Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro “Media-xoll”: shaffoflik, xolislik va tezkorlik

Xalqaro “Media-xoll”: shaffoflik, xolislik va tezkorlik

O‘zbekiston Elektron Ommaviy axborot vositalari milliy asossiatsiyasi boshqaruv raisi Firdavs Abduholiqov tashkil etilgan “Media xoll” haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

— 14 oktyabr kuni O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assosiatsiyasining “Yangi O‘zbekiston — yangi nigoh”dasturi asosida tashkil etilgan xalqaro media-xollning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, ushbu Media-xoll 2021 yilning 24-oktyabrida mamlakatimizda bo‘ladigan muhim siyosiy voqea. O‘zbekiston prezidenti saylovini nodavlat va davlat ommaviy axborot vositalari, teleradiokanallarda, veb saytlar hamda blogerlarning ijtimoiy tarmoqlarida yoritilishi uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Media-xollni tashkil qilishdan asosiy maqsad ham aynan saylov jarayonlari haqida xalqimiz va dunyo hamjamiyatini muntazam ravishda, tezkor va xolisona xabardor etib borishdan iborat. Mamlakatimizning tarix sahifalariga muhrlanadigan ushbu siyosiy tadbirni tashkil etish uchun O‘zEOAVMA hamda “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikdagi Media-xoll tadbirlar dasturini ishlab chiqdi. Ushbu Media-xollda saylov jarayonlarini keng yoritish bilan bog‘liq tadbirlar, xususan vazirlik idoralari rahbarlari, ekspertlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy-gumanitar sohalarda amalga oshirilgan islohotlar, yurtimizdagi demokratik o‘zgarishlar bilan ijtimoiy eshituvlar, ochiq muloqotlar, davra suhbatlari tashkil qilinmoqda. Bu jarayonlar bevosita jurnalistlarimiz uchun jamiyatimizdagi yangilanish jarayonlarini yanada shaffof, tezkor va batafsil yoritishlarida asosiy omil bo‘ladi. Eng muhimi, Media-xolda mahalliy va saylovni kuzatish uchun xorijdan tashrif buyurgan xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun turli brifinglar, matbuot anjumanlarini o‘tkazish, siyosiy partiyalar, davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilish, intervyular olish, turli ko‘rsatuv va mediamahsulotlarni tayyorlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Media-xoll doirasida tashkil etiladigan 40 dan ortiq tadbirlarning mohiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning barchasi jamiyatimizdagi amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, muhim islohotlar: kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan qatlam bilan ishlash yo‘nalishida yangicha tizimni joriy etish, jamiyatimizda gender tenglikni, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida qilingan muhim qadamlarning natijalari muhokamalar markazida bo‘ladi. Bundan tashqari Turizm, sport, madaniy merosni asrash va yoshlar siyosatiga oid dasturlar ijrosi va natijasi jamoatchilik hukmiga havola qilinadi. Shuni alohida ta’kidlash zarurki dasturlarimizda besh ming nafardan ortiq iqtidorli yoshlar, ijodkor talabalar, yosh mutaxassislar ishtirok etishmoqda. O‘tkazilayotgan tadbirlar hamda dastur doirasidagi “Saylov yoshlar nigohida” deya nomlangan Yoshlar parlamenti va yosh saylovchilarning davra suhbatlari, fan, ta’lim, madaniyat va ma’naviyat masalalari bo‘yicha ekspertlar bilan muloqotlar kelajagimiz bo‘lmish yoshlarimizni davlatimizning siyosiy va ijtimoiy hayotimizda yanada faol bo‘lishga undaydi.

Bundan tashqari, Media-xoll dasturidan madaniy tadbirlarga ham keng o‘rin ajratilgan. Jumladan, har kuni milliy badiiy va hujjatli filmlarning taqdimotlari, O‘zbekiston madaniy merosini noyob yodgorliklari tadqiqotlariga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmalari, konsert dasturlari namoyishi ham bo‘lib o‘tadi.

Albatta, barchamiz yangi O‘zbekiston kelajagini hal etadigan muhim siyosiy jarayon— Prezidentlik saylovi tadbiri ko‘tarinki ruhda, yuqori saviyada o‘tishini istaymiz. Buning uchun esa, eng avvalo, yoshlarimiz kuch-g‘ayratimizni, imkoniyatlarimizni ishga solishimiz lozim. Buning uchun xalqaro Media-xollda barcha sharoitlar yaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring