Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkorman deb, o‘g‘rilik qilmaydi-da, akasi?!

Tadbirkorman deb, o‘g‘rilik qilmaydi-da, akasi?!

Foto: «Nuz.uz»

Birorta tadbirkorlik sub’yekti eshigini qoqish shunchaki ish emas. Hatto Majburiy ijro byurosi xodimlariga ham! Darhol siyosiy tomondan kelishadi: «Tekshirishgami? Kechirgaysiz, bunga haqqingiz yo‘q. Prezident shaxsan e’tibor qaratib turgan paytda eshigimni qoqib kelishingiz hozirgi siyosatga zid!». Vaholanki, MIB xodimlari, qo‘lida ijro hujjat bo‘lmasa, tadbirkor tugul, oddiy fuqaroni bezovta qilmaydi.

Tabiiy gaz yoki elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar ro‘y berayotgani bor gap. Tahlillari shuni ko‘rsatyaptiki, ulardan qonuniy foydalanish masalasida og‘riqli muammolar yo‘q emas. Vaziyat esa joyiga chiqib oydilik kiritishni talab etadi.

Majburiy ijro byurosi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorlikda tabiiy gazdan foydalanishning qonuniyligi yuzasidan tungi reydlar o‘tkazayotganining boisi ham shunda.

Biroq bu jarayonda hammasi xamirdan qil sug‘urgandek kechayotgani yo‘q.

Yaqinda Quvasoy shahridagi ohak ishlab chiqarish sexiga kirildi. Qaraldiki, ahvol chatoq: tadbirkor tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan qaytadan (avval «uzib» ketilgan edi-da) ulanib olibdi. Sexda esa ishlar avjida! Hisob-kitob qilingandiki, «Hududgaz Farg‘ona» MChJ manfaatlariga salkam 62 millon so‘m zarar yetkazilibdi. O‘zbekiston tumanida joylashgan xususiy korxonaga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida ham ahvol shu: bu yerda o‘g‘rilangan tabiiy gaz pulga chaqilganda 64 million so‘mni tashkil etdi.

Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan fuqaro A. U. ga tegishli ohak sexida-ku, hech qanday ruxsatsiz va o‘zboshimchalik bilan gazdan o‘g‘rincha foydalanib kelinayotgan ekan.

Albatta, siri fosh bo‘lgan tadbirkorlar, jinoiy javobgarlikka tortilishdan ko‘ra, yetkazilgan zararlar o‘z vaqtida to‘lab, xotirjam bo‘lishni afzal ko‘rishdi. Biroq gap ular tomonidan zararlar vaqtida qoplanganida emas. Gap tadbirkorlarga berilayotgan e’tibor ayrimlar tomonidan suiiste’mol qilinayotganida! Bunaqamas-da, endi...

Qisqasi, tadbirkorlik sub’yektlari mansabdor shaxslari va xodimlarida to‘lov madaniyati, qonunlarga itoatkorlik ruhini shakllantirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring