Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Soliq, MIB, Oliy sud va Markaziy bank birlashganda…

Soliq, MIB, Oliy sud va Markaziy bank birlashganda…

Фото: «Xabar.uz»

2018-yil 26-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining tashabbusi bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Oliy sud va Markaziy bank hamkorligida sud ijro hujjatlari asosida soliq qarzini qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tadbir Prezidentimizning 2018-yil 17-apreldagi iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish, debitor-kreditorlik, shu jumladan, byudjet oldidagi qarzlarni qisqartirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan majlis bayoni asosidagi topshiriqlardan kelib chiqqan holda tashkil etilib, unda respublikamizning barcha hududlaridagi soliq boshqarmalari va majburiy ijro byurosining hududiy bo‘limlari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, hamkorlikdagi tadbirlar natijasida 1121 nafar xodim tomonidan qarzdorlarning mol-mulklari xatlovga olish uchun jalb etilib, joriy yilning I yarim yilligida 1,4 trln. so‘m soliq qarziga ega 54 657 ta obyektdan 31 751 tasida 892,4 mlrd.so‘mlik mablag‘ xatlov jarayonida undirildi hamda bu orqali o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 395,3 mlrd. so‘mga ko‘p mablag‘ undirishga erishildi.

Shu bilan birga, 5922 ta qarzdorlarning 337,7 mlrd. so‘m qiymatidagi mol-mulklari, shu jumladan, 1019 ta bino va inshoot, 1280 ta transport vositalari va 9701 ta boshqa turdagi mulklar xatlandi. Ushbu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3578 taga yoki 117,3 mlrd.so‘mga ko‘payishiga erishildi.

Videoselektor yig‘ilishida amalga oshirilayotgan ishlarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqidiy tarzda muhokama etilib, Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasining Soliq qarzini undirishni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod qilingan bo‘lsa, Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasining mas’ul rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq qarzini keskin qisqartirish maqsadida joriy yilning II yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda 1,1 trln. so‘m miqdoridagi soliq qarzlarini sud hujjatlari asosida undirish bo‘yicha tegishli ishlar bajarilishi belgilandi.

Muxtasar aytganda, soliq qarzlarining undirilishi byudjetga tushumlar miqdorining ko‘payishiga olib kelishi barobarida mamlakatimizda hududlarni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining samarali ijrosini ta’minlash hamda aholi daromadlari va turmush farovonligini yanada yaxshilash imkonini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring