Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xalifa Umar nega hovlini «snos» qilmadi?

Xalifa Umar nega hovlini «snos» qilmadi?

Foto: «Kun.uz»

Goh Qashqadaryo, goh Xorazm, goh Farg‘ona, goh Toshkent... aholini norizo qilib uylar buzilayotgani haqidagi noxush xabarlarning oxiri ko‘rinmayapti.

Murg‘ak bolakay ini buzilgan polopondek chirqillab, tup qo‘yib, palak yozgan uyini buzayotgan «yomon amakilar»ni to‘xtatishga urinayotir.

Muzofotlik tadbirkor bola-chaqasi rizqini qiyib barpo etgan do‘konini kunfayakun qilmoqchi bo‘lgan arbobni mol achchig‘ida, yo‘q, yo‘q, jon achchig‘ida yoqib yubormoqda.

Jo‘jabirdek oilalar jazirama zabtiga olgan kunlarda biyday dalada, qochqinlar chodiridan-da g‘aribroq chaylada jon saqlashga mahkum.

Yuzlab qorako‘zlar boshpanasidan ayrilgani yetmagandek, qonunda belgilangan tovon pulini ham ololmay sarson.

Nimalar bo‘lyapti o‘zi?!

Raiyat arziga quloq tutmoqni zimmasiga olgan dodxohlar nega jim?

Nega buzarmonu o‘zbilarmon hokimlarning mushugini birov pisht demayapti?

Yurtning turli muzofotlaridagi diltang vaziyatni ko‘rib, hokimto‘ralar imoratbuzarlik borasida o‘zaro garov o‘ynab, kimo‘zar poyga o‘ynayapti-yov degan sarkash xayollarga borasiz.

Bu ketishda buzish, buldozer kabi so‘zlar hokimga sinonim, ma’nodosh kalimalarga aylanmasa deng!

Yangiyo‘llik jonsarak deputatimiz aytmoqchi, mahalliy rahbarlar chindan ham xalqni rozi qilish uchun emas, «tepa»ga yaxshi ko‘rinish ilinjida jon olib jon bermoqda chog‘i...

Besaranjomlik ichida saodat asri voqeasi yodga tushadi.

Musulmonlar amiri Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz Muhammadning (s.a.v.) muborak omonatlari – Masjidi nabaviyni kengaytirmoqchi bo‘ldi. Masjid yonidagi hovli Payg‘ambarimizning (s.a.v) amakilari Abbos roziyallohu anhuga tegishli edi. Hazrati Umar Abbosdan hovlisini sotish yoki masjidga hadya qilishni so‘radi. Abbos bundan bosh tortdi.

Ikki ulug‘ zot o‘rtadagi ziddiyatni hal etmoqqa mashhur sahoba Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuni hakam qilishdi. Ubay ibn Ka’b shikoyatchi dunyoni larzaga solib turgan qudratli davlat rahbari, kimsan Umar ibn Xattob ekaniga qarab o‘tirmay adolat ila hukm chiqardi: mulk egasini rozi qilmasdan turib, hovlini olib qo‘yish mumkin emas!

Hazrati Umar qozilik qilgan sahobadan «Bu hukmingga Qur’on yoki sunnatdan dalil bormi?» deb so‘radi. Ubay ibn Ka’b Rasulullohdan (s.a.v.) eshitgan rivoyatni so‘zlab berdi.

Sulaymon alayhissalom Baytul Maqdisni bino qilganida, qaysi devorni qursa, u yiqilaveribdi. Bas, Olloh hazrati Sulaymonga «Haqdorlarni rozi qilmaguningcha bino qurma» degan mazmunda vahiy qilibdi. Xalifa Umar mazkur dalildan keyin Ubayning hukmini so‘zsiz qabul qiladi. Abbos roziyallohu anhu esa keyin baribir mardlik qilib o‘z hovlisini masjidni kengaytirishga beradi.

Hazrati Umar nega Abbos roziyallohu anhuning hovlisini shartta tortib olmadi, «snos»ga buyruq bermadi? Axir, u butun dunyo musulmonlariga xizmat qiladigan masjidni kengaytirmoqchi edi-ku! Yo‘q, adolat, birovning haqidan qo‘rqish hissi Umar roziyallohu anhuni bundan nomaqbul qadamdan saqlagan.

Na tayinli yer, na tovon puli bermay, uy, do‘kon, bozor... qisqasi, xalq mulkini buzib tashlayotgan rahbarlarimiz ushbu rivoyatdan ibrat olsa bo‘lardi...

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring