Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent metropoliteni bir kun tekin bo‘ladi (video)

Toshkent metropoliteni bir kun tekin bo‘ladi (video)

16-22-sentyabr kunlari Toshkentda ilk bor Yevropa harakatlanish haftaligi o‘tkaziladi. Shu tariqa mamlakatimiz poytaxti ham Yevroittifoq 2002-yildan buyon tashkil etib kelayotgan yirik aksiyaga qo‘shilmoqda.

Haftalik dasturiga ko‘ra, 19-sentyabr kuni Toshkent metropoliteni yo‘lovchilarga tekin xizmat ko‘rsatadi. Metro bekatlarida musiqachilar va aktyorlar ishtirokida tomoshalar namoyish etiladi, foto va rasmlar ko‘rgazmalari tashkil etiladi.

18 sentyabr kuni BMT va YeIning yetakchi ekspertlari,  davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirokida shahar infratuzilmasi hamda yo‘llarda xavfsizlik ta’minlash mavzusida davra suhbati tashkil etiladi.

22 sentyabr esa «Avtomobilsiz harakatlanish kuni» deb e’lon qilingan. Shu kuni Toshkentning Lutfiy ko‘chasida piyoda sayr qilish mumkin bo‘ladi. «Biz bilan yur!» shiori ostida o‘tkazilayotgan haftalik Seul bog‘ida bayram dasturi bilan yakunlanadi.

Yevroittifoqning Toshkentdagi vakolatxonasi matbuot xizmati haftalikka bag‘ishlangan ushbu rolikni e’lon qildi:

Yevropa harakatlanish haftaligi (European Mobility Week) YeI tomonidan Xalqaro jamoat transporti ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etib kelinadi. Haftalikdan ko‘zlangan maqsad ham insonlar salomatligini saqlash, ham atrof-muhit tozaligini muhofaza etishdan iborat. Piyoda, velosipedda yoki jamoat transportida harakatlanishni keng targ‘ib etish orqali transport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar miqdorini kamaytirish, ekologiyani muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda energiya manbalarini tejash ko‘zda tutilgan.

Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, elchi Eduards Stipraysga ko‘ra, bu yil haftalikda dunyoning 2450 ga yaqin shahri ishtirok etmoqda.

«Ishtirokchilar safi tobora kengayib borayotgani dunyo ahli barqaror jamoat transportini rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish zaruriyatini teran anglayotganini ko‘rsatadi», – deydi elchi E.Stiprays.

Yevropa diplomati, shuningdek, shahar bo‘ylab yangi piyodalar zonalarini barpo etish va mavjudlarini obodonlashtirish, imkoniyati cheklangan kishilar ehtiyojini hisobga olgan infratuzilmani takomillashtirish zaruratiga urg‘u bergan.

An’anaga ko‘ra, Yevropa harakatlanish haftaligi doirasida faollik va kreativlik namoyish etgan shaharlar taqdirlanadi. O‘tgan yili katta shaharlar nominatsiyasida Lissabon (Portugaliya), kichik shaharlar yo‘nalishida esa Lindau (Germaniya) European Mobility Week mukofotiga loyiq deb topilgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring