Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorazmda bank g‘aznasini talon-toroj qilgan shaxs 11 yilga qamaldi

Xorazmda bank g‘aznasini talon-toroj qilgan shaxs 11 yilga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida 1990-yilda tug‘ilgan Sherzod(ismi o‘zgartirilgan) ismli fuqaroga taalluqli ish ko‘rib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha sudlanuvchi dastlab 2020-yil 11-iyul kuni firibgarlik jinoyatini sodir etgan. Urganch shahar, «Gurlan» ko‘chasida joylashgan kafe ro‘parasida jabrlanuvchi U. Qodirov(ism-sharifi o‘zgartirilgan) bilan uchrashib, o‘g‘lini Urganch Davlat universitetining «Jismoniy madaniyat» fakultetiga davlat budjeti asosida o‘qishga 1000 AQSh dollari evaziga kiritishiga ishontirib, aytilgan pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Keyin 2020-yil 30-oktyabr kuni oldindan reja qilib yurgan bosqinchilik jinoyatini sodir etgan. U AT «Xalq banki» Xorazm filiali amaliyot bo‘limi qoshidagi «Tinchlik» bank xizmatlari markazi binosi yoniga borib, markaz boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank sohasi bo‘yicha DXX viloyat boshqarmasi mas’ul xodim deb tanishtirib, jinoiy harakatlari oshkor bo‘lib qolmasligi uchun Xorazm viloyat shevasiga xos bo‘lmagan shevada gapirib, birga ishlovchi sherigi bilan tezda DXX viloyat boshqarmasi binosi oldiga kelishini aytadi.

Ular markaz binosidan chiqib ketishganidan so‘ng, binoga mijoz sifatida kirib, g‘aznachi I. Valijonovaning(ism-sharifi o‘zgartirilgan) yolg‘iz qolganidan foydalanib, unga hujum qilib, boshini temir seyfga urib tan jarohatlari yetkazadi. Keyin bank markazidagi qiymati – 218 million 469 ming 149 so‘mlik 21 ming 088 AQSh dollari va 20 million 847 ming 565 so‘m pullarini hamda I. Valijonovaning qiymati – 2 million 200 ming so‘mlik «Samsung» rusumli telefon apparatini qo‘lga kiritib, jami 241 million 516 ming 714 so‘m pullarni bosqinchilik yo‘li bilan egallab, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida Sherzodga Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi «a» bandi, 57-moddasi, 168-moddasi 1-qismi, 28, 211-moddasi 1-qismi, 59, 61-moddalari tartibida uzil-kesil 11 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring