Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sug‘urta kompaniyasining majburiyatdan bosh tortishi loqaydlikmi yoki g‘irromlik?

Sug‘urta kompaniyasining majburiyatdan bosh tortishi loqaydlikmi yoki g‘irromlik?

“Andijonnoma” gazetasining shu yil 16-may kungi sonida “Ishonch” banklararo sug‘urta kompaniyasi viloyat filiali ajabtovur bildiruv chop etildi.

Mazmuni shunday: 2020-yilning 25-fevralidan 16-martigacha viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ichidagi "budka"da sug‘urta agenti tomonidan sotilgan majburiy sug‘urta qilish polislarining olib qolingan nusxalari (naqd 66 ta) o‘g‘irlab ketilibdi. Yo‘qolgan hujjatlar nusxalari hanuz topilmabdi va kompyuter bazasiga kiritilmay qolibdi. Shu sabab kompaniya ilovada keltirilgan polislar uchun sug‘urta hodisalari bo‘yicha javobgarlikni zimmasiga olmas ekan?!

Ajab, ajab...

Yomonni o‘ylamasang, yaxshi bo‘lmaydi, degan gap bor. Ta’bir joiz bo‘lsa, avtoulov egalarining fuqaroviy javobgarligini sug‘urtalash tizimi shu naqlga hamohang – erta-bir kun yo‘l transport hodisasi ro‘y bergudek bo‘lsa,  kompaniyasi tovon to‘laydi. Shu bois har qanday avtomashina egasi yilda bir bor to‘lov qilib, polis sotib olishga majbur. Yo‘qsa, kattagina jarimasi ham bor: buni sug‘urta muddati o‘tib ketgan pallada yo‘l harakati xavfsizligi nozirining “qo‘liga tushgan” haydovchilar yaxshi bilishadi.

Xullas, yo‘qolgan 66 ta polis bilan bog‘liq yuqoridagi e’lon xususida shingil mulohaza. Ularning barchasi haydovchilar tomonidan xarid qilingan. Kompaniya to‘lovni qabul qilayotganda sug‘urta hodisalari bo‘yicha haydovchilar oldida majburiyatni zimmasiga olgan. Endi esa hujjatlarning nusxalari yo‘qolganini bahona qilib majburiyatni bajarishdan ochiq-oshkora bosh tortmoqda?!

Bu qip-qizil g‘irromlik emasmi?!

Eng kulgili va shubhali jihati, polis nusxalari IIBning yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ichidagi "budka"dan o‘g‘irlab ketilganidir! Holbuki, YHXB mas’ullari tomonidan ayni masaladagi so‘rovga “ma’zur tutgaylar, zikr etilayotgan do‘koncha idoramiz hududidan o‘n qadam narida, ularning bizga mutlaqo aloqasi yo‘q”, deb izoh berildi.

Bildiruv  o‘zi kaftdekkina-yu, qator-qator savollar tug‘diryapti deng: ichki ishlar tizimiga qarashli butun boshli boshqarmaning “burnini tagidagi” do‘konchadan hujjatlarni o‘g‘irlashga kim jur’at qiladi? Chunki “OblGAI” atrofi tunu kun nazoratdagi hudud – hamisha navbatchi xodimlar turadi. Sug‘urta qog‘ozlarining nusxalari kimga kerak? Yo‘qoldi ham deylik – bu haqda nega ichki ishlar idorasiga murojaat qilinmadi? Izsiz ketganligi aytilayotgan polislar 25 fevraldan 16 martga qadar – yigirma kun davomida sotilgan ekan, kompyuter bazasiga nega vaqtida, peshma-pesh kiritilmagan?

Kompaniya mutasaddisining masalaga aniqlik kiritishicha, agentlar polislarni dalolatnoma asosida qabul qilishadi, har bir sotilgan hujjat ustidan ma’lum foizda foyda oladi. Ajabki, ikki o‘rtada tomonlarning huquq va majburiyatlari yuzasidan hech qanday shartnoma imzolanmas ekan?! Eng qizig‘i, yuzlab hujjatlar ishonib topshirilgan agent haqida mutasaddilarda to‘liq ma’lumotning o‘zi yo‘q - hatto uning qayerda yashashidan ham bexabar, faqatgina telefon raqamini bilishlarkan, xolos. Qayd etilishicha, yo‘qolgan hujjatlar orasida nomi tilga olingan kompaniyaninggina emas, boshqa sug‘urta idoralariga taalluqli polislar ham bor emish...

Aftidan, sug‘urta kompaniyalari faoliyatida vakolatli organlar tomonidan jiddiy taftish qilinishi zarur bo‘lgan sirli-sirli “o‘yinlar” ko‘pga o‘xshayapti.

Nurillo No‘’monov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring