Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda sud ikki nafar sudlanuvchini oqladi

Toshkentda sud ikki nafar sudlanuvchini oqladi

Illyustrativ surat.

Foto: «Forbes.net.ua»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi ikki nafar fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, unga nisbatan oqlov hukmini chiqardi. Bu haqda «Xabar.uz»ga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Azizxon Obidov xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, dastlabki tergov organi tomonidan Farhod Avezov hamda uch nafar farzandning onasi Dilorom Dodomatova Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan 2017-yil aprelida Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek qo‘rg‘oni 16-uyning oldida 2 ta chinor daraxtini tegishli ruxsatsiz kesib, o‘simliklar dunyosiga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazganlikda va yana 1 dona daraxtni kesishga harakat qilganlikda ayblanganlar.

Ayblovga Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi 2017-yil 20-dekabrda 2 ta chinor daraxtini noqonuniy kesish oqibatida 38 mln. 417 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazilgani, agarda yana 1 dona chinor daraxti kesilganda, 14 mln. 827 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgani haqidagi ma’lumoti asos bo‘lgan.

Sudlanuvchilar D.Dodomatova uy boshlig‘i bo‘lgani uchun F.Avezov unga murojaat qilgani, 2 ta chinor o‘sib kanalizatsiya quvurini ko‘tarib yuborgani uchun rozi bo‘lgani, evaziga olingan 500 ming so‘m pul mahallada Navro‘z bayramida halim qilish uchun ishlatilganini, hozirda afsusda ekanini bildirishgan.

Ammo, har ikkisi 16-uy 1-yo‘lagining ro‘parasidagi chinor daraxtini kesmoqchi bo‘lganlikda noqonuniy ayblashayotganligi, ushbu daraxtni hech kim kesishga harakat ham qilmagani, unda mavjud bo‘lgan iz bir necha yil avval kir yoyish maqsadida dor qilish uchun temir sim bog‘langanligi oqibatida hosil bo‘lganligini aytishdi.

Sudlanuvchilarning vajlarini tekshirish maqsadida sud ishni sayyor sud tartibida joyga chiqib atroflicha ko‘rib chiqdi.

Sudda so‘ralgan guvohlar uy oldida o‘sgan 2 ta Chinor daraxti domning kanalizatsiyasini bekitib qo‘ygani sababli kesilganiga yashovchilarning ko‘pchiligi qarshi bo‘lmagani, nariroqdagi chinor daraxtiga 20 yillar oldin kir quritish maqsadida bog‘langan sim iz qoldirganini ko‘rsatdilar.

Sud tarkibi va taraflar kesilishga harakat bo‘lgan deb hisoblanayotgan daraxt diqqat bilan ko‘zdan kechirishganda kichik enlik izni po‘stloq bilan qoplanib ketgan temir sim xosil qilgani, simning ma’lum qismi hozir ham chiqib turgani, boshqa izlar yo‘qligi aniqlandi.

Bu holat sudlanuvchilarning ushbu daraxt kesilmagani va sudlanuvchilarga tergov organi tomonidan bu ayb taxminlarga asoslangan holda e’lon qilinganini ko‘rsatdi.

Sud qonunga zid ravishda 2 ta daraxtni kesishdan oqibatida yetkazilgan moddiy zarar summasi ko‘p miqdor bo‘lmasligi sababli JK 198-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil etmaydi deb topdi va 2018 yilning 12 yanvar kuni sudlanuvchilarni aybsiz deb, oqlash hamda reabilitatsiya qilish haqida hukm chiqardi.

Biroq D.Dodometova va F.Avezovlar sodir etgan qonunbuzaliklari uchun javobgarlikdan ozod etilmaydi. Azizxon Obidovning ma’lum qilishicha, sud ularni ma’muriy javobgarlikka tortish hamda yetkazilgan moddiy zararni undirish uchun tegishli hujjatlarni Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga yubordi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmaganni tanqid qilgan, sud yoki oqlov, yoki qoralov hukmini chiqarishi kerakligi ta’kidlagan edi. O‘zAning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2017-yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilgan. O‘zbekiston Prezidenti Konstitutsiya qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida bunga munosabat bildirib, ilgari bitta oqlov hukmi chiqarish ham sudlar faoliyatida o‘ta kam uchraydigan hodisa bo‘lganini qayd etgan edi.

2017-yilning to‘liq 12 oyi mobaynida, shuningdek, 2018-yilning ortda qolgan davrida sudlar tomonidan necha nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgani haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring