Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Umumiy amaliyot shifokoriga bo‘lgan vakansiyalar to‘liq qoplanmoqda

Umumiy amaliyot shifokoriga bo‘lgan vakansiyalar to‘liq qoplanmoqda

Foto: «Sputnik»

Sog‘liqni saqlash tizimida islohotlar olib borish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlar, tumanlar va muassasalar kesimida tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganib chiqildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati «Xabar.uz»ga xabar berdi.

O‘rganish natijasida vakant o‘rinlar aniqlanib, ularni malakali kadrlar bilan to‘ldirish yuzasidan bir qator amaliy choralar ishlab chiqildi. Xususan, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini maqsadli yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda joriy yil yanvar oyida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 7-bosqich bakalavriat bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazildi va ulardan 1811 nafari umumamaliyot shifokori sifatida ishga yo‘llanma oldi. Buning natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida umumiy amaliyot shifokoriga bo‘lgan vakansiyalar to‘liq qoplandi.

Bundan tashqari, 926 nafar 2-bosqich klinik ordinatura bitiruvchilaridan 907 nafarini tor soha mutaxassisi sifatida ishga joylashtirish hisobiga tor doiradagi mutaxassislarga bo‘lgan vakansiyalar yana qisqaradi. Shuningdek, bu yil tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida bakalavriatura yo‘nalishida ta’lim olayotgan 6-bosqich talabalari ham o‘qishni yakunlab, ishga yo‘l oladi.

Yana bir yangilik — joriy yildan boshlab pensiya yoshidagi shifokorlar mehnat faoliyatini davom ettirgan taqdirda ularga oylik maosh va pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadigan bo‘ldi.

O‘tkazilayotgan ushbu amaliy sa’y-harakatlar natijasida joriy yilda umumiy amaliyot shifokorligi bo‘yicha bo‘sh o‘rinlar 82 foiz, tor mutaxassisliklar bo‘yicha esa 55 foiz qoplanishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring