Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xo‘jako‘rsinlik. Virtual qabulxonaga murojaat qilgan bemorga nosoz va yaroqsiz nogironlik aravachasi berildi

Xo‘jako‘rsinlik. Virtual qabulxonaga murojaat qilgan bemorga nosoz va yaroqsiz nogironlik aravachasi berildi

Foto: «Xabar.uz»

Shahar ichidagi  chakalak

Tahririyatga telefon orqali murojaat etgan Maxfirat Qo‘ldoshevaning xonadoniga qarab yo‘l oldik. O‘tgan yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat qilgan. Murojaat esa mart oyida Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoro shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan nosoz va yaroqsiz nogironlik aravachasi berish orqali, to‘g‘rirog‘i, xo‘jako‘rsinga qanoatlantirilgan.

Ushbu yuzasidan fuqaro yashayotgan manzil — Buxoro shahridagi «Razani» ko‘chasiga kirib bordik. Afsuski, o‘zimizni xuddi shahar ichidagi xarobayu chakalakda yurgandek his qildik.

Uy-joylar pala-partish, o‘rin-noo‘rin qurib tashlangan. Hududdagi noxush manzara nihoyatda ayanchli va kishini iztirobga soladigan darajada. Ko‘chaboshigacha o‘rlab ketgan tikanu yantoqlar haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi.

Bu yerda 6300 nafar aholi istiqomat qilar ekan. Ularga munosib shart-sharoit yaratish, shaharsozlik talabiga ko‘ra uy-joylar tiklash, hududni obdon tozalab, obod qilish fursati allaqachon yetgan.

«Ijtimoiy himoya»ga muhtoj aravacha

— 1995-yilda tug‘ilgan o‘g‘lim Doston Qo‘ldoshev birinchi guruh nogironi. Uzoq payt yelib-yugurishlarim ortidan Buxoro shahar tibbiyot birlashmaga qarashli tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘limi tomonidan nogironlik aravachasi berishdi. Biroq, undan, deyarli, foydalana olmadik. Chunki aravacha yaroqsiz va ta’mirga muhtoj edi. Qaytaga, bolamning yiqilib, jarohat olgani qoldi, xolos, — deydi farroshlik ortidan kun ko‘rayotgan Maxfirat Qo‘ldosheva.

Buxoro shahar tibbiyot birlashmaga qarashli tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘limi tomonidan shu nogironlik aravachasi berilgan.

«Bolalar bosh miya falaji, dialegik shakli, bosh miya yarim shari yonbosh ensa sohasi o‘smasi, kuchli ifodalangan spastik tetraparez, sensamator afazeya, chanoq a’zolari falaji»  tashxisi bilan Buxoro shahridagi 6-sonli poliklinika dispanseri nazoratida turib davolanayotgan bemorga berilgan aravachaning o‘zi «ijtimoiy himoya»ga muhtojligidan ko‘ksingizda og‘riq sanchadi.

— Nima bo‘lganda ham umumiy amaliyot shifokori Baxtiyorjon Murtazoyev, deyarli, har kuni xabar oladi, dori-darmonlari bilan muolaja qiladi, shunisigayam shukur, bolam dardi yengilroq bo‘lsa bas, — deydi onaizor umid bilan.

Muammo joyida bartaraf etildi

Biz birinchi guruh nogironi Doston Qo‘ldoshev uchun berilgan nogironlik aravachasi bilan bog‘liq masalani belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosariga tashabbus bilan chiqdik. Masala shu kunning o‘zidayoq bartaraf etildi.

Nihoyat, yangi nogironlik aravachasi berildi.

Xuddi shu kuni Doston Qo‘ldoshevdan tashqari, uzoq yillardan buyon xastalanib yotgan Nasrullo Shoyiqulov murojaati ham e’tibordan chetda qolmadi. Unga ham nogironlik aravachasi topshirildi.

Dastur ijro bilan kuchli

«Razani»liklarni qiynayotgan boshqa masalalar ham  mutasaddi tashkilot rahbarlari e’tiboridan chetda qolmaydi, deb o‘ylaymiz. Zero, odamlarni tinglash — shafoat ekanligini aslo unutmaylik!

Laylo Hayitova

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring