Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qoraqalpog‘istonda onalar o‘limi ko‘paygan. Bir qator shifokorlarga chora ko‘rildi

Qoraqalpog‘istonda onalar o‘limi ko‘paygan. Bir qator shifokorlarga chora ko‘rildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining ba’zi tumanlarida  joriy yilning o‘tgan olti oyi yakunlariga ko‘ra, onalar o‘limi ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan muayyan darajada ko‘payganligi aniqlangan. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Yuzaga kelgan vaziyatni atroflicha o‘rganish, mavjud muammolar yechimini topish, tahlil qilish va mahalliy shifokorlarga homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash yuzasidan amaliy-uslubiy yordam berish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul xodimlari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir guruh olimlari va malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turibdi. Ular tomonidan onalar o‘limi ko‘payishi bilan bog‘liq vaziyat sinchiklab o‘rganilmoqda. Bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etilib, ularning oldini olish yuzasidan tibbiyot xodimlariga uslubiy yordam ko‘rsatilib, zamonaviy tashxis va davolash usullarini amaliyotga qo‘llash bo‘yicha bilim ko‘nikmalarini oshirishda ko‘mak berishmoqda.

Shu bilan birga, faoliyati davomida kamchilikka yo‘l qo‘ygan, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan tibbiyot xodimlariga nisbatan tegishli tartibda qonuniy choralar ko‘rildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Perinatal markazi direktori A. Abidov, direktor o‘rinbosari Z. Jumaniyazova va patologiya bo‘limi boshlig‘i M. Eshbayeva lavozimidan ozod etildi. Mazkur markazning reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i M. Nizamatdinov va 4-tug‘ruq bo‘limi boshlig‘i S. Yeshmanovaga jarima intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Ushbu markazning reanimatsiya bo‘limi shifokorlari G. Saribayeva va Z. Ablakimov, G.Tanirbergenovlar, shuningdek, navbatchi akusher-ginekologi L. Burangulova, patologiya bo‘limi akusher-ginekologi D. Yangiboyeva, 3-tug‘ruq bo‘limi akusher-ginekolog G. Ashirbekova hamda 1-tug‘ruq bo‘limi navbatchi doyasi A. Sariyevalarga esa  “xayfsan” intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari D. Bekboyeva, Nukus shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i J.Tarixov, Qo‘ng‘irot tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B. Jumaniyazov va Chimboy tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i D. Yembergenovlarga jarima jazo choralari qo‘llanildi. 

Ayni paytda poytaxtdan borgan mutaxassislar mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda onalar, bolalar, o‘smirlar, fertil yoshdagi ayollar va aholining barcha qatlamiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash, tibbiy-profilaktika, perinatal va antenatal tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring