Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent metropoliteni 42 yoshga to‘ldi

Toshkent metropoliteni 42 yoshga to‘ldi

Bugun Toshkent metropoliteni qurilganiga 42 yil bo‘ldi. «Lonely Planet» nashriyoti Toshkent metropolitenini dunyodagi eng chiroyli metropolitenlardan biri deb atadi. Darhaqiqat, u dunyodagi eng chiroyli metropolitenlardan biri. Shuningdek, VVS nashriyoti yaqinda maqola e’lon qilib, unda poytaxtimiz metropolitenining ko‘rkamligi va timsollarga boyligi haqida ma’lumot keltirgan.

Toshkent metrosi tarixiga to‘xtalsak
Toshkent metropolitenining birinchi tarmog‘i 9 bekatni o‘z ichiga olgan bo‘lib, (keyinchalik u Chilonzor yo‘nalishi nomini olgan) 12.2 km masofadan iborat. Ushbu tarmoq 1977 yil 6 noyabr kunidan ishga tushirilgan. 1980 yilning 18 avgustida ushbu tarmoqda yana 3 ta bekat ochilgan, yo‘nalishning umumiy uzunligi 16.8 km.dan iborat.

Toshkent metrosi tobora kengayib bormoqda. 1984 yilda uning ikkinchi tarmog‘i, 2001 yilda esa uchinchi tarmog‘i ishga tushgan. Uchinchi tarmoq qurilishi ham davom etib, unga ko‘ra, shimoliy tumanlarni janubdagi aeroport bilan birlashtirish rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda 29 ta bekatdan iborat 3 ta metro yo‘nalishining umumiy uzunligi 36.2 km.ni tashkil qiladi. Yunusobod tumanidagi ikki bekat qurilishini yakunlash bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Shuningdek, hozirgi kunda Sergeli tumaniga «yengil» yer usti metrosini qurish ishlari davom etmoqda. Kelgusida u 6 ta bekatdan iborat bo‘ladi. Yer usti Sergeli tarmog‘ini Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirish rejalashtirilgan. Yo‘lovchilar Sergelidan Buyuk ipak yo‘li bekatigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib borish imkoniga ega bo‘ladi.

Yaqinda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati 2025 yilgacha metropolitenni rivojlantirish rejasini taqdim qildi. 2025 yilgacha metroning uzunligi deyarli to‘rt barobarga ko‘payib, 157 kilometrni tashkil etadi. 74 ta yangi bekat tashkil etilib, shulardan 17 tasi boshqa bekatga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, 2019 yil 7 oktyabr kunidan boshlab Toshkent metropolitenining barcha bekatlarida Wi-Fi tarmog‘iga bepul ulanish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Metroda suratga olish ishlari nima uchun taqiqlangan?
Metropoliten muhim strategik ob’yekt deb hisoblanganligi uchun u yerda foto va video suratga olish taqiqlangan edi. Biroq, Toshkent metrosi go‘zal sayyohlik maskani ham. Shu bois, 2018 yilning yozida mamlakatimiz hukumati unga berilgan harbiy maqomni va 41 yillik taqiqni bekor qildi.

Metropoliten 9 ballik zilzilaga dosh bera oladi
Sobiq Ittifoq davrida shahar aholisi bir milliondan oshsa, unga metro qurish huquqi berilardi. U davrda qurilgan ko‘pgina bekatlardan farqli o‘laroq, Toshkent metropolitenida qurilishning chuqurlashmagan tizimi qo‘llangan bo‘lib, u Minsk metrosi tajribasidan olingan. Boshidanoq Toshkent metropoliteni inshootlari mintaqaning yuqori seysmik xavfga egaligini inobatga olgan holda qurilgan. Aytilishicha, inshoot MSK-64 shkalasi bo‘yicha 9 ballik zilzilaga dosh bera oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring