Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Termizda 2250 o‘rinli Hakim Termiziy nomidagi jome’ masjidi ochildi (foto)

Termizda 2250 o‘rinli Hakim Termiziy nomidagi jome’ masjidi ochildi (foto)

Foto: «O‘zA»

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 10-11-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz shahrida yangi masjid loyihasi bilan tanishib, tegishli topshiriqlarni bergan edi, deb xabar bermoqda O‘zA.

«Surxon ipagi» mas’uliyati cheklangan jamiyati buyurtmasiga asosan «Profgrupp» MChJ quruvchilari tomonidan barpo etilgan masjidda barcha shart-sharoit yaratilgan.

Muborak Ramozon oyida foydalanishga topshirilgan yangi jome’ masjidi Surxondaryo viloyati aholisi, ayniqsa Termizliklarga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-fevraldagi «Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 6 gektar maydonda qurilgan muazzam majmuada Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va imomlar uchun 5 ta xizmat uyi, mehmonxona, otalar choyxonasi va boshqa xizmat ko‘rsatish inshootlari qad rostladi.

Jome’ masjidida bir yo‘la 2 ming 250 dan ortiq musulmonning toat-ibodat amallarini bajarishiga mo‘ljallangan xonaqoh mavjud.

— Bu yerda erkaklar va ayollarning ibodat qilishlari uchun alohida xonaqohlar qurildi, – deydi «Profgrupp» MChJ ish boshqaruvchisi M.Abdullayev. — 70 o‘ringa mo‘ljallangan tahoratxonada ham barcha qulaylik yaratilgan. Barcha zallarga issiq pol qoplangan. Shuningdek, sovitish tizimlari o‘rnatilgan.

Foto: «O‘zA»

Milliy va zamonaviy arxitektura yechimlari asosida qurilgan masjidning ikki yonida har birining balandligi 41,5 metrlik ikkita minora, balandligi 22 metr keladigan salobatli gumbaz ham qadimiy shahar ko‘rkiga o‘zgacha chiroy ulashdi.

Bugun ushbu masjidda taroveh namozi ado etilib, xatmi Qur’on boshlanadi.

Yangi masjidning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov so‘zga chiqdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring