Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokorlar kaltaklanishiga ularning kech qolgani sabab emas — SSV

Shifokorlar kaltaklanishiga ularning kech qolgani sabab emas — SSV

Qashqadaryoda kaltaklangan vrachlar yuzasidan «Qarshida kaltaklangan shifokorlar: marhumning «Tez yordam»ning kechikkanini ta’kidlashmoqda» nomli xabar berilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi mazkur masala yuzasidan yana bir bayonot bilan chiqdi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari bu holatni o‘rganib, vaziyat yuzasidan avval ham ma’lumot bergan edi. «Tez yordam»ning kechikkani haqidagi fikr-mulohazalar bo‘yicha yana bir karra vaziyat o‘rganilib, bu xususda quyidagilarni ma’lum qilinadi:

Dastlabki qo‘ng‘iroq xususida

Avval ma’lum qilganimizdek, joriy yilning 16-oktyabr kuni soat 08:28 da RShTYoIM Qarshi filiali tez tibbiy yordam stansiyasi Call-markaziga Qarshi shahri Depo ko‘chasi 28-uyga ...99 64 raqamidan chaqiriq bo‘lgan. Qo‘ng‘iroq qilgan kishi 1967-yilda tug‘ilgan fuqaro G.Sh. hushsiz ekanligini ma’lum qilgan.

Chaqiriqqa tez tibbiy yordam brigadasi soat 08:36da yuborilgan. Brigada a’zolari berilgan manzilga soat 08:42 da yetib kelishgan (sirena va migalka yoqilgan holda).

Ko‘rinib turibdiki, brigada mashina stansiyadan yuborilganidan xonadonga yetib borgunicha o‘tgan vaqt 6 daqiqani tashkil etadi, xolos. Avtomashina necha daqiqada yetib borganligini isbotlash uchun u yurgan yo‘ldagi chorrahalarda o‘rnatilgan videokameralar tasvirlarini kuzatish kifoya. Manzilda tez tibbiy yordam xodimlarini shaxsiyatga tegadigan haqoratli gaplar bilan kutib olishgan va ular biologik o‘lim chaqiriqdan ancha oldin qayd etilganini bildirganlaridan so‘ng ayovsiz kaltaklangan.

Tez tibbiy yordam navbatchi shifokori va feldsher o‘zlari borgan avtomashinada RShTYoIMning Qarshi filialiga olib kelingan, mutaxassislar ko‘rigi va standart tekshiruvlardan keyin neyroxirurgiya bo‘limiga davolanish uchun yotqizilgan. Ichki ishlar xodimlariga xabar berilgan.

Keyingi 3 ta qo‘ng‘iroq

Soat 08:28 dan keyin soat 08:42 gacha mazkur manzildan 103 telefoniga har xil mobil raqamlardan 3 marta qo‘pol va tahdidli muomala bilan qilingan qo‘ng‘iroqlarni dispetcherlar qabul qilishgan va manzilga allaqachon tez tibbiy yordam brigadasi yuborilganligini bildirishgan.

To‘rtinchi qo‘ng‘iroq

Shu kuni soat 09:01 da ...95 64 raqami orqali mazkur manzilga asossiz ravishda yana tez tibbiy yordam brigadasi so‘ralgan.

Bu vaqtda dispetcherlar dastlabki chaqiriqqa borgan shifokor va feldsherga chaqiriq berilgan fuqaroning qarindoshlari tomonidan tajovuz qilinganligini, chaqiriq berilgan fuqaro vafot etganligini bilishgan va ichki ishlar xodimlariga xabar berishgan.

09:01 dagi murojaat bo‘yicha soat 09:02 da o‘sha xonadonga boshqa tez tibbiy yordam brigadasini liniyadan jo‘natishgan. Brigada soat 09:08 da manzilga borgan. Ammo shifokorga marhumning yaqinlari uni shifoxonaga olib ketishganligini bildirishgan. Shu tarzda yana ovoragarchilikka yo‘l qo‘yilgan.

RShTYoIM Qarshi filialiga marhum G.Sh. qarindoshlari tomonidan shaxsiy mashinada shu kuni taxminan soat 09:05 larda olib kelingan va to‘g‘ri reanimatsiya bo‘limiga chiqarilgan. Filial reanimatsiya bo‘limi shifokorlari tomonidan to‘liq tekshiruv o‘tkazilgan va o‘lim taxminan bir soatcha avval sodir bo‘lganligi qarindoshlariga bildirilgan, ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgan, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring