Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sud — shou emas! Deputat sud onlayn yoritilishiga qarshi chiqdi

Sud — shou emas! Deputat sud onlayn yoritilishiga qarshi chiqdi

Ukraina prezidenti Zelenskiyni saylovdan chetlatish bo‘yicha sud jarayonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya

Foto: AntiKor

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Rahmonov sud jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya qilishga qarshi ekanini bildirgan.

«Sud jarayoni — shou emas! Inson taqdiri hal bo‘ladigan, uning jamiyatdagi o‘rnini bor yoki yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan murakkab hodisa», deb yozgan deputat.

Rahmonov parlament quyi palatasiga kiritilgan sud majlisini radio, televideniye va internet orqali onlayn, to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya qilishga qonuniy ruxsat berishni nazarda tutadigan qonun loyihasi haqida fikr bildirgan.

Deputat o‘z fikrini bildirar ekan, bir qator savollarni qo‘ygan:

  • Bu o‘zi qanchalik to‘g‘ri?
  • Sud jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ommaga havola qilinsa, taraflarning dardi dasturxon etilsa, sha’n, qadr-qimmat, konstitutsiyaviy huquq hisoblanmish daxlsizlik degan narsalar, qolaversa, xolislik qanday ta’minlanadi?
  • Milliy qadriyatlarimizga putur yetkazmaydimi?
  • Farzandlarimiz ruhiyatiga ziyoni qanchalik?
  • Hali bunga fursat erta emasmi?
  • Ayni masalada xorijda qanday yo‘l tutilgan?
  • Samarasi va natijasi qanchalik, oqibati salbiy emasmi?

«Xalq vakillari — deputatlarni o‘ylantirayotgan bu kabi savollar hozircha javobsiz, ochiq qolmoqda...», deb yozg‘iradi xalq vakili.

Deputatning iddaosicha, bunday tajriba biror-bir mamlakatda yo‘q. U shu orqali sudyalarning shaxsini ham xavf ostiga qo‘yishdan xavfsiragan. Natijada deputat qonun ijodkorlari va mutaxassislardan qator savollarga jo‘yali javob ololmaganini aytgan.

«Masalan, “sud majlisini taraflarning mulohazalarini inobatga olgan holda, onlayn translyasiya qilishga faqat sud majlisida raislik qilayotgan sudyaning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi”, degan norma nimani anglatadi? Rozilik deganimi yoki boshqa narsami? Hatto, jinoyatlarning toifalari ham aniq ajratilmagan. O‘ta sub’yektivlikning o‘chog‘iga aylanishi mumkin», degan xalq vakili.

Ma’lumot uchun, hozirgacha sud jarayonlarini onlayn yoritish uyoqda tursin, o‘zbek jurnalistlari bemalol qatnashishi ta’minlanmagan. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aynan shu masala vazifa qilib topshirilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring