Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Taklif: dabdabali to‘y qilmoqchimisiz? Marhamat!

Taklif: dabdabali to‘y qilmoqchimisiz? Marhamat!

Hashamdor va dabdabali tantanalarni yoqlovchilar ham yo‘q emas.

Foto: «kloop.kg»

Bir yil oldin yozilgan maqola

Zamonamizdan o‘rgulay, shu qadar tezkorki, bir masala yuzasidan fikr aytilsa, shu ondayoq hammaning og‘ziga tushib, muhokama bo‘lmoqda. Ayniqsa oxirgi kunlarda to‘ylarni kamchiqim qilish masalasi rosa munozaralarga sabab bo‘ldi.

Albatta, ortiqcha harajatlardan qochgan holda, milliyligimiz mos to‘ylar o‘tkazish nihoyatda muhim masala. Ijtimoiy tarmoqlardagi bu mavzu bo‘yicha munozaralarni o‘qir ekanmiz, aksariyat yurtdoshlarimiz cheklovlarni olqishlayotganini kuzatamiz. Shu bilan birga hashamdor va dabdabali tantanalarni yoqlovchilar, bunday to‘ylar hayotimizning bir bo‘lagiga aylanib qolganini, cheklovlar ortidan ko‘plab odamlar ishsiz qolishi mumkinligini ta’kidlayotganlar ham yo‘q emas.

Keling, bir taklifga quloq tuting. Bir badavlat inson hammani qoyil qoldiruvchi to‘y qilmoqchi bo‘lsa – qilaversin! Faqat shunday to‘y qilishga qodir boy-badavlat ekanmi, shu yurtda mablag‘ orttiribdimi, topganini ko‘z-ko‘z qilishni niyat qilibdimi, asl boylarga xos ish tutsin: to‘yga qancha pul ishlatsa, shuning yarmini, boringki choragini, ziqnaroq bo‘lsa o‘n foizini xayriyaga sarflasin.

Xayriya shunchaki emas – aniq, maqsadli bo‘lsin. Aytaylik, poytaxtdagi gemotalogiya shifoxonasida yuzlab go‘daklar jon talashib yotishibdi, ularga har kuni qimmatbaho dorilar zarur. Ijtimoiy tarmoqlarda soatiga yordam so‘rab qilingan murojaatlar chiqib turadi. Ularni ko‘rib har qanday insonning qalbi titraydi.

To‘ylar ortidan shunday bolalar sog‘ayib ketishi qanday baxt!

Faqat bunday amal aniq-hisob kitoblarga asoslansin, xo‘jakursinga bo‘lmasin. To‘ylarga mehribonlik uyining bolalari qiyofasidagi bolalarni olib kelib, mehmon qildirishga o‘xshab qolmasin. Xudoga shukr, bunday maskanlardagi bolalarning qorni to‘q, usti but, shundoq ham har bayramda so‘rovchisi ko‘p. To‘y qiluvchilar harajatiga ko‘ra ma’lum bir mablag‘ni aniq bir yoki bir necha bemor bolaning hojatini chiqarishga sarflashsin. Shunda ham ko‘ngildagidek to‘y qilish istagi amalga oshadi, ham o‘sha badavlat yurtdoshimiz qilgan xayriya ortidan ko‘ngli halovat topadi va eng muhimi hayot-mamot o‘rtasida turgan bir bemor bolaga najot eshigi ko‘rinadi.

Nima dedingiz?

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring