Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Taraqqiyot» respublika tanlovini o‘tkazish shartlariga o‘zgartirish kiritildi

«Taraqqiyot» respublika tanlovini o‘tkazish shartlariga o‘zgartirish kiritildi

Foto: Taraqqiyot strategiyasi markazi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-maydagi «Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  Qarori bilan har 3 yilda bir marotaba istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha «Taraqqiyot» respublika tanlovini o‘tkazish belgilangan.

Tanlovni o‘tkazishdan maqsad – istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini ta’minlash, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashishdan iboratdir.

Ushbu tanlovda tayanch oliy ma’lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yil ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan (45 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.Tanlov natijalari bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyatlarning va boshqa tashkilotlarning yuqori malakali kadrlari aniqlanib, rag‘batlantiriladi.

Tanlov g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa — eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi. Bunda final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishtirokchilarning tanlovda ishtirok etish davrida ularning egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.

Tanlov g‘oliblari rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka o‘tashni o‘z ichiga oladigan «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi»ga muvofiq uch oylik kurslarda o‘qiydi. So‘ng tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.

Tanlov to‘rt bosqichda o‘tkaziladi:

tashkiliy bosqich (1-bosqich);

onlayn tanlov (2-bosqich);

1-bosqichdan o‘tish (3-bosqich);

final (4-bosqich).

2019-yil 20-fevralda «Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Qaroriga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Bundan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizda davlat hokimiyatini yanada demokratlashtirishning huquqiy asoslarini yuqori malakali boshqaruv kadrlarini tanlab olish va tayyorlash, ularning zaxirasini shakllantirish tizimini, jumladan, bu borada zamonaviy yondashuvni ishlab chiqish orqali takomillashtirishdir.

Qarorga muvofiq, quyidagi o‘zgarishlar kiritildi:

— tanlov g‘oliblari tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi va rivojlangan mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida kamida 3 oy stajirovka o‘taydi;

— final bosqichining boshqa ishtirokchilari boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi, shuningdek, ish bilan ta’minlanganidan so‘ng ular ham rivojlangan mamlakatlarda kamida 1 oy stajirovka o‘taydi.

Stajirovka o‘tagan tanlov g‘oliblari va final bosqichining ishtirokchilari zimmasiga, ularni stajirovka o‘tash uchun yuborgan tashkilot bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan muddatda ushbu tashkilotda ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

Tanlov g‘oliblarini rahbarlik lavozimiga tayinlash, g‘oliblar va final bosqichining ishtirokchilarini rivojlangan mamlakatlarga stajirovka yuborish ularni rahbar lavozimlarga tayinlash ishlarini monitoring qilish Prezident Administratsiyasining umumiy muvofiqlashtiruvi ostida amalga oshiriladi.

Ayni vaqtga qadar ushbu tanlovning 1-tashkiliy, 2-onlayn bosqichlari o‘tkazildi. Ulardan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar 3-bosqichga yo‘llanma olishdi. 3-bosqich joriy yilning 25-fevral – 2-mart kunlari bo‘lib o‘tadi. 4-final bosqichi esa, 5-martdan 1-dekabrga qadar 5 turga bo‘lingan holda bo‘lib o‘tadi va munosib kadrlar saralab olinadi.

Tanlovga oid barcha ma’lumotlar bilan ushbu havola orqali batafsil tanishish mumkin

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring