Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

So‘rovimni ko‘rmadingizmi? Burchakka uloqtirilayotgan «xalq so‘rovlari»

So‘rovimni ko‘rmadingizmi? Burchakka uloqtirilayotgan «xalq so‘rovlari»

Foto: Xs.uz

Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputatlik so‘rovlariga Toshkent shahar hokimligi tomonidan bepisand munosabat bo‘layotganini bildirdi.

«Yaqinda Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimovdan palata yalpi majlisida deputat va senatorlarning so‘rovlari barcha idora va tashkilotlarda alohida ro‘yxatga olinishi bo‘yicha tizim joriy qilingani va birinchi rahbar tomonidan imzolanib, o‘z muddatida javob berilishi haqida eshitib xursand bo‘lgandim. Shaxsan Bosh vazir yig‘ilishida shunday topshiriq berilib, so‘rovlarga nazorat kuchaytirilgani ma’lum qilingan.

Biroq hukumatning yuqori bo‘g‘ini bo‘lgan Vazirlar Mahkamasida bu masalaga qarash o‘zgarsa-da, quyi bo‘g‘in – mahalliy ijro hokimiyatlarida vaziyat «eski hammom, eski tos»ligicha qolayapti. Bunga Toshkent shahar hokimiyatining befarqligi misolida yana bir bor amin bo‘lmoqdamiz.

Aslida Toshkent shahar hokimiyatining deputatlarga bepisandligiga o‘tgan davrda «arzon uy-joylar» misolida ham guvoh bo‘lgandim va boshqa deputatlardan ham ko‘p bora eshitganman. Biroq Toshkent ham O‘zbekistondagi qonunlarga amal qiladigan, respublika tarkibidagi ma’muriy sub’yekt ekanligi uchun mas’ullar sal yerga tushib, insofga kelishiga umid uzilmagandi.

Endi esa o‘sha umid ham qolmadi: shahar hokimiyatida hokimdan tortib uning mehnat jamoasigacha deputatga, uning so‘roviga panja ortidan qarashi o‘zgarmagan. Oliy vakillik organidagi deputatga shunday munosabat bo‘lgandan keyin oddiy fuqarolar ahvolini tasavvur qilavering: tuyani shamol olsa, echkini osmonda ko‘r.

Yaqinda Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 4-mavze, 1-uy, 65-manzildan «Suil» xususiy firmasi rahbari murojaat qilib, Toshkent shahar xo‘jalik sudining 12.05.2017 yildagi hal qiluv qaroriga asosan Toshkent shahar hamda Chilonzor tumani hokimliklari «snos bilan bog‘liq masalada» «Suil» xususiy firmasiga 950.650.000 zararni undirib berishi belgilanganligi, biroq hokimliklar shu kungacha pinagini ham buzmayotganini bayon qilgandi.

Sud qarorining ijrosi ta’minlanmasligi tadbirkorlik sub’yektining asossiz sarson bo‘lishi, davlat oldidagi majburiy to‘lovlar va xodimlarga ish haqi berishda muammolar paydo qilgan.

Qonunga muvofiq, sudning qonuniy kuchga kirgan qarori barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lib, respublikaning butun hududida ijro etilishi shart.

Biroq bu talab ham hokimiyatga begona ko‘rinadi. Shu bois, mazkur holat yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish va sud qarori ijrosini ta’minlash talabi bilan hurmatli hokimga shu yilning 6 avgustida so‘rov kiritilgan edi. Qonunlarga asosan deputatlik so‘roviga 10 kun ichida javob berilishi shart. Biroq bu so‘rov ham avvalgilari singari bir burchakka uloqtirilgan menimcha. So‘rov ham undagi yuzlab odamlar taqdiri ham bir tiyin, degandek. Alamli joyi shundaki, so‘rovga javob berish kerakligini, muddat buzilganini eslatib salkam uch hafta davomida qayta-qayta hokimiyatga chiqqanimda ham ahvol shu.

Nima bo‘lganda ham Prezidentimizning quyidagi talablari taskin berib, fuqarolar manfaati yo‘lida harakat qilish, kerak bo‘lsa kurashish va tortishiga undab turibdi: «deputat so‘rovi xalq so‘rovi sifatida ko‘rilishi shart», «deputatga bepisandlik — xalqqa bepisandlik».

Shu so‘zlarni eslab turib, shahar hokimiyati va boshqa hokimlik, idoralar deputat so‘rovi, talabini yerda qoldirsa ham davlat rahbarining talabini yerda qoldirmasa kerak, degan fikr yashayapti menda. Yana bilmadim...

R/S: so‘rov uchun asos bo‘lgan murojaat mualliflarini ilgari tanimaganman va shaxsiy aloqam yo‘q. Hech kimdan bepul uy, yer, joy va hokazolar berasan, bermasang ko‘rasan, deb ta’magirlik qilmaganman», — deya yozadi o‘z kanalida Rasul Kusherbayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring