Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tahririyat jurnalistining maoshi nimaga ham yetsin?

Tahririyat jurnalistining maoshi nimaga ham yetsin?

Foto:«Xabar.uz»

Bugungi kunda internet saytlarida turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning oylik maoshi kamligi va bu oilasini boqishga yetmayotganligi haqida aniq faktlarga tayangan holda ketma-ket maqolalar e’lon qilinmoqda.

Mana, masalan, yaqinda o‘z o‘quvchisi hamda nufuziga ega bo‘lgan saytda e’lon qilingan maqoladan bir parchani keltiramiz: «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ko‘p yillik ish stajiga ega xodimlar juda ham haqoratomuz maosh olishayapti. Masalan, 32 yillik umrini shu zavodga bag‘ishlangan, har yili paxta mavsumida Qoraqalpog‘istongacha borib, oylab oilasidan uzoqda, qiyin sharoitlarga ko‘nib paxta tergan, 4 nafar farzandi (3 qiz va 1 o‘g‘li) bor, rafiqasi uyda o‘tiradigan, boshqa daromad manbai yo‘q erkakning oylik maoshi 450 000 so‘m bo‘lsa, nazarimda, bu noinsoflik va adolatsizlik!».

Oyligi kam bo‘lsa-da, vatanparvarlik hissi bilan mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida kecha-kunduz mehnat qilayotgan turli kasb egalari qatorida ijtimoiy-siyosiy gazetalarda ishlayotgan jurnalistlarning ham alohida o‘rni bor. Bugungi kunda jurnalistlarimiz mamlakatimizda ruy berayotgan demokratik islohotlarni keng yoritish, ularning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirib berish, shu orqali fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda asosiy targ‘ibotchi vazifasini o‘tamoqda. Shu bilan birga joylarda kuzatilayotgan muammo va kamchiliklarni yoritishda, mutasaddi tashkilot va rahbarlarning mas’uliyatini kuchaytirishda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lmoqda.

Lekin bu kuch bugungi islohotlar jarayonida yetarli darajaga ko‘tarila olmayapti, ochig‘ini aytsak, ommaviy axborot vositalari xodimlarida jasorat yetishmayapti. Endi savol beraylik: jurnalist qachon o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonadi? Qachon odamlarni faol bo‘lishiga unday oladi?.. Bu savollarga javob berish ancha murakkab, ayni paytda ko‘plab omillarga bog‘liqdir.

Bir o‘ylab ko‘raylik, markaziy ommaviy axborot vositalarida tunu kun ishlayotgan hamkasblarimizning aksariyati, ayniqsa yosh muxbirlarning ko‘plab huquqlari cheklangan, kam maosh bilan, bu ham yetmagandek uy-joysiz yurgan bo‘lsa... Ko‘plab yosh hamkasblarimiz jamiyatdagi muammolarni chuqur tahlil qilish, tahliliy materiallar tayyorlash haqida emas, birinchi navbatda qanday qilib ro‘zg‘or tebratish, achchiq bo‘lsa ham aytish kerak — kun ko‘rish haqida bosh qotirmoqda.

Bir xonali uyni ijaraga olish Toshkent shahrida bir million so‘m, buning ustiga uyning ijtimoiy to‘lovlariga (gaz, elektr, issiq va sovuq suv, TV va hokazolar) ham pul topishi kerak. Endi savol: oilali, ikki yoki uchta farzandi bor yosh jurnalist bog‘cha, maktab uchun ketadigan xarajatlarni qanday to‘laydi?

Yana bir savol: jurnalist tashkilotlarga borib tadbirlarda qatnashishi, intervyu olishi uchun hech bo‘lmaganda o‘rtahol, uyalmaydigan tarzda kiyinishi va yurish-turishi uchun qayerdan mablag‘ topadi? Dangalini aytganda turli vazirlik va idoralarda yaxshigina haq olib ishlayotgan ayrim tanishlarimiz muxbirlarning nega bir ahvolda, kayfiyatsiz yurishiga hayron ham qolishadi.

Dunyoda, hatto sobiq tuzum davrida ham jurnalistlarga katta ijtimoiy ahamiyatga ega soha vakillari sifatida qaralgan. Ular har doim muhofaza qilingan, qo‘llab-quvvatlangan. Hozir katta-katta lavozimlarda ishlayotgan ustozlarimiz bir paytlar muxbir bo‘lib yurganida imtiyozli ham emas, balki tekinga uy olgan. Lekin ular nimagadir o‘zlarining muxbirlik davridagi holat bilan hozirgi holatni solishtirgilari kelmaydi. Tan olmaydi. Vaholanki, o‘sha vaqtlarda 3-4 yil ishlagan o‘rtoq muxbirlar o‘z-o‘zidan uyga navbatga qo‘yilgan. Ya’ni ular ko‘ngli xotirjam, ertangi kunidan qo‘rqmasdan ishlagan. Agar oilali bo‘lsa, ikki-uch nafar farzandi bo‘lsa, 3-4 xonali uy olishi aniq bo‘lgan.

Bugun yon-atrofimizda o‘n-o‘n besh yildan beri ishlab, yelib-yugurib ertangi hayoti nima bo‘lishini tasavvur qilolmaydigan, bolalarining kelajagini o‘ylab qo‘rquvga tushayotgan hamkasblarimiz oz emas.

Har bir tizimda, har bir sohada strategik maqsad bor. Vazirliklar, idoralar kelajakda qanday rivojlanishini tasavvur qila oladi. Lekin bizning jurnalistikada biz intilayotgan demokratiya uchun o‘ta muhim bo‘lgan soha haqida hozircha, afsuski, bunday deya olmaymiz. O‘ylashimcha bu sohani rivojlantirish uchun muayyan strategiya yoki dastur haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish vaqti allaqachon kelgan...

Toshtemir Murod

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring