Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi meningit kasalligi tarqalgani haqidagi xabarni izohladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi meningit kasalligi tarqalgani haqidagi xabarni izohladi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

So‘nggi vaqtlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda aholi o‘rtasida meningit kasalligi keng tarqalganligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur xabarlarga rasmiy izoh berdi.

Aniqlanishicha, 21 yoshli fuqaro meningit xastaligidan vafot etgan. Sababi esa tibbiy yordamga kech murojaat etganligi bilan bog‘liq. Bu kasallik mavsumiy bo‘lib, respublikada uchrab turadi va har yili 5 tadan 10 tagacha qayd etilishi mumkin. Joriy yilning o‘tgan davrida hammasi bo‘lib, 17 nafar fuqaro ushbu kasallikda gumon qilingan. Ularning 6 nafarida laboratoriya tekshiruvi orqali kasallik tasdiqlangan. Ayni paytda o‘tkir respirator kasalliklar ya’ni, faringit, nazofaringit kabi xastaliklarga chalingan fuqarolar orasida kasallikni erta aniqlash bo‘yicha tibbiyot xodimlarining hushyorligi oshirilgan. Olib borilgan sa’y-harakatlar tufayli ushbu holat Sog‘liqni saqlash vazirligining to‘liq nazorati ostida. Eng muhimi, meningit aholi o‘rtasida keng tarqalmagan, epidemik vaziyat barqaror. Aslida ushbu xastalikning erta bahor mavsumida uchrab turishi tabiiy jarayon bo‘lib, shu kunlarda aksariyat Yevropa va bizga qo‘shni bo‘lgan davlatlarda bir necha yuzlab odamlarda ushbu kasallik qayd etilmoqda.

Meningit xastaligi kuzatilganda, birinchi navbatda, qanday choralarni ko‘rishi kerak?

– Meningitning klinik belgilari kuzatilganda, avvalo, tezkorlik bilan shifokorga murojaat qilishi zarur. Aslo o‘zicha davolanishga harakat qilmasligi, o‘tib ketar deya befarq bo‘lmasligi lozim, – deydi Sog‘liqni saqlash bosh infeksionisti, Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyev. – Shifokor profilaktika maqsadida tavsiya etgan antibakterial dori vositalarini belgilangan miqdorda va o‘z vaqtida iste’mol qilishga qat’iy rioya etishi talab qilinadi. Imkon qadar statsionar sharoitda davolanish tavsiya etiladi. Yoki bo‘lmasa, bemorni shifokor tavsiyasi bilan alohida xonaga o‘tkazish, ishga, maktabga, umuman olganda, jamoat joylariga bormasligi, jamoat transportidan foydalanmasligi kerak. Bu choralar kasallikning sog‘lom odamga yuqishining oldini olishda juda muhim. Chunki, meningit bir odamdan boshqa odamga yuqqani sari kuchayib boradi. Shu bois imkon qadar yuqish ehtimoli bo‘lgan har bir holatning oldini olishga harakat qilishimiz talab etiladi. Yana bir muhim jihat, yashash joylarning havosini muntazam almashtirish, xonani tez-tez artib-tozalash meningit kasalligining oldini olishda juda muhimdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring