay yangilaymiz, − dedi hokim. – Barcha ko‘p qavatli uylarning liftlarini ishlatamiz, 71 ta yangi, zamonaviy liftlarni o‘rnatib beramiz. 11 ta bolalar maydonchasi, 15 ta kattalar sport maydonchasi, 17 ta aholi yig‘inlari uchun ayvon, 3 ta o‘yin maydonchasi hamda avtomobillar turarjoyini qurib beramiz.

Har bir ko‘p qavatli bino alohida ko‘rinishga ega bo‘lishi, uylar ta’mirlanib, zamonaviy bo‘yoqlarda ko‘zni quvontiradigan qilib bo‘yalishi, old tomoni ham bir xil qilib boshqatdan ta’mirlanishi aytildi.

Ma’lumot uchun: So‘g‘diyona massivida 5 ta mahalla bo‘lib, 68 ta ko‘p qavatli uyda 3315 ta xonadon, 15000 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, bitta kollej, bitta shifoxona ishlab turibdi.

− 68 ta uyning barchasining tomlari, yerto‘lalari, ichki muhandislik tarmoqlari mukammal ta’mirlanadi, − dedi viloyat hokimi. – Bu uylar alohida ko‘rinish kasb etadi, har birining hovlisi, kirish yo‘laklari yoritiladi, Toshkentdagidek, kodlanadigan mustahkam metall eshiklar o‘rnatamiz, har bir uy oldida bolalar maydonchasi, sport maydonchasi, bog‘lar, kerak bo‘lsa, mahalla ma’rakalarini o‘tkazadigan markazlar qilib beramiz. Gulzorlar yaratib, muntazam sun’iy sug‘orish tizimlarini ishga tushiramiz.

Yig‘ilishda Samarqand shahridagi 28,5 km yo‘l qurilishi yoki rekonstruksiya qilinishi, to‘rtta markazlashgan issiq suv yetkazib beradigan qozonxona qurilishi, shahar obodonlashtirish boshqarmasiga 63 ta yuk ortish, ko‘cha supurish, yuvish, tekislash, daraxt ekish, ishlov berish va boshqa avtotransportlar va 40 ta o‘t o‘radigan uskunalar xarid qilinishi aytildi.

Yig‘ilish so‘ngida aholi vakillarining savollariga viloyat hokimi va mutasaddi idoralar rahbarlari javob berishdi. Xususan, ushbu satrlar muallifi So‘g‘diyona massivi aholisini ichimlik suv bilan doimiy ravishda ta’minlashni hamda massivda qurilgan, ammo 10 yildan beri rasman ochilmay turgan muhtasham masjidni ham ochib berishni obodonlashtirish dasturiga kiritib qo‘yishlarini so‘radi.

Xullas, O‘zbekiston Prezidenti ajratgan 50 million dollar mablag‘ yig‘ilishda aytilganidek shu el farovonligi yo‘lida sarflansa, kelasi yil Samarqandga, xususan, So‘g‘diyona massiviga kelsangiz, uni tanimay qolishingiz muqarrar. 

Ammo endi odamlarimiz ham, ularning ongi, hushyorligi ham boshqacha, umid qilamizki, Prezident el farovonligi uchun ajratgan mablag‘lar qayerga ishlatilayotganini qattiq nazorat qiladilar va obodonchilik ishlariga tomoshabin bo‘lib, qarab ham turmaydilar. Zero, shu vatan, shu yurt hammamizniki!

Karimberdi To‘ramurod, «Xabar.uz» muxbiri

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring