Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent viloyatida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi tekshirildi

Toshkent viloyatida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi tekshirildi

Foto: Mudofaa vazirliga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlarning birida shaxsiy tarkibning jangovar shayligi yana bir bor sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirliga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi. 

«Trevoga» signali bilan boshlangan keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, qo‘riqlanayotgan o‘ta muhim ob’yektning xavfsizligini ta’minlash borasidagi bilim va tajribasi bugungi kun talabiga qay darajada mosligi tekshirildi.

Ushbu jangovar shaylik tekshiruvida Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism shaxsiy tarkibi bilan birga Davlat xavfsizligi xizmati, Yong‘in xavfsizligi xizmati, Ichki ishlar, Favqulotda vaziyatlar va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari ishtirok etdi.

O‘quv mashg‘uloti rejasiga ko‘ra, qo‘riqlanayotgan ob’yektga uyushtirilgan «hujum» xabaridan so‘ng dastlab shaxsiy tarkib jangovar holatga keltirildi. Shundan so‘ng shartli dushmanni yakson etish va ob’yekt xavfsizligini ta’minlash borasidagi kuch tuzilmalarining birgalikdagi rejasi ishlab chiqildi.

Kolonna bo‘lib harakatlanayotgan qo‘shinga shartli dushman yo‘lning jang olib borish uchun noqulay qismida pistirmadan hujum qildi. Harbiy xizmatchilar ushbu hujumni ustalik bilan bartaraf etdi. Voqea joyiga Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari yetib kelib, vaziyatni o‘z qo‘llariga oldi. Qo‘shin esa yo‘lda davom etdi.

Keyingi manzil suv ombori. U yerda ob’yektga hujum qilgan shartli dushmanni aniqlash va uni yer tishlatish uchun shaxsiy tarkib suvda va quruqlikda jang olib bordi. Motorli qayiq va jangovar qurollarga ega shartli dushman ogohlantirishga qaramay, o‘z rejasini amalga oshirish uchun harakatni davom ettirdi. Yurt himoyachilari ham o‘z navbatida motorli qayiqlar bilan dushman yo‘lini to‘sdi.

Motorli qayiqdagi shartli terrorchilar yer tishlatilgach, ularning boshqa bir guruhi suv omborining quruqlikdagi qismidan harakatga o‘tdi. Ularning hujumi ham bartaraf etildi. Shu tariqa qo‘riqlanayotgan ob’yektga hujum uyushtirilganda uni bartaraf etish, ob’yekt xavfsizligini ta’minlash borasidagi ko‘nikmalar yana bir bor mustahkamlandi.

O‘quv mashg‘uloti doirasida shuningdek, favqulotda vaziyatlar: ko‘ngilsiz hodisalar, yong‘inni bartaraf etish borasida ham mashg‘ulotlar o‘tkazildi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring