Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorazmda yoshlar gazetasi tugatildi

Xorazmda yoshlar gazetasi tugatildi

6-sentyabr kuni «Xorazm yoshlari» gazetasi tahririyati rasman o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

«Iqtisodiy muammolar sabab muntazam ravishda chiqmayotgani uchun «Xorazm yoshlari» gazetasi tahririyatini davlat ro‘yxatidan chiqarishingizni so‘raymiz», deyiladi muharrirning Prezident adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga bergan arizasida.

Mazkur nashr dastlab 2000 yilda «Ulug‘bek» jamg‘armasi muassisligida iqtidorli yoshlarni kashf qilish va yoshlar ommasini muhim axborotlar bilan ta’minlash maqsadida chop qilina boshlangan.

2003-yil dekabrida qayta ro‘yxatdan o‘tib, muassislik «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining Urganch Davlat universiteti boshlang‘ich tashkilotiga o‘tgan. 2012-yilga kelib, o‘z sahifasida pora bilan qo‘lga tushgan «Kamolot» YoIH Bog‘ot tuman kengashi xodimi haqida xabar berilgani bois, sobiq «Kamolot» YoIH Xorazm viloyat kengashi mutasaddisi og‘zaki ko‘rsatmasiga muvofiq UrDU boshlang‘ich tashkiloti gazetani o‘z muassisligidan chiqargan.

Ana shu davrdan buyon gazeta mustaqil ravishda faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Gazeta ijodiy jamoasi o‘tgan davr mobaynida ko‘plab davlat grantlarini olib, qator ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lgan kiritdi. Ushbu nashr o‘zining tanqidiy chiqishlari bilan e’tiborga tushdi. Mahalliy hokimliklar, sudlar, prokuratura va boshqa davlat va jamoat birlashmalari tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar qator maqolalarda ochiq-oshkora tahlil qilindi.

— Gazetaning iqtisodiy muammolarga uchrashining asosiy sababi ham ana shu tanqidiy maqolalarni ko‘p chop qilganligi bo‘lsa kerak, — deydi tahririyat xodimi Q.Otajonov. — Chunki biz ko‘plab tuman hokimlarini ayovsiz tanqid qilgan edik.

Mustaqil chop qilinib kelingan «Xorazm yoshlari» gazetasini O.Ollaberganov, P.Bobojonov va I. Sobirov kabi sobiq viloyat hokimlari har doim qo‘llab-quvvatlagan va ijodiy jamoaning erkin faoliyatiga yo‘l ochib berishgan.

— 2018 yil kuziga kelib obuna mavsumida tahririyatdan omad yuz o‘girdi, — deydi sobiq xodima G.Piriyeva. — Qayerga, kimga murojaat qilinmasin, hamkorlik qilish yoki obuna bo‘lishni istashmadi.

2017 yil 30 iyunda bo‘lib o‘tgan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev nutq so‘zlab, ayrim yoshlar nashrlarining kam nusxada chop etilayotganini tanqid qilgan edi. Prezident jumladan shunday degan edi: «...Yoshlarimiz o‘zimizning gazeta-jurnallarimizni o‘qimasa, o‘z milliy adabiyotimiz va san’atimizni bilmasa, ular qanday qilib vatanparvar bo‘ladi? Ularning ongu tafakkuri, dunyoqarashi nima hisobidan shakllanadi?

Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, katta-kichik rahbarlarning barchasi shu masala bo‘yicha shaxsan mas’ul ekanini unutishga hech qanday haqqi yo‘q».

Sh.Mirziyoyevning ushbu xitobidan so‘ng ham Xorazmda ahvol eski hammom, eski tosligicha qolib ketdi.

Tahririyat ijodiy jamoasi o‘tgan yil kuzida obunachilar sonini ko‘paytirish maqsadida turli xil aksiya va loyihalar ishlab chiqdi. Shulardan birida 108 000 so‘mlik obuna hisobiga yosh qalamkashlar asarlari jamoa to‘plamida chop qilinishi ta’kidlanadi. Afsuski, katta bir imkoniyat hisoblangan ushbu aksiya Yoshlar Ittifoqining Xorazm viloyat kengashi tomonidan amalda targ‘ib qilinmagan va qo‘llab-quvvatlanmagan. Har yili ushbu tashkilotga yuzlab yosh qalamkashlar kitob chiqarishda yordam so‘rab murojaat qilishadi. Ularga «Xorazm yoshlari» gazetasi bilan hamkorlik qilishni tavsiya qilish viloyat kengashiga juda og‘ir kelgani ko‘rinib turibdi. Viloyat kengashi esa 20 yillik faoliyatga ega gazetani saqlab qolishning hech qanday chorasini ko‘rmayotgani ajablanarli, albatta.

5 sentyabr kuni gazetaning so‘nggi «vido» soni 150 nusxada nashrdan chiqdi. Unda tahririyat o‘z faoliyatini to‘xtatayotgani, da’vo va e’tirozlar bir oy muddat ichida qabul qilinishi alohida qayd etiladi.

Erpo‘lat BAXT

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring