Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorazmdagi provokatsion miting: aslida nima bo‘lgandi?

Xorazmdagi provokatsion miting: aslida nima bo‘lgandi?

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda va bir qator saytlarda ham Xorazmda odamlarning to‘planib, namoyish o‘tkazgani, keyin ularning avtobusga tiqib olib ketilgani haqida videolar tarqalib ketgandi.

Turli taxminlarga ko‘ra, kimdir bir qator shaxslar organ xodimlari tazyiqiga uchragan desa, boshqasi bular faqat provokatsiya qilayotganini ta’kidlagan. Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi esa bu haqda rasmiy xabar berdi.

Fuqaro Mahmud Rajabov tergovdan qasddan bosh tortmoqda va o‘zining ushbu maqsadini amalga oshirishda yaqin qarindoshlarini, hatto yosh bolalarni ham jalb qilmoqda. Bugungi kunda unga nisbatan Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xorazm IIB xabariga ko‘ra, M.Rajabov tergovga bir necha marotaba chaqirilishiga qaramasdan, tergovga kelishdan bo‘yin tovlagan. 20 sentyabr kuni tergov guruhi M.Rajabov bilan tergov o‘tkazish uchun uyiga borganda, u IIB xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan, kelgusida hech qanday tergov organlariga bormasligini bildirgan.

So‘ng atrofiga yaqin qarindoshlari va oila a’zolarini to‘plab, ichki ishlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlariga to‘sqinlik qilgan va bu jarayonlarni uyali telefoni orqali videotasvirga olib, Facebook saytidagi sahifasiga joylashtirgan.

Shuningdek, M.Rajabov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali aholini davlat organlaridan norozi bo‘lishga undovchi turli vaziyatlarni yoritish bilan shug‘ullanuvchi Nafosat Ollashkurovani jalb etib, keng jamoatchilikning e’tiborini tortish, aholi o‘rtasida davlat organlariga ishonchsizlik uyg‘otish orqali o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining tugatilishiga erishish maqsadida 22-sentyabr kuni soat 16 larda oila a’zolari va yaqin qarindoshlarini to‘plab (jami 12 shaxs), Toshkent shahriga borib, IIV rahbariyati bilan uchrashishlarini aytib, Gurlan tumanidagi uyidan piyoda yo‘lga chiqqanlar.

Ular yo‘lning qatnov qismida piyoda yurib, transport vositalarining harakatiga xalaqit bergan. Shu sababli salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida, ularning yoniga Gurlan tumani hokimi va Xorazm viloyati IIB boshlig‘i shaxsan kelib, ular bilan uchrashib, bu xatti-harakatlari qonunga xilof ekanini, uylariga qaytishlarini tushuntirgan bo‘lsalar-da, ular ushbu talablarga rioya etmasliklarini bildirib, bu jarayonlarni ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borgan.

Ular bilan Urganch shahar hokimi uchrashib, namoyishlarni o‘tkazish uchun tegishli tartibda ruxsat olish kerakligini va bu namoyishlar boshqa shaxslarning kundalik turmush tarziga salbiy ta’sir etmasligi lozimligini tushuntirgan bo‘lsada, ular davlat organlarini obro‘sizlantirishga, fuqarolarning ularga ishonchini yo‘qotishga qasddan harakat qilib, shovqin-suron ko‘tarib, ommaning e’tiborini o‘zlariga qaratishga urindilar va bu jarayonlarni to‘lig‘icha ijtimoiy tarmoqlarda jonli tarzda yoritib bordilar.

M.Rajabov va unga hamrohlik qilgan oila a’zolari hamda yaqin qarindoshlarining qonunga xilof ushbu harakatlariga chek qo‘yish va huquqiy baho berish uchun ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan hududiy ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan.

Viloyat IIBning alohida ta’kidlashicha, M.Rajabovning bu taxlit noroziligini yaqin qarindoshlari va oila a’zolaridan boshqa biron-bir fuqaro qo‘llab-quvvatlamagan va unga ergashmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring