Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘rt sinfni jamlagan bir xonali maktab

To‘rt sinfni jamlagan bir xonali maktab

Bir sinfda 1-4 sinflarga mansub bo‘lgan 18 nafar o‘quvchiga dars o‘taman, — deydi To‘ychi aka...

Foto: «Ishonch.uz»

Chiroqchi — nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki mamlakatimizdagi katta hududga ega tuman. «Chorvador» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Og‘zikeng qishlog‘i ham keng hududni egallagan. Bepoyon dasht sarhadlarida joylashgan ushbu qishloqdagi 146-umumta’lim maktabida 306 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Biroq qishloqning xalq tilida «Yantoqsoy mahallasi» deb ataladigan chekka hududida ham maktab yoshidagi bolalar bor. Ularga bu maktab­­ga qatnab o‘qish uzoqlik qilgani uchun qishloq aholisi 2000-yilda hashar yo‘li bilan bir xonadan iborat imorat qurgan va bu yerda maktab «filiali» ish boshlagan-, deb yozadi «Ishonch.uz».

Ochig‘i, qishloq ahli bu ishga «bolalar savodsiz bo‘lib qolmasin», degan maqsadda majburlikdan qo‘l urgan. O‘tgan vaqt mobaynida omonat bino eskirib, anchayin xaroba holga kelib qoldi. Yaqinda u amal-taqal ta’mirlanib, stol-stullar bilan jihozlandi. Qishloqdagilar maktabning yangi filiali binosini qurib berish haqida mutasaddi tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsa-da, ularga tayin­­li javob berilgani yo‘q.

Hozir bu yerda bir vaqtning o‘zida bir sinfxonada to‘rtta sinf o‘quvchisiga dars o‘tiladi. Birgina fidoyi muallim To‘ychi Jumanazarov sa’y-harakati bilan qishloq bolalari savod chiqarib, o‘qish-­yozishni o‘rganmoqda.

— Bir sinfda 1-4 sinflarga mansub bo‘lgan 18 nafar o‘quvchiga dars o‘taman, — deydi To‘ychi aka. — Birinchi sinf o‘quvchilariga dars o‘tayotganimda qolgan sinf o‘quvchilari kutib turadi…
Bu jumlalarni o‘qiganlarning ayrimlari «bu gaplar o‘tgan asrga tegishli bo‘lsa kerak» degan xayolga borishi tayin. Afsuski, bunday emas. Bu Chiroqchicha zamonaviy ertak bayoni, xolos.
— Televizor orqali zamonaviy maktablarda o‘qiyotgan tengdoshlarimni ko‘rsam, havas qilaman, — deydi 2-sinf o‘quvchisi Guliston Saidova.
— Kelajakda harbiy bo‘lmoqchiman, — deydi 1-sinf o‘quvchisi Qahramon Saidov. — Buning uchun yaxshi o‘qishim, sport bilan shug‘ullanishim kerak. Biroq bunga sharoit yo‘q…
— Katta bo‘lsam, tikuvchi bo‘lishni orzu qilaman, — dedi 4-sinf o‘quvchisi Sabrina Saidova.
— Men o‘qituvchi bo‘lmoqchiman…
— Men shifokor…
O‘quvchilar biri qo‘yib, biri qaysi kasbni yoqtirishini ayta ketishdi. Ularning orzulari bir olam…
— Qishlog‘imizdagi uylar o‘ta tarqoq joylashgan, — deydi «Chorvador» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jumaniyoz Abdullayev. — Shu sababli kichik yoshli bolalarning bir kunda 4-5 kilometr uzoqlikdagi maktabga borib kelishi qiyin. Qaniydi, chekka hududda ham zamonaviy ta’lim ­maskani qurilsa…

— Ota-onalarning talabi to‘g‘ri, — deydi qishloqdagi 146-umumta’lim maktabi direktori Jobir Otamurodov. — Chekka hududda yashovchi o‘quvchi asosiy maktabdagi dars­lar boshlanishiga soat 8:00 ga piyoda yetib borishi uchun soat 7:00 da uydan chiqishi zarur. 13:30 da darslar tugasa, o‘qish­lardan charchab-horigan o‘quvchining uyiga yetib borishiga yana bir-bir yarim soat vaqt ketadi. Ya’ni, soat 14:30,15:00 da uyiga kirib boradi. Bu har qanday o‘quvchini ham toliqtiradi.

Hozircha Yantoqsoy qishloqchasida yashovchi o‘quvchilar birgina sinfda saboq chiqarayapti. Bilim olishni istaganlar esa boshqa maktabga borishi zarur. Ayni paytda o‘nlab o‘quvchilar­ uyidan uzoqda bo‘lsa-da o‘qish ilinjida sarson-sargardon bo‘lib yuribdi.
Qishloqdagilarning aytishicha, yaqinda Qashqadaryo viloyati yer-mulk davlat korxonasi Chiroqchi tumani filiali mutaxassislari bu yerga kelib, yangi maktab filiali qurilishi uchun yer maydonini o‘lchab ketishibdi. Lekin qurilish qachon boshlanishi hali ma’lum emas.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bu holni mutasaddilar, xususan, Xalq ta’limi vazirligi qanday izohlaydi? Bu qishloqda maktab filialining yangi binosi quriladimi? Yoki ahvol «eski hammom, eski tos»ligicha qolaveradimi? Chiroqchiga xos ertak qanday yakun topadi?
Bu kabi savollarga ijobiy yechim topilsa, Og‘zikeng qish­log‘idan nafaqat mohir chavandoz-u chorvadorlar, balki jamiyat uchun nafi tegadigan ko‘plab ziyoli va tadbirkor insonlar yetishib chiqadi. Bunga ishonchimiz komil. Aytgancha, ertaklar ham har doim yaxshilik bilan tugaydi…

Akmal ABDIYeV, «Ishonch» muxbiri

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring